
2025-yilning iqtisodiy natijalari: Markaziy Osiyo Rossiyani ortda qoldirdimi?
O‘tgan yilda mintaqada iqtisodiy faollik keskin oshib, bir qator davlatlarda rekord darajadagi o‘sish qayd etilgan.

2025 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotlari kutilmalardan yuqori sur’atlarda o‘sdi. Ayniqsa, O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,7 foizlik real o‘sish bilan mintaqada barqaror rivojlanayotgan davlatlar qatoridan o‘rin oldi. Bu ko‘rsatkich avvalgi prognozlardan yuqori bo‘lib, ichki talab va investitsiya faolligining oshgani bilan izohlanadi.
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari sifatida sanoat, bozor xizmatlari va qurilish sohalari ajralib turdi. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi 6,8 foizga o‘sgan bo‘lsa, bozor xizmatlarida o‘sish 14,7 foizni, qurilish sohasida esa 14,2 foizni tashkil etdi. Ushbu sohalardagi jadal faollik umumiy iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatladi.
Qirg‘iziston
Mintaqada kuzatilgan iqtisodiy jadallashuv Qirg‘izistonda ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti Markaziy Osiyoda eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etib, real hisobda 11,1 foizga o‘sdi va tarixiy maksimumga erishdi. Bu natija so‘nggi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda. Iqtisodiy faollikning bunday jadal o‘sishi, avvalo, ichki iste’mol hajmlarining oshishi hamda investitsiya faolligining sezilarli darajada kuchayishi bilan izohlanmoqda. Mazkur omillar iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlariga aylangan.
Tojikiston
Tojikistonda iqtisodiy o‘sish 8,4 foizni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan barqaror saqlandi. 2025 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 173 milliard somoniga yetgan. Sanoat ishlab chiqarishining kengayishi, qishloq xo‘jaligidagi ijobiy dinamika, shuningdek, investitsiyalar va ichki talabning oshishi iqtisodiy o‘sishning asosiy sabablaridan bo‘lgan.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda esa iqtisodiyot 6,5 foizga o‘sdi. Qayd etilishicha, Qozog‘iston uchun bunday yuqori o‘sish sur’atlari so‘nggi bor 2011 yilda kuzatilgan edi. Iqtisodiy faollikning jadallashuvini sanoat, qurilish, transport va savdo sohalaridagi faol o‘sish, shuningdek, investitsiya loyihalarining kengayishi hisobiga yuzaga kelgan.
Turkmaniston
2025 yilda Turkmaniston iqtisodiyoti Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga nisbatan ancha sekin sur’atlarda o‘sdi. Xalqaro valuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti joriy narxlarda 72,1 milliard dollarni tashkil etgan, iqtisodiy o‘sish sur’ati esa 2,3 foiz darajasida shakllangan. Aholi jon boshiga YAIM 10 801 dollarga yetgan bo‘lib, bu 2024 yilga nisbatan 3,8 foizlik o‘sishni ko‘rsatadi. Turkmanistondagi nisbatan past iqtisodiy dinamikani iqtisodiyotning xomashyoga yuqori darajada bog‘liqligi hamda ichki bozor faolligining cheklanganligi bilan izohlanmoqda.
Markaziy Osiyo Rossiyani ortda qoldirdimi?
2025 yilda Rossiya iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari sezilarli darajada sekinlashdi. Yil yakunida mamlakat yalpi ichki mahsulotining real o‘sishi taxminan 1 foizni tashkil etdi. Bu 2024 yilda qayd etilgan 4,3 foizlik o‘sish bilan solishtirganda ancha past ko‘rsatkich hisoblanadi. Iqtisodiy dinamikaning susayishini tashqi savdo cheklovlari, investitsiya faolligining pasayishi va ichki talabning cheklanishi bilan izohlamoqda. Natijada Rossiya iqtisodiyoti 2025 yilda Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ancha past o‘sish sur’atini namoyon etdi.
Umuman olganda, 2025 yil Markaziy Osiyo uchun yuqori iqtisodiy o‘sish yili bo‘lib, mintaqaning global iqtisodiyotdagi ahamiyati oshib borayotganini ko‘rsatdi.





