add

AQSHdan texnologik jihatdan ortida qolayotgan Yevropa: burilish nuqtasi qayerda?

05.01.2026 | 16:586 daqiqa

AQSHning eng kambag‘al shtati hisoblangan Missisipida ham aholi jon boshiga daromad Fransiya yoki Italiyaga nisbatan yuqoriroq, shuningdek Yevropa Ittifoqi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham baland.

AQSHdan texnologik jihatdan ortida qolayotgan Yevropa: burilish nuqtasi qayerda?

Yevropaning kelajagi haqidagi bahslar tobora ko‘proq siyosat va o‘ziga xoslik masalalariga borib taqalmoqda. Ayni paytda, qit’aning uzoq muddatli barqarorligi qaysi omilga bog‘liq ekaniga doir asosiy omil e’tibordan chetda qolmoqda.

Nyu York universiteti Stern biznes maktabining faxriy professori Nuriel Rubinining «Oninvest» nashriga yozgan maqolasi bilan tanishtiramiz.

 

Muammo migrantlarda emas

AQSH prezidenti Donald Trampning yangi milliy xavfsizlik strategiyasi Yevropaga noto‘g‘ri baho bermoqda. Yevropa uzoq yillar davomida Amerikaning eng ishonchli ittifoqchisi sifatida qarab kelingan. Hujjatda ta’kidlanishicha, nazoratsiz immigratsiya hamda ma’muriyat vakillari mensimay «woke-siyosat» deb atayotgan boshqa choralar bir necha o‘n yil ichida «Yevropaning sivilizatsiya sifatida yo‘qolib ketishi»ga olib kelishi mumkin.

Bu dalil Yevropaning hozirgi holatini tubdan noto‘g‘ri talqin qilishga asoslangan. Haqiqatan ham, Yevropa Ittifoqi ekzistensial tahdidga duch kelmoqda, biroq u immigratsiya bilan ham, madaniy siyosat bilan ham deyarli bog‘liq emas. Qolaversa, xorijda tug‘ilgan aholining ulushi AQSHda Yevropaga nisbatan bir oz yuqoriroq.

Yevropa uchun haqiqiy tahdid uning iqtisodiy va texnologik jihatdan ortda qolayotganida namoyon bo‘lmoqda.

 

Tashxis: surunkali ortda qolish

2008–2023 yillar oralig‘ida AQSH yalpi ichki mahsuloti 87 foizga o‘sgan bo‘lsa, Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich atigi 13,5 foizni tashkil etdi. Shu davrda Yevropa Ittifoqida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM AQSH darajasining 76,5 foizidan 50 foizigacha pasaydi. Hatto AQSHning eng kambag‘al shtati hisoblangan Missisipida ham aholi jon boshiga daromad Fransiya yoki Italiyaga nisbatan yuqoriroq, shuningdek Yevropa Ittifoqi bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ham baland.

Tobora ortib borayotgan bu iqtisodiy tafovutni demografik omillar bilan izohlab bo‘lmaydi. U AQSHda ishlab chiqarish samaradorligining yuqoriroq o‘sishini aks ettiradi, bu esa, ko‘p jihatdan, texnologik innovatsiyalar va umumiy omil samaradorligining balandligi bilan bog‘liq. Bugun dunyodagi eng yirik 50 ta texnologik kompaniyaning taxminan yarmi Amerikaniki bo‘lsa, Yevropa bu segmentda atigi to‘rtta kompaniya bilan namoyon. So‘nggi besh o‘n yillik davomida AQSHda 241 ta kompaniya startapdan kamida 10 mlrd dollarlik bozor kapitalizatsiyasiga ega biznesga aylangan, Yevropada esa bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 14 tani tashkil etadi.

Ushbu tendensiyalar nihoyatda muhim savolni kun tartibiga olib chiqadi: kelajak tarmoqlarida qaysi mamlakatlar yetakchi bo‘ladi va bu jarayonda Yevropaning o‘rni qayerda?

Bugun texnologik yetakchilik uchun kurash keng yo‘nalishlarni qamrab olmoqda. Ular qatoriga sun’iy intellekt va mashinali o‘qitish, yarimo‘tkazgichlarni loyihalash va ishlab chiqarish, robototexnika, kvant hisob-kitoblari, termoyadroviy energetika, fintex va mudofaa texnologiyalari kiradi. Yevropa bu poygaga ochiq-oydin ortda qolgan holda kirmoqda.

Kelajak tarmoqlarida bugun kim yetakchi: AQSHmi yoki Xitoymi, degan savol bahsli bo‘lib qolmoqda. Biroq aksariyat kuzatuvchilar bu, aslida, ikki davlat o‘rtasidagi poyga ekani, unda Amerika hanuzgacha qator muhim sohalarda raqobatchisidan oldinda ekani borasida yakdil. Ularning tashqarisida innovatsion faollik asosan Yaponiya, Tayvan, Janubiy Koreya, Hindiston va Isroil kabi davlatlarda jamlangan. Yevropada esa innovatsiyalar, asosan, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Shveysariya bilan cheklangan. Bu mamlakatlarning ikkitasi esa hatto Yevropa Ittifoqi a’zosi ham emas.

Shu bois, AQSH va Xitoy global texnologik reytinglarda ustunlik qilayotgan bir paytda, Yevropaning yuqori pog‘onalardan ancha yiroqda ekani hayratlanarli emas. Ayniqsa, navbatdagi innovatsiyalar to‘lqini so‘nggi yarim asr davomida kuzatilgan barcha o‘zgarishlardan ham vayronkorroq bo‘lishi kutilyapti, degan sharoitda istiqbollar umuman umidbaxsh ko‘rinmaydi.

 

Ortda qolishning tuzilmaviy sabablari

AQSH va Yevropa o‘rtasidagi texnologik tafovut bir qator omillar bilan izohlanadi.

Birinchidan, AQSHda startaplarni moliyalashtirishning ancha chuqur va dinamik ekotizimi mavjud. Yevropa esa haligacha to‘liq qiymatli kapital bozorlari ittifoqini yarata olmadi, bu esa yangi kompaniyalarning miqyosi va o‘sish sur’atini cheklab qo‘yadi.

Ikkinchidan, Yevropaga ortiqcha va parchalangan tartibga solish xalal beradi. Amerikalik startap yagona regulyator rejimi doirasida mahsulotni bozorga chiqarib, darhol 330 milliondan ortiq iste’molchiga yetib borishi mumkin. Yevropa Ittifoqida esa taxminan 450 million kishi yashaydi, biroq u hanuz 27 ta milliy regulyator tizimiga bo‘lingan holda qolmoqda.

Xalqaro valuta jamg‘armasi tahliliga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi ichki bozoridagi to‘siqlar amalda bojxona tarifi kabi ishlaydi: tovarlar uchun bu ko‘rsatkich taxminan 44 foizni, xizmatlar uchun esa 110 foizni tashkil etadi. Bu AQSH tomonidan import qilinayotgan tovarlarning aksariyatiga nisbatan qo‘llaniladigan boj darajalaridan ancha yuqori.

Uchinchidan, xavfni qabul qilishga nisbatan madaniy yondashuvlar keskin farq qiladi. Yaqin vaqtlarga qadar Yevropa Ittifoqining ayrim mamlakatlarida (masalan, Italiyada) muvaffaqiyatsizlikka uchragan tadbirkor jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin edi. AQSHda esa hech qachon omadsizlikka uchramagan texnologik asoschi ko‘pincha haddan tashqari ehtiyotkor deb baholanadi.

To‘rtinchidan, AQSH chuqur integratsiyalashgan akademik, harbiy va sanoat majmuasi hisobiga ustunlikka ega. Yevropada esa mudofaa sohasiga surunkali kam sarmoya kiritilishi uning innovatsion salohiyatini zaiflashtirdi. Texnologik yetakchilar — AQSH, Xitoy, Isroil va so‘nggi paytlarda Ukraina mudofaaga faol investitsiya kiritmoqda, bunda harbiy tadqiqotlar ko‘p hollarda fuqarolik sohasida qo‘llaniladigan texnologiyalarni ham yaratadi.

Shunga qaramay, ko‘plab yevropalik siyosiy yetakchilar hali ham mudofaa xarajatlarining o‘sishini xavfsizlik bilan ijtimoiy farovonlik o‘rtasidagi murosasiz tanlov sifatida talqin qilishda davom etmoqda. Aslida esa Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri Yevropa foydalanib kelgan AQSH hisobiga «bepul yurish» mudofaa sohasida innovatsiyalarni cheklab qo‘ydi. Vaholanki, aynan innovatsiyalar ishlab chiqarish samaradorligini oshirish orqali ham xavfsizlikni, ham ijtimoiy farovonlikni ta’minlashi mumkin edi. Paradoks shundaki, Yevropa ijtimoiy modelini saqlab qolish mudofaaga kattaroq investitsiyalarni talab qiladi — jumladan, NATOning mudofaa xarajatlari bo‘yicha yangi maqsadli ko‘rsatkichi YAIMning 3,5 foizini bajarishdan boshlab.

 

Yevropa uchun burilish nuqtasi

Agar Yevropa yaqin o‘n yilliklarda o‘zining texnologik ortda qolishini chuqurlashishiga yo‘l qo‘ysa, u AQSH va Xitoyga nisbatan uzoq davom etuvchi stagnatsiya va iqtisodiy pasayish xavfiga duch keladi. Biroq ehtiyotkor optimizm uchun asoslar ham mavjud. Yevropaning ekzistensial chaqiriq oldida turgani tobora aniq anglanar ekan, siyosatchilar jiddiy islohotlar o‘tkazishga qaratilgan takliflarni ilgari surishni boshladi. Ular orasida eng ko‘zga ko‘rinarlilari — 2024 yilda Yevropa Ittifoqining raqobatbardoshligi va yagona bozori haqida tayyorlangan ikki yirik hisobot bo‘lib, ularni Italiyaning sobiq bosh vazirlari Mario Dragi va Enriko Letta tayyorlagan.

Shu bilan birga, Yevropaning jiddiy ustunliklari saqlanib qolmoqda. Ular qatoriga yuqori sifatli inson kapitali, kuchli ta’lim tizimlari va jahon darajasidagi ilmiy-tadqiqot institutlari kiradi. To‘g‘ri rag‘batlar va regulyator islohotlar sharoitida bu aktivlar tijoriy innovatsiyalarning ancha yuqori darajasini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Tadbirkorlik uchun yanada qulay muhit yaratilsa, Yevropadagi aholi jon boshiga yuqori daromad, katta ichki bozor va yuqori jamg‘arish me’yorlari investitsiyalar to‘lqinini ishga tushirishi ehtimoldan xoli emas.

Bundan tashqari, hatto Yevropa ilg‘or texnologiyalarda hech qachon yetakchiga aylanmasa ham, u AQSH va Xitoy innovatsiyalarini o‘zlashtirish va moslashtirish orqali ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Bu texnologiyalarning ko‘pchiligi universal xususiyatga ega bo‘lib, ham pioner davlatlarga, ham ularni joriy etuvchilarga foyda keltiradi.

Buning barchasi Yevropani burilish nuqtasiga olib keldi. Bir paytlar Ernest Heminguey ta’kidlaganidek, bankrotlik «avval sekin, keyin esa to‘satdan» sodir bo‘ladi. Shu paytgacha Yevropaning texnologik pasayishi asta-sekin kechdi. Ammo agar u o‘zining tuzilmaviy zaifliklarini bartaraf eta olmasa, bugungi sekin eroziya to‘satdan va qaytarib bo‘lmas darajada iqtisodiy ahamiyatni yo‘qotishga aylanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid