
Eronda «qarshilik» qurbonlari uchun uch kunlik umummilliy motam e’lon qilindi
Eron hukumati AQSH va Isroilga qarshi «qarshilik» vaqtida halok bo‘lganlar munosabati bilan uch kunlik umummilliy motam e’lon qildi.

Eron hukumati mamlakatda davom etayotgan ommaviy noroziliklar fonida halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik umummilliy motam e’lon qildi. Bu haqda «IRIB» davlat teleradiokompaniyasi ma’lum qildi.
Rasmiy bayonotda halok bo‘lganlar «AQSH va sionistik rejimga qarshi milliy qarshilik shahidlari» sifatida ta’riflandi. Tehron rasmiylariga ko‘ra, motam mamlakat bo‘ylab barcha davlat muassasalarida o‘tkaziladi.
Eronda ommaviy namoyishlar 2025 yil dekabr oyi oxirida milliy valuta — riyolning keskin qadrsizlanishi ortidan boshlangan. Asosiy norozilik sabablari valuta kursining beqarorligi, ulgurji va chakana narxlarning jadal o‘sishi bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Tehron va boshqa shaharlardagi namoyishlar aks etgan videolar keng tarqaldi.
Vaziyat 1979 yilda ag‘darilgan Eron shahanshohining o‘g‘li Rizo Pahlaviyning chiqishlaridan so‘ng yanada keskinlashdi. Shu kundan boshlab namoyishlar kuchaydi, mamlakatda internet aloqasi cheklandi. Ayrim shaharlarda aksiyalar politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylanib, amaldagi siyosiy tuzumga qarshi shiorlar bilan o‘tdi. Halok bo‘lganlar va yaralanganlar ham namoyishchilar, ham xavfsizlik kuchlari orasida qayd etildi.
«Reuters» agentligi AQSHda joylashgan huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarga tayanib, noroziliklar boshlanganidan beri kamida 466 kishi halok bo‘lganini xabar qildi. Rasmiy Tehron bu raqamlarga izoh bermagan, biroq avvalroq 30 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, «Tasnim» agentligi «terrorchilar» deb atalgan namoyish ishtirokchilari orasida ham qurbonlar ko‘pligini bildirgan.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon xalqqa murojaatida iqtisodiy islohotlar davom ettirilishini va ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hal etilishini va’da qildi. Shu bilan birga, u AQSH va Isroilni tartibsizliklarni tashkil etishda ayblab, fuqarolarni «radikal guruhlar harakatlari bilan qonuniy talablarni almashtirishga yo‘l qo‘ymaslik»ka chaqirdi.





