Kichik biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy va «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilindi
Prezident farmoni bilan kichik biznesni tekshirishga 3 yillik moratoriy joriy etildi. Shuningdek, soliq jarimalarini kechib yuborish va tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi qoidalari belgilandi.
© sun'iy intelektO‘zbekistonda kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini har qanday tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etildi. Shu bilan birga, biznes vakillari uchun soliq va ma’muriy jarimalarni kechirishni nazarda tutuvchi «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilindi. Bu haqda Prezidentning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi farmonida ma’lum qilindi.
Uch yillik moratoriy va istisnolar
Farmonga asosan, moratoriy davrida kichik biznes subyektlari faoliyatini tekshirish noqonuniy hisoblanadi va bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi. Biroq, qonunchilikda ayrim istisno holatlar belgilangan bo‘lib, quyidagi tekshiruvlar moratoriydan mustasno hisoblanadi:
• Jinoyat ishi doirasidagi tekshiruvlar;
• Inson sog‘lig‘iga ta’sirini o‘rganish va mehnat qonunchiligiga rioya etilishi yuzasidan o‘rganishlar;
• Fuqarolar murojaatlari asosidagi tekshiruvlar;
• Qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qoplash yoki qaytarish hamda tadbirkorlik subyekti tugatilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan tekshiruvlar.
«Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi
Hujjat bilan 2026 yil 31-dekabrga qadar kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun «Ikkinchi imkon» iqtisodiy amnistiyasi joriy qilinmoqda. Amnistiya doirasida quyidagi yengilliklar taqdim etiladi:
Iqtisodiy amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi 2026 yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘langanda, unga hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va tegishli ijro ishlari tugatiladi.
Tadbirkorlar avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga mustaqil tuzatish kiritib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni ko‘rsatilgan muddatgacha to‘lasa, penya hisoblanmaydi.
2026 yil 1-yanvarga qadar shakllangan soliq hisobotini kechiktirganlik uchun ma’muriy jarimalar hamda qat’iy belgilangan aylanma soliq to‘lovchilariga qo‘llangan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi to‘liq kechib yuboriladi.
Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi
Yana bir muhim huquqiy yangilik — davlat organi va tadbirkorlik subyekti o‘rtasidagi ommaviy huquqiy munosabatlarda «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» amaliyotga kiritildi.
«Davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti (uning mansabdor shaxsi) qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan hisoblanadi», — deyiladi hujjatda.
Shuningdek, nizolarni hal qilishda qonunchilikdagi barcha noaniqliklar, bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va shubhalar so‘zsiz tadbirkor foydasiga talqin qilinishi qat’iy belgilandi.





