Logo

300 mlrd dollarga yetkaziladigan YAIM, tenderi cho‘zilgan 350 milliardlik maktab jihozlari va Germaniya boshqaruviga o‘tadigan davlat binolari — 28-avgust dayjesti

Kecha 23:104 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

300 mlrd dollarga yetkaziladigan YAIM, tenderi cho‘zilgan 350 milliardlik maktab jihozlari va Germaniya boshqaruviga o‘tadigan davlat binolari — 28-avgust dayjesti

Yangi maqsad: O‘zbekiston iqtisodiyoti 2030 yilga qadar 300 milliard dollarga yetkaziladi

O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat iqtisodiyoti ko‘lamini 2030 yilga borib 300 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha yangi maqsadni e’lon qildi. Bundan avvalgi mo‘ljal 240 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa-da, dunyodagi murakkab vaziyatga qaramay, YAIM hajmini 160 milliard dollarga yetkazish marrasi joriy yilning o‘zidayoq ortig‘i bilan bajarildi. Shuningdek, qator islohotlar natijasida mamlakatning Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rni 80 pog‘onaga yaxshilandi va yillik xorijiy investitsiyalar jalb qilish hajmi avvalgi 2-3 milliard dollardan 40-50 milliard dollargacha keskin o‘sdi.

Iqtisodiy o‘sish va jalb qilinayotgan investitsiyalar aholining turmush darajasida ham o‘z ifodasini topmoqda. Xususan, ehtiyojmand oilalar bilan «mahallabay» ishlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida mamlakatda kambag‘allik darajasi 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizgacha qisqardi va buning zamirida 10 million insonning yashash sharoiti yaxshilandi. Bundan tashqari, o‘tgan davr mobaynida 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joylarga ega bo‘lgani alohida e’tirof etildi.

Davlat binolari Germaniya tajribasi asosida boshqariladimi?

O‘zbekiston davlat ko‘chmas mulkini samarali boshqarish, baholash, ijaraga berish va sotishning zamonaviy hamda shaffof tizimini yaratish maqsadida Germaniya tajribasini o‘rganmoqda. Shu munosabat bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Germaniyaning tegishli tashkilotlari (xususan, «BImA» agentligi va Moliya vazirligi) vakillari ishtirokida onlayn seminar o‘tkazildi. Unda davlat mulkini markazlashgan tarzda boshqarish, raqamli reyestrlarni yuritish va foydalanilmayotgan binolarni iqtisodiy muomalaga jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Ushbu sa’y-harakatlar 2030 yilgacha mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektor ulushini 85 foizga yetkazish va davlat ishtirokidagi korxonalar sonini olti barobarga qisqartirish maqsadlariga bevosita xizmat qiladi.

Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlik uch bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda mahalliy mutaxassislar uchun onlayn o‘quv seminarlari tashkil etilsa, ikkinchi bosqichda germaniyalik ekspertlar O‘zbekistonga kelib, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab beradi. Uchinchi bosqichda esa O‘zbekiston delegatsiyasi Germaniyaga amaliy tashrif buyurib, davlat ko‘chmas mulkini boshqarish tizimini bevosita joyida o‘rganadi. O‘z navbatida, germaniyalik mutaxassislar yurtimizdagi islohotlarni yuqori baholab, belgilangan vazifalarni amalga oshirish va zarur qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.

Deputat maktablarni jihozlash kechikayotganini tanqid qilib, vazirga savol qo‘ydi

Parlamentning 25-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida deputat Zuhriddin Mavlonov maktablarni jihozlash jarayoni kechikayotganini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, joriy yil yakuniga qadar 6300 ta elektron doska va 1000 ta yangi komputer sinfi tashkil etish uchun davlat budjetidan jami 350 milliard so‘m (doskalar uchun 100 mlrd, komputerlar uchun 250 mlrd) ajratilgan. Biroq, yangi o‘quv yili boshlanishiga sanoqli kunlar qolgan bo‘lsa-da, hozirga qadar birorta ham komputer sinfi yoki elektron doska xarid qilinmagan, hisobotlarda esa faqat tender e’lon qilingani ko‘rsatilgan.

Mazkur e’tirozlarga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova javob qaytarib, kechikish sabablarini xarid jarayonlari bilan izohladi. Vazirning ma’lum qilishicha, ekspertiza xulosalariga asosan ajratilgan mablag‘ga 1000 ta emas, 1350 ta komputer to‘plamini olish belgilangan va tenderga qo‘yilgan, doskalar bo‘yicha esa iyul oyidagi dastlabki savdoda g‘olib aniqlanmagani sababli 10-avgustda qayta tender e’lon qilingan. U tez orada xaridlar amalga oshirilib, oktabr oyi oxiriga qadar komputer sinflari va elektron doskalar maktablarga to‘liq yetkazib berilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston ilk bor akademik eshkak eshish bo‘yicha JCHda oltin medal oldi

Niderlandiyaning Amsterdam shahrida bo‘lib o‘tayotgan akademik eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘zining tarixiy natijasini qayd etdi. Yengil vaznli sportchilar o‘rtasidagi juftlik dasturida (LM2x) ishtirok etgan Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev dueti marraga birinchi bo‘lib yetib kelib, musobaqaning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Ushbu g‘alaba o‘zbekistonlik akademik eshkak eshuvchilarning kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida qo‘lga kiritgan dastlabki oltin medali sifatida tarixga kirdi. Mazkur yo‘nalishdagi murosasiz bahslarda kumush medal Germaniya vakillariga, bronza medali esa AQSH sportchilariga nasib etdi.

O‘zbekiston iyul oyida 1,3 mlrd dollarlik oltin sotdi

O‘zbekiston 2026 yilning iyul oyida 1,3 mlrd dollarlik oltin eksport qildi. Yilning dastlabki yetti oyida qimmatbaho metall faqat ikki marta (aprel va iyulda) sotilib, uning umumiy qiymati 2,8 mlrd dollardan oshdi va bu o‘tgan yilning mos davriga (7,58 mlrd dollar) nisbatan 2,7 baravar kamdir. Oltin sotuvining keskin pasayishi oqibatida mamlakatning jami eksporti ham 3,6 foizga qisqarib, 19,93 mlrd dollarni tashkil etgan.

Oltin eksporti kamaygan bo‘lsa-da, boshqa yo‘nalishlarda sezilarli o‘sish qayd etildi. Xususan, sanoat mahsulotlari eksporti 22,4 foizga oshib, 2,87 mlrd dollarga, xizmatlar eksportidan tushum esa 35,3 foizga ko‘payib, 7,32 mlrd dollarga yetdi. Shu bilan birga, 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning jami xalqaro zaxira aktivlari 64,34 mlrd dollarni tashkil qilmoqda va uning asosiy qismini (56,12 mlrd dollar yoki 430,8 tonna) oltin zaxiralari tashkil qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

300 mlrd dollarga yetkaziladigan YAIM, tenderi cho‘zilgan 350 milliardlik maktab jihozlari va Germaniya boshqaruviga o‘tadigan davlat binolari — 28-avgust dayjesti | Vaqt.uz