Logo

Toshkentdagi OTMlarda darslar endi soat 08:00da boshlanadi

Bugun 12:141 daqiqa

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida birinchi smena darslari soat 08:00da boshlanadi.

Toshkentdagi OTMlarda darslar endi soat 08:00da boshlanadi © finance.yahoo.com

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalarida birinchi smenadagi o‘quv mashg‘ulotlari soat 08:00da boshlanadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tartib poytaxtda transport oqimini samarali tashkil etish, ertalabki va kechki tirband vaqtlarda yo‘llardagi yuklamani kamaytirish hamda ta’lim jarayonini yanada maqbul tashkil etishga qaratilgan.

Xususan, dars mashg‘ulotlarining ertaroq boshlanishi oliy ta’lim tashkilotlariga qatnaydigan talabalar va professor-o‘qituvchilarning harakatlanish vaqtini oqilona rejalashtirish, kun davomida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish hamda shahardagi transport vositalari oqimini maqbullashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, mazkur tartib kunduzgi va kechki ta’lim shakllarida tahsil olayotgan talabalar uchun o‘quv kunini to‘g‘ri rejalashtirish, mashg‘ulotlar va boshqa o‘quv faoliyati uchun vaqt imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, pedagoglar hamda talabalar mazkur tartibni inobatga olishlari so‘raldi.

Ta’lim tashkilotlarida o‘quv mashg‘ulotlarini belgilangan vaqtda boshlash, o‘quv jarayonini tegishli ravishda tashkil etish hamda talabalar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, yangi o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlari 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentabrdan boshlanadi.

Teglar

Mavzuga oid

Toshkentdagi OTMlarda darslar endi soat 08:00da boshlanadi | Vaqt.uz