Shavkat Mirziyoyev Xitoy va Nepal rahbarlariga hamdardlik bildirdi
Bugun Tibet muxtor rayoni hamda Nepalda yuz bergan halokatli suv toshqinlari va muzlik ko‘chishi oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinpinga hamda Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudelga mazkur davlatlar hududida yuz bergan kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbarining maktublarida Xitoyning Tibet muxtor rayonidagi Shigadze shahar okrugida, shuningdek, Nepalning Tibet bilan chegaradosh hududlarida yuz bergan keng ko‘lamli tabiiy ofatlar ko‘plab insonlarning halok bo‘lishi, jarohatlanishi hamda ulkan iqtisodiy talafotlarga olib kelgani qayd etilgan.
«Davlatimiz rahbari vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga sabr-toqat, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi», — deyiladi rasmiy xabarda.
Nepal va Tibetdagi tabiiy ofatning so‘nggi tafsilotlari
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 26-avgust kuni ertalab Nepal va Xitoy (Tibet) chegarasidagi Himolay tog‘larida ulkan muzlik ko‘chishi yuz bergan. Dastlab 4,4 magnitudali zilzila sifatida qayd etilgan, keyinroq esa AQSH Geologiya xizmati (USGS) tomonidan 5,2 magnitudali seysmik silkinish sifatida baholangan ushbu muzlik ko‘chishi oqibatida halokatli suv toshqinlari va loy ko‘chkilari kelib chiqqan.
Ushbu hodisa oqibatida Trishuli, Bxote Koshi va Lxende Kxola daryolarida suv sathi yarim soat ichida 9 metrgacha ko‘tarilib, atrofdagi aholi punktlarini yuvib ketgan. Mahalliy OAV va rasmiylarning xabar berishicha, Nepaldagi toshqinlar oqibatida kamida 353 kishi halok bo‘lgan, 800 dan ortiq kishi (shu jumladan mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar) bedarak yo‘qolgan deya baholanmoqda.
Tabiiy ofat hududidagi bir nechta qishloqlar, avtomobil yo‘llari, ko‘priklar hamda gidroelektr stansiyalari butunlay vayron bo‘lgan. Shuningdek, Nepal va Tibet o‘rtasidagi asosiy chegara o‘tkazish punkti bo‘lgan Girong porti infratuzilmasiga ham jiddiy zarar yetgan. Ayni paytda eng ko‘p zarar ko‘rgan Nuvakot va Rasuva okruglarida keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyalari davom ettirilmoqda.





