Logo

Raqamli valutadan JSTgacha: moliya tizimida nimalar o‘zgaradi?

Bugun 20:255 daqiqa

O‘zbekiston moliya tizimida kutilayotgan o‘zgarishlar, raqamli valuta, xalqaro moliya markazi va yangi investitsiya rejalari «Silk Road Finance & Technology Forum»da muhokama qilindi. Vaqt.uz xalqaro ekspertlar va soha vakillari bilan suhbatlashdi hamda u yerda aytilgan eng muhim reja va yangiliklar haqida reportaj tayyorladi.

Toshkentda 24–26-avgust kunlari «Silk Road Finance & Technology Forum» bo‘lib o‘tdi. Uch kun davom etgan forumda moliya va texnologiya sohasidagi mutaxassislar, banklar, fintex kompaniyalar vakillari hamda xalqaro ekspertlar bir maydonda jamlandi.

Forumda transchegaraviy to‘lovlar, sun’iy intellekt, raqamli aktivlar, kiberxavfsizlik, ochiq moliya va sohadagi kadrlar tayyorlash kabi masalalar muhokama qilindi. Vaqt.uz tadbirning ikkinchi kunida qatnashib, u yerda bildirilgan fikr va takliflarni jamladi.

Pul chegaralarni qanday kesib o‘tadi?

Forum dasturining katta qismi transchegaraviy to‘lovlar va Markaziy Osiyoni global moliyaviy koridorlarga ulash masalasiga bag‘ishlandi.

Real vaqt rejimidagi to‘lovlar, milliy tizimlarning o‘zaro muvofiqligi, tokenizatsiya va raqamli aktivlar bu jarayonning asosiy instrumentlari sifatida ko‘rildi. Muhokamalarda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘z ichki to‘lov tizimlarini global savdo va pul o‘tkazmalari tarmoqlari bilan qanday bog‘lashi mumkinligiga e’tibor qaratildi.

Bu yerda ishonch alohida mavzu sifatida chiqdi. Savdo tobora transchegaraviy va raqamli shaklga o‘tayotgan sharoitda xavfsiz to‘lov tarmoqlari, firibgarlikka qarshi ma’lumot almashinuvi va umumiy standartlar iqtisodiy integratsiyaning asosiy shartlaridan biriga aylanmoqda.

Forumda «Visa», «Mastercard», «Nium», «Paynet», «HUMO» va boshqa kompaniyalar vakillarining ishtirok etishi ham mintaqa endi faqat milliy to‘lov infratuzilmasi doirasida emas, balki global moliyaviy tarmoqlar bilan bog‘liq holda fikrlayotganini ko‘rsatdi.

Steyblkoin, tokenizatsiya va yangi pul

Ikkinchi muhim yo‘nalish — moliyaning o‘zi qanday o‘zgarayotgani haqida bo‘ldi.

Forum kun tartibiga ko‘ra, pul endilikda faqat an’anaviy bank hisobvarag‘i yoki naqd shakl bilan cheklanmaydi. Xususiy steyblkoinlar, markaziy banklarning raqamli valutalari va tokenizatsiya qilingan aktivlar moliyaviy tizimning yangi elementlariga aylanmoqda.

Asosiy savol esa texnologiyaning o‘zi emas, balki davlatlar va regulyatorlar qanday tanlov qilishidadir. Nimani chiqarish kerak? Qaysi raqamli aktivlarga ruxsat berish mumkin? Qaysi texnologiyalar asosida milliy moliya infratuzilmasini qurish zarur?

Bu savollar Markaziy Osiyo uchun ayniqsa muhim. Chunki mintaqa bir vaqtning o‘zida yangi texnologiyalarni joriy etish, moliyaviy barqarorlikni saqlash va milliy manfaatlarni himoya qilish vazifasiga duch kelmoqda.

Forumda Pokiston, Kambodja, Ozarbayjon, Xitoy va boshqa mamlakatlar regulyatorlari hamda «Circle», «TON Foundation», «Fireblocks» kabi raqamli aktivlar bozori ishtirokchilari qatnashgani bu mavzularning global miqyosda muhokama qilinayotganini ko‘rsatdi.

Yosh aholi — demografik dividendmi yoki muammo?

Forum dasturida texnologiyalardan tashqari inson kapitaliga ham katta o‘rin berildi.

O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi 27 ekani va 2030 yilgacha 5 ming nafar tayyorlangan fintex mutaxassisini shakllantirish vazifasi belgilangani qayd etildi. Biroq forumda yosh aholi avtomatik ravishda iqtisodiy ustunlikka aylanmasligi haqidagi savol ham o‘rtaga tashlandi.

Muhandislar bo‘lmasa, ekotizim bo‘lmaydi. Malakali mutaxassislar bo‘lmasa, yangi texnologiyalarni tartibga solish va ularning xavfsizligini ta’minlash qiyin.

Shu bois muhokamalar universitet ta’limi, amaliy ko‘nikmalar, sohaviy sertifikatlar va mutaxassislarni mamlakat hamda mintaqa ichida saqlab qolish masalasiga qaratildi.

Bu yerda asosiy muammo diplomning o‘zi emas, balki u bozor talab qilayotgan ko‘nikmalarga qay darajada mos kelishi ekani bo‘lib chiqdi. Forumda «Skills Passports» — ko‘nikmalar pasporti kabi yangi yondashuvlar ham muhokamaga qo‘yildi.

Shu tariqa, uch kunlik «Silk Road Finance & Technology Forum» O‘zbekiston moliya tizimi oldida turgan eng muhim vazifalarni bir maydonga jamladi. Makroiqtisodiy barqarorlikdan tortib raqamli valuta, xalqaro to‘lovlar, investitsiya va islomiy moliyagacha bo‘lgan rejalar e’lon qilindi. Endi asosiy masala — forumda bildirilgan g‘oya va va’dalarning qay darajada amaliy natijaga aylanishida.

Forumdan eng muhim xabarlar:

O‘zbekiston oldidagi uch maqsad: 5 foizlik inflatsiya, JST va investitsion reyting

Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi davlat qarzi YAIMning taxminan 27 foizini tashkil etayotgani hamda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash rejalashtirilayotganini aytdi.

Markaziy bank fintex xabi, venchur fond va raqamli valuta bo‘yicha rejalarni e’lon qildi

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonda fintex uchun innovatsion xab va venchur fond tashkil etilgani, raqamli valuta bo‘yicha eksperimentlarga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Toshkent xalqaro moliya markazida kriptovalyuta va istalgan valutada bitimlar o‘tkazish mumkin bo‘ladi

«Silk Road Finance & Technology Forum»da Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi, mustaqil regulyator, kriptovalyuta va erkin valuta operatsiyalarini joriy etish rejalari ma’lum qilindi.

So‘m kursi, inflatsiya va kapital erkinligi: Markaziy bank rejalarini ochiqladi

Markaziy bank kelgusi yil inflatsiyani 5 foizga tushirishni maqsad qilmoqda. Ayni paytda regulyator so‘mning bozorga moslashuvchan kursini saqlab qolish, kapital harakatini bosqichma-bosqich erkinlashtirish va bank tizimini xalqaro standartlarga yaqinlashtirishni rejalashtirmoqda.

Ishmetov: Ikki yilda bank tizimini Basel III va IFRS standartlariga to‘liq moslashtiramiz

Markaziy bank raisi O‘zbekiston moliya tizimida kreditlar o‘sishi va dollarlashuv kabi xatarlar uchun yangi tartibga solish mexanizmlari joriy etilayotganini ma’lum qildi. Xususan, bank tizimini xalqaro standartlarga moslashtirishga yana ikki yil ajratilgan.

Jahon neft va oziq-ovqat narxlari hozircha O‘zbekistonga ta’sir qilmadi — Markaziy bank

Markaziy bank tashqi bozorlardagi o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyoti va inflatsiyasiga bilvosita ta’sirini baholamoqda. Regulyator inflatsiyaning pasayishi davom etadigan holatga ham, narxlar oshishi xavfi kuchayadigan vaziyatga ham tayyor ekanini bildirdi.

«Davlat budjetidan umuman pul ajratilmagan»: Ipak yo‘li forumi kimning hisobidan o‘tdi?

75 dan ortiq davlat vakillari yig‘ilgan «Silk Road Finance & Technology Forum»ga davlat budjetidan pul ajratilmadi. Tadbir kimlar hisobidan o‘tkazilgani va undan nimalar kutilayotgani haqida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Abrorxo‘ja Turdaliyev Vaqt.uz’ga izoh berdi.

O‘zbekiston va Xitoy to‘lov tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda

Ikkita milliy to‘lov kompaniyasi Xitoyning WeChat va Alipay kabi to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilinishi mumkin.

Islomiy moliya mikromoliyadan sukuk bozorigacha rivojlantiriladi — Markaziy bank raisi

Ayni paytda 12 ta mikromoliya tashkiloti murobaha, ijara, salam, muzoraba va mushoraka kabi islomiy moliya shartnomalari asosida xizmat ko‘rsatmoqda. Ulardan biri esa ayol tadbirkorlarni muzoraba, ya’ni foydani taqsimlash tamoyili asosida moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashga to‘liq ixtisoslashgan.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 193

Barchasi

Mavzuga oid