«Korrupsiya yodgorligi»: Ostonada 15 yil qurilgan LRT liniyasi ishga tushirilmoqda
Qozog‘istonda yillar davomida korrupsiya ramzi sifatida tilga olingan Ostona LRT loyihasi shu hafta ishga tushirilishi kutilmoqda.
© sputnikQozog‘iston poytaxti Ostona shahridagi estakada tipidagi ilk LRT liniyasi shu haftada rasman ishga tushirilishi kutilmoqda. Bu haqda loyiha operatori — «City Transportation Systems» (CTS) kompaniyasiga tayanib «Tengrinews.kz» xabar berdi.
Liniya Ostona xalqaro aeroportidan «Nurli jol» vokzaligacha bo‘lgan 22,4 kilometr masofani qamrab oladi. Yo‘nalish bo‘ylab 18 ta stansiya joylashgan bo‘lib, ular shaharning asosiy biznes markazlari va turar joy hududlarini bog‘laydi.
Poyezdlar haydovchisiz harakatlanadi
LRT tarkiblari to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, maxsus markaz orqali boshqariladi. Poyezdlarning ishchi tezligi soatiga 60 kilometr, maksimal tezligi esa 80 kilometrgacha yetadi.
Yo‘nalishda 15 ta poyezd harakatlanadi, ularning to‘rttasi zaxira tarkibi sifatida saqlanadi. Har bir poyezd 600 nafardan ortiq yo‘lovchini tashish imkoniga ega.
Loyiha operatori hisob-kitoblariga ko‘ra, liniya faoliyatining birinchi yilida har kuni 25 mingdan 45 minggacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Yakuniy bekatlar orasidagi safar vaqti taxminan 40 daqiqani tashkil etadi. Harakat intervali 10 daqiqagacha bo‘ladi. Yo‘l haqi 200 tenge etib belgilangan.
Loyiha «korrupsiya yodgorligi»ga aylangan edi
Ostonada LRT qurish g‘oyasi ilk bor 2005 yilda ilgari surilgan. Qurilish ishlari 2011 yilda boshlangan va dastlab loyiha 2020 yilgacha tugallanishi rejalashtirilgan edi.
Biroq xarajatlar keskin oshib ketishi sababli 2013 yilda qurilish to‘xtatilgan. O‘sha paytda «Y» shaklidagi beton ustunlar qad rostlagan bo‘lib, keyinchalik ular xalq orasida «korrupsiya yodgorligi» degan nom bilan tanilgan.
2019 yilda Qosim-Jomart Toqayev loyihani tanqid qilib, uni bahsli deb atagan. Keyinchalik u qurilishni to‘xtatish zararni yanada oshirishini ta’kidlab, ishlarni yakunlashga chaqirgan.
2020 yilda LRT qurilishidagi korrupsiya ishlari bo‘yicha sud jarayoni boshlangan. Mazkur ish doirasida bir nechta amaldorlar va loyiha mas’ullari aybdor deb topilgan.





