Logo

Markaziy Osiyo yetakchilari Seulga yig‘iladi. Koreya nega mintaqa bilan sammit o‘tkazmoqchi?

Kecha 22:355 daqiqa

So‘nggi 8 yil ichida O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan ham hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamladi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi deyarli ikki baravar oshdi. Hozir O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi qariyb 700 ta korxona faoliyat yuritmoqda, Janubiy Koreyadan kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 8 mlrd dollardan oshgan.

Markaziy Osiyo yetakchilari Seulga yig‘iladi. Koreya nega mintaqa bilan sammit o‘tkazmoqchi? © Foto: informburo.kz

Kelasi hafta Seulda «Janubiy Koreya — Markaziy Osiyo» birinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhim minerallar, energetika resurslari va global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Li Chje Myonning taklifiga binoan 13–16-sentabr kunlari davlat tashrifi bilan Koreyada bo‘ladi. Davlat rahbari Seul shahrida Koreya prezidenti bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy assambleya spikeri Cho Chjon Shik, bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiyani chuqurlashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Birinchi sammit 16-sentabrda bo‘lib o‘tadi. Unda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlat rahbarlari ishtirok etadi. Uchrashuv «Innovatsiyalar, farovonlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo hamkorligi va sherikligining yo‘nalishlari» mavzusiga bag‘ishlanadi.

Janubiy Koreya prezidenti matbuot kotibi Kan Yu-jon yozma brifingda bildirishicha, Seul sammitdan global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda. Bunda Markaziy Osiyo davlatlarining muhim minerallar va energetika resurslariga boy zaxiralarini Janubiy Koreyaning geologik qidiruv va qayta ishlash sohasidagi tajribasi bilan birlashtirish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Janubiy Koreya Markaziy Osiyoda o‘z kompaniyalari faoliyatini kengaytirishga ko‘maklashmoqchi. Buning uchun har bir mamlakatning infratuzilma va sanoat uskunalariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilgan. Seul, shuningdek, bojxona tartib-taomillari, qonunchilik va intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalalarida ham hamkorlik qilishni kutmoqda.

Sammitda Koreya yarimoroli bilan bog‘liq masalalarda Markaziy Osiyo davlatlarining qo‘llab-quvvatlashiga erishish, shuningdek, terrorizm, narkotiklarni noqonuniy aylantirish va kiberjinoyatchilik kabi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishga ham alohida e’tibor qaratiladi.

Kan Yu-jonning ta’kidlashicha, sammit Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi ko‘p tomonlama uchrashuvi bo‘ladi. Shuningdek, xavfsizlik sohasidagi global noaniqlik kuchayib borayotgan bir paytda strategik ahamiyati ortib borayotgan mintaqa bilan Seulning diplomatik aloqalarini kengaytirish uchun muhim qadam bo‘ladi.

Kelgusida Janubiy Koreya hukumati Markaziy Osiyo bilan hozirda asosan resurslar va infratuzilmaga qaratilgan hamkorlikni sun’iy intellekt, fan va texnologiyalar, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va boshqa ilg‘or sohalarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Sammit munosabati bilan Seul mintaqa davlatlari bilan mavjud hamkorlik mexanizmi darajasini ham oshirishni rejalashtirmoqda. Hozirda bu mexanizm vazirlar darajasida bo‘lsa, endi davlat rahbarlari darajasiga ko‘tariladi. Shuningdek, hamkorlikning uzoq muddatli yo‘nalishlarini belgilab beradigan va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi mexanizmini yaratishga xizmat qiladigan «Seul deklaratsiyasi» taqdim etiladi.

Tashrif doirasida Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon 14-sentabrda O‘zbekiston prezidenti bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi. 15-sentabrda Turkmaniston va Qozog‘iston rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar rejalashtirilgan. Keyingi kun, 16-sentabrda esa Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Sammitdan keyin Li Chje Myon Janubiy Koreyaga tashrif buyurgan besh davlat rahbari bilan birga biznes-sammitda ishtirok etadi. Kan Yu-jonning aytishicha, uchrashuv Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash va hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni izlashga qaratilgan.

«Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo» formati deyarli yigirma yildan beri mavjud. Shu vaqt davomida u siyosiy muloqot uchun muhim maydonga aylandi va ko‘plab qo‘shma tashabbuslarning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Endi esa format davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarilmoqda. Bu sohalar bo‘yicha oddiy hamkorlikdan strategik qarorlar qabul qilish bosqichiga o‘tilayotganini anglatadi. Markaziy Osiyoga tobora ko‘proq shunchaki geografik hudud sifatida emas, balki umumiy manfaatlarni ilgari sura oladigan va birgalikda harakat qila oladigan yaxlit mintaqa sifatida qaralmoqda.

Shu fonda Seulning Markaziy Osiyoga qiziqishi tabiiy holga aylanmoqda. Janubiy Koreyaning iqtisodiy raqobatbardoshligi tobora ko‘proq nafaqat texnologik yetakchilikka, balki ta’minot zanjirlarining barqarorligi, ishlab chiqarish tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va ishonchli, uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga ham bog‘liq bo‘lib bormoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo Yevroosiyoning eng istiqbolli bozorlaridan biriga aylanmoqda. Mintaqa aholisi 85 million kishidan oshdi, aholining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini saqlab kelmoqda. Yosh aholi, ichki bozorlarning kengayishi va davlatlar o‘rtasidagi aloqalarning tobora kuchayib borayotgani global investorlar hamda rivojlangan texnologik iqtisodiyotga ega davlatlarni Markaziy Osiyoga yangicha qarashga undamoqda. O‘zbekiston bu jarayonlarda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekistonda qariyb 38 million kishi yashaydi — bu Markaziy Osiyo aholisining deyarli yarmiga teng. Mamlakat mintaqaviy muloqotni rivojlantirish, o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.

So‘nggi sakkiz yil ichida O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan ham hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamladi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi deyarli ikki baravar oshdi. Hozir O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi qariyb 700 ta korxona faoliyat yuritmoqda, Janubiy Koreyadan kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi esa 8 milliard dollardan oshgan. Koreya biznesi energetika, kimyo sanoati, mashinasozlik, sog‘liqni saqlash, raqamli texnologiyalar va ta’lim sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Teglar

Markaziy Osiyo yetakchilari Seulga yig‘iladi. Koreya nega mintaqa bilan sammit o‘tkazmoqchi? | Vaqt.uz