Transport vazirligi jamoat transportida yo‘l haqini oshirish rejasiga izoh berdi
Avvalroq Toshkentda avtobus va metroda yo‘l haqini 2,5 ming so‘mgacha oshirish taklif qilingandi.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaToshkent shahrida 1-oktabrdan jamoat transportida yo‘lkira haqining yangi tariflarini joriy etish taklif qilinmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasi 4-sentabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Transport vazirligi taklif etilayotgan tariflar yuzasidan batafsil tushuntirish berdi.
Loyihaga ko‘ra, 1-oktabrdan avtobus va metroda elektron to‘lov orqali bir martalik qatnov haqi amaldagi 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi mumkin. Naqd to‘lov 3000 so‘m miqdorida saqlab qolinadi, bagaj tashish haqi esa 4000 so‘m etib belgilanishi taklif qilingan.
Hujjatda doimiy yo‘lovchilar uchun yangi abonementlar va jamoat transporti turlari o‘rtasida almashish uchun alohida tariflarni joriy etish ham ko‘zda tutilgan. Barcha narxlar QQS bilan birga ko‘rsatilgan.
Nega tarif o‘zgarishi mumkin?
Transport vazirligiga ko‘ra, amaldagi yo‘l haqi jamoat transporti bilan bog‘liq xarajatlarning faqat bir qismini qoplaydi. Tashuvlarni moliyalashtirishdagi asosiy yuk esa hanuz davlat budjeti zimmasida qolmoqda.
Poytaxt jamoat transporti har kuni qariyb 2,5 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda. Islohotlar natijasida harakat tarkibi qariyb ikki barobar kengayib, avtobuslar soni 1900 taga yaqinlashgan. O‘rtacha qatnov oralig‘i ham 30 daqiqadan 15 daqiqaga qisqargan.
Vazirlik xarajatlar faqat transport vositalarini xarid qilish bilan cheklanmasligini ta’kidlagan. Ularga haydovchi va texnik xodimlar ish haqi, yonilg‘i va elektr energiyasi, ehtiyot qismlar, ta’mirlash, depo infratuzilmasi, tozalash, dispetcherlik, navigatsiya va elektron to‘lov tizimlari kiradi.
Vazirlik tarifning ehtimoliy o‘zgarishi tashuvchilarga qo‘yiladigan aniq talablar bilan birga ko‘rib chiqilishi kerakligini bildirgan. Bunda qatnovlarning muntazamligi va belgilangan intervallarga rioya qilish muhim mezonlardan biri bo‘ladi.
Shuningdek, transport vositalarining texnik holati va tozaligi, yo‘lovchilar xavfsizligi, xizmat ko‘rsatish madaniyati hamda yangi hududlarni qamrab olish masalalariga talablar qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ayni paytda tariflarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilingani haqida gap yo‘q. Loyiha muhokamasi davomida aholi o‘z taklif va mulohazalarini bildirishi mumkin.
Transport vazirligi fuqarolar hujjat loyihasi bilan 19-sentabrga qadar tanishib, takliflarini yuborishi mumkinligini ma’lum qildi. Kelib tushgan fikrlar yakuniy qarorni tayyorlashda inobatga olinadi.





