«Xalq banki» «Forbes» reytingiga kirdi: O‘zbekistondagi bank qanday baholandi?
Nashr dunyo banklarini to‘rt asosiy yo‘nalish bo‘yicha taqqoslagan.

«Xalq banki» «Forbes»ning 2026 yilgi dunyodagi eng samarali banklar reytingiga kirdi. U banklar orasida aktivlari hajmi bo‘yicha kichik toifaga ajratilgan.
«Forbes» va «Statista» hamkorligida tayyorlangan yangi reyting 89 davlatdagi 500 ta bankni qamrab olgan.
Banklar mijozlar so‘rovi asosida emas, asosan moliyaviy ko‘rsatkichlar, ochiq ma’lumotlar va banklarning taqdim etgan hisobotlari asosida baholangan.
Reytingga kirish uchun banklar kamida 3 milliard dollar aktivga ega bo‘lishi, auditorlikdan o‘tgan moliyaviy hisobotlarni e’lon qilishi va kamida uch yillik moliyaviy ma’lumotlarni taqdim etishi talab qilingan.
«Xalq banki» reytingda 3–10 milliard dollar aktivga ega moliya institutlarini birlashtirgan 6-toifa — «kichik banklar» segmentidan joy olgan. Ushbu toifada bankka 142-o‘rin berilgan.
Banklar qanday baholandi
«Forbes» reytingda banklarni to‘rt asosiy yo‘nalish bo‘yicha taqqoslagan. Rentabellik yakuniy bahoning 30 foizini, o‘sish va daromad sifati 20 foizini, kapital va moliyalashtirish barqarorligi hamda aktivlar sifati va samaradorlik har biri 25 foizdan ulushni tashkil etgan.
Rentabellikni baholashda aktivlar daromadliligi, xarajatlar va daromadlar nisbati hamda sof foiz marjasi kabi ko‘rsatkichlar hisobga olingan.
O‘sish indeksi esa daromadlar barqarorligi va mijozlar depozitlari o‘sishi kabi mezonlarga asoslangan.
Banklar aktivlar hajmi bo‘yicha oltita toifaga ajratilgan. 3–10 milliard dollarlik aktivga ega banklar 6-toifaga kiritilgan. Shu orqali turli hajmdagi banklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, o‘z segmentida taqqoslash imkoni yaratilgan.
«Xalq banki» haqida
«Xalq banki»ning bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan. «Forbes» ma’lumotlarida bank 1875 yilda tashkil etilgani va bosh ijrochi direktori Shuxrat Xaldarovich Atabayev ekani ko‘rsatilgan.
Yangi reyting «Forbes»ning avvalgi bank reytinglaridan farq qiladi. Nashrga ko‘ra, mazkur tadqiqotda asosiy e’tibor obyektiv moliyaviy ko‘rsatkichlarga qaratilgan. Jami 500 ta bankning tanlanishi esa reytingni bank sektori samaradorligining global kesimi sifatida ko‘rsatadi.
«Forbes» ta’kidlashicha, reytingda ishtirok etish yoki unga kirish uchun kompaniyalar haq to‘lamaydi.
Bu «Xalq banki»ning reytingdagi o‘rni moliyaviy baholash mezonlari natijasi ekanini anglatadi.





