Logo

Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni ko‘paydi

Bugun 20:552 daqiqa

Sentyabrning dastlabki sakkiz kunida 4 696 nafar yo‘lovchiga bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Toshkent avtobuslariga chiqishda to‘lov joriy etilgach, yo‘lkira to‘lamaganlar soni ko‘paydi © vaqt.uz

Avtobuslarda yo‘l haqini chiqish bilan to‘lash talabi kuchaytirilgan nazorat bilan birga ishlayapti. Ammo qoidabuzarlar soni keskin oshgan. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2026 yil 1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida ishlayotgan barcha shahar avtobuslarida yo‘l haqini to‘lashning yangi tartibi joriy etildi. Unga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi shart.

Shundan so‘ng «Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish» davlat muassasasi nazoratchilari avtobuslarda to‘lov intizomini oshirishga qaratilgan kuchaytirilgan reydlarni boshlagan. Nazorat tadbirlarida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil avgust oyida yo‘l haqini to‘lamay harakatlangan 10 843 nafar yo‘lovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida bayonnomalar tuzilgan. Bu bir kunda o‘rtacha 350 ta holatni tashkil etgan.

Sentyabrda nazorat kuchaydi

Sentyabrning dastlabki sakkiz kunida esa yo‘l haqini to‘lamay yurgan 4 696 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu bir kunda o‘rtacha 587 ta holatga teng.

Shu tariqa, sentabrning 1–8-sentabr kunlarida qayd etilgan kunlik o‘rtacha qoidabuzarliklar soni avgust oyidagi ko‘rsatkichdan 237 taga ko‘p bo‘lgan.

Hisob-kitobga ko‘ra, kunlik o‘rtacha bayonnomalar soni bir oy ichida qariyb 68 foizga oshgan. Demak, yangi tartibning dastlabki kunlarida nazorat bilan bir qatorda yo‘l haqini to‘lamaslik holatlari ham ko‘proq rasmiylashtirila boshlagan.

Bu ko‘rsatkichlar avtobuslarda to‘lov madaniyatini oshirish maqsadida nazorat tadbirlari ancha faollashganini ham ko‘rsatadi. Qoidabuzarliklarni aniqlashda muntazam reydlar asosiy vositalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Teglar

Mavzuga oid