Logo

Markaziy bank valyuta kursini hisoblash tartibini o‘zgartiradi

Bugun 18:551 daqiqa

Yangi mexanizm ichki bozordagi real bitimlarni kengroq aks ettiradi.

Markaziy bank valyuta kursini hisoblash tartibini o‘zgartiradi

2026 yil 15-sentabrdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rasmiy valyuta almashuv kurslari yangi tartibda hisoblanadi. Bundan buyon kurs faqat valyuta birjasidagi bitimlar asosida emas, balki banklararo birjadan tashqari bozordagi bitimlar ham hisobga olingan holda shakllantiriladi.

Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qilishicha, rasmiy kurs birja va birjadan tashqari bozorda tuzilgan bitimlarning o‘rtacha tortilgan kursi asosida belgilanadi. Shu orqali kursni aniqlashda ichki valyuta bozoridagi operatsiyalar doirasi kengaytiriladi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, bu rasmiy almashuv kursini hisoblashda ichki valyuta bozoridagi bitimlarni kengroq qamrab olish va bozor holatini yanada aniq aks ettirish imkonini beradi.

Shuningdek, dam olish kunlari, shu jumladan shanba va yakshanba kunlari uchun oxirgi ish kuni bo‘yicha rasmiy e’lon qilingan kurslardan foydalanish amaliyotiga o‘tiladi.

Avvalroq, O‘zbekistonda ichki valyuta bozorini yanada rivojlantirish va banklar uchun valyuta operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish doirasida 2026-yil 10-avgustdan boshlab valyuta birjasidagi savdolar soat 17:00 ga qadar davom etishi haqida xabar bergan edik.

Yangi tartibga ko‘ra, valyuta birjasidagi savdolar yakunlari asosida 74 ta xorijiy valyutaning so‘mga nisbatan rasmiy kurslari har bir bank ish kuni soat 17:30 da Markaziy bankning rasmiy saytida e’lon qilinmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Markaziy bank valyuta kursini hisoblash tartibini o‘zgartiradi | Vaqt.uz