Mirzamahmudovning Bakirov ustidan arizasi: muammoni hal qilish o‘rniga energosenzurami?
Energetika vazirining Otabek Bakirovga qarshi shikoyati jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. Faollar vazirlikni muammolarni yechish o‘rniga, tanqidchilarni ta’qib qilish va «energosenzura» o‘rnatishga urinishda ayblab, so‘z erkinligi bo‘yicha jiddiy xavotir bildirmoqda.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tomonidan berilgan shikoyat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan qaror bekor qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ish hozirda qayta ko‘rib chiqish jarayoniga kiritilgan.
Vazir avvalgi arizasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganidan so‘ng, 2024-yil 26-dekabr kuni «Bakiroo» telegram kanalida e’lon qilingan bir necha seriyali postlarga huquqiy baho berishni so‘rab Toshkent shahar IIBBga murojaat qilgan edi.
Shundan so‘ng, qariyb 14 oy davomida mazkur ish bo‘yicha tekshiruv olib borildi. 2026-yil 23-yanvar kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Biroq, 2026 yil 25-mart kuni Toshkent shahar prokuraturasi mazkur qarorni bekor qildi. Natijada ish qayta ko‘rib chiqish uchun Yashnobod tumani IIBga yuborildi.
«Mirzamahmudov shikoyatining mazmuni 2024 yil dekabr oyida metan zapravkalarda gaz bor-yo‘qligi va navbatlar haqida ma’lumot beradi, deya taqdim etilgan Avto24 ilovasiga bildirilgan e’tirozlar, shuningdek Toshkent tumanida «rejaga chiqish uchun» paydar-pay gaz va elektr o‘chirilishlari bilan bog‘liq», — deb yozadi Bakirov o‘z blogida.
Bakirovga ko‘ra, shikoyat va qayta ochilgan ish qariyb 1,5 yil avvalgi holatlar bilan bog‘liq bo‘lib, vaziyat deyarli o‘zgarmagan: u post yozayotgan kunda ham elektr ta’minoti uch marta uzilib, jami qariyb 4 soat davom etgan.
Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan so‘ng, jamoatchilik orasida keskin muhokamalar va turli munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.
Jamoatchilik faollari nima deydi?
«Asosiy e’tibor muammolarni hal qilishga emas, balki blogerni ta’qib qilishga qaratilmoqda»
Jurnalist Ilyos Safarov ushbu holatni so‘z erkinligi bilan bog‘liq umumiy fon bilan izohlaydi. U «Chegara bilmas muxbirlar» bahosini eslatib, vaziyat ramziy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi.
«Aynan shu ramziy kunda iqtisodchi Otabek Bakirovning energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning arizasi bilan tergovga chaqirilgani tizimning bugungi qiyofasini yaqqol ko‘rsatib beradigandek», — deb yozmoqda Ilyos Safarov Telegram kanalida.
Safarovning fikricha, eng katta muammo — sohada real muammolar mavjud bo‘lib turgan bir paytda ustuvorliklar noto‘g‘ri qo‘yilayotganida. Uning aytishicha, gaz va elektr uzilishlari, metan zapravkalardagi uzun navbatlar hamda bajarilmagan va’dalar fonida muammoni yoritgan shaxslarga bosim o‘tkazilishi noto‘g‘ri yondashuv hisoblanadi.
«Sohada uzilishlar, metan shoxobchalaridagi turnaqator navbatlar va bajarilmagan va’dalar qalashib yotgan bir paytda, asosiy e’tibor muammolarni hal qilishga emas, balki ularni yozgan blogerni huquqiy ta’qib qilishga qaratilmoqda», — deb yozmoqda Safarov.
Shuningdek, u ishning avval rad etilib, oradan vaqt o‘tib qayta tiklanishini ham xavotirli tendensiya sifatida baholaydi. Bu holat, uning fikricha, mustaqil fikr bildiruvchilarga nisbatan bosim saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi va muammoni hal qilish o‘rniga undan qochish sifatida talqin qilinadi.
«Bakirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish avval rad etilgan bo‘lsa-da, oradan shuncha vaqt o‘tib prokuratura qarori bilan qayta tiklanmoqda. Bu esa mustaqil ovozlarga nisbatan huquqiy bosim davom etayotganidan dalolat beradi», deydi u.
Safarovga ko‘ra, sohasida islohotlarni oxiriga yetkazmagan, aholini barqaror energiya bilan ta’minlashdek strategik vazifada oqsayotgan mulozimlarning tanqidchilarni sudga berishi — bu o‘z aybini jamoatchilik bilan bo‘lishishdan qochish, xolos.
Safarov fikri yakunida vaziyatni keskin baholaydi: «Qiziq, shunday usullar va matbuot xaritasining tobora qizarib borishi bilan o‘rnimiz o‘z-o‘zidan yaxshilanishini kutishyaptimi? Hech qachon! Haqiqatni aytish huquqbuzarlik sanaladigan jamiyatda erkinlik ko‘rsatkichlari «to‘q qizil» hududdan hech qachon chiqib keta olmaydi».
Jurnalist ta’kidlashicha, davlat xizmatlari sifatini tahlil qilish va tanqidiy baholash — bu shu mamlakatda yashaydigan har bir fuqaroning ajralmas, konstitutsiyaviy huquqidir. Bu huquq Asosiy qonun bilan kafolatlangan. Bakirov aynan shu huquqqa tayanib faoliyat yuritmoqda. Ammo tizim mavjud muammolarni bartaraf etish o‘rniga, tahlilchining o‘ziga qarshi chiqishni tanlayotgani xavotir uyg‘otadi. Bu esa amalda sifatni oshirishdan ko‘ra, tanqidni cheklash ustuvor yo‘nalishga aylanib borayotganini ko‘rsatadi.
Fikri so‘nggida Ilyos Safarov Otabek Bakirovni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
«Bu ish matbuotga bosim sifatida tarixda qoladi»
BBC jurnalisti Ibrat Safo mazkur holatga munosabat bildirib, uni so‘z erkinligi va matbuot erkinligi nuqtayi nazaridan baholaydi.
«“Shonli energetik” larimizning boshlig‘i bo‘lmish Energetika vaziri Otabek Bakirovni sudga bergani O‘zbekiston so‘z erkinligi bo‘yicha xalqaro reytingda yanada kamroq ball to‘plagani bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotganida bir hikmat bordek. Sud ekspress tarzda ertaga belgilanibdi, ayblov — yolg‘on ma’lumot tarqatish. Bu sud ishi, qanday yakun topishidan qat’iy nazar, hukumat tomonidan matbuotga qilinayotgan bosim sifatida tarixda qoladi».
U xalqaro tajribani misol qilib keltirib, so‘z erkinligi rivojlangan davlatlarda bunday ishlar qanday ko‘rilishini ta’kidlaydi:
«So‘z erkinligi va matbuot erkinligi qadrlanadigan davlatlarda bu sud ishi yo bekor qilinadi yo jurnalist yoki bloger foydasiga hal bo‘ladi. Masalan, AQSHda Tramp qancha jurnalistlar va OAVni sudga berish bilan tahdid qilgan bo‘lsa ham, muvaffaqiyatli bo‘lmagan. Chunki 1960 yilda New York Times Sullivan ishida shunday pretsedent yaratilganki, jurnalist «qasddan xusumat» bilan chiqish qilmagan bo‘lsa, uning xabari uchun jazolash juda qiyin».
Ibrat Safo, shuningdek. O‘zbekistonda sudlar har qanday davlat taraqqiyoti uchun o‘ta-o‘ta muhim va bir kuni o‘zlari uchun ham asqotishi mumkin bo‘lgan so‘z erkinligini himoya qilishni istashsa, jurnalist va blogerlar hisobiga hukmlar chiqarishni boshlashlari kerakлигini ta’kidlaydi.
«Bakirovning xabar va tahlillari katta kontekstda olib qaralsa, undan jamiyatga qancha foyda bor? Foyda cheksiz, bu shubhasiz. Yana kim mamlakatdagi energetika tizimini u kabi yaxshi biladi va so‘roqqa tuta oladi? Hech kim. Unda qasddan xusumat yo adovat bormi? Yo‘q. Maqsadi nima? Maqsadi – O‘zbekistonda energetika shaffof bo‘lishi va xalq uchun ishlashi».
«Muammo haqida gapirganlar bilan emas, muammoning o‘zi bilan shug‘ullanish kerak»
Ta’lim eksperti Komil Jalilov ham mazkur vaziyat yuzasidan keskin fikr bildirgan va Otabek Bakirovni qo‘llab-quvvatlashini ochiq bayon qilgan. Uning ta’kidlashicha, davlat amaldorlari tanqidga munosabatini qayta ko‘rib chiqishi zarur.
«Davlat tepasidagilar muammo haqida gapirganlar bilan emas, muammoning o‘zi bilan shug‘ullanganlarida boshqacharoq, yaxshiroq O‘zbekiston bo‘lardi, balki», deydi Komil Jalilov.
Shuningdek, Komil Jalilov amaldorlarning javobgarligi va ochiqligi masalasiga alohida urg‘u beradi:
«Agar xalq, soliq to‘lovchilar to‘layotgan pullar hisobidan oylik olayotgan va mana shu soliq to‘lovchilarga hisobdor bo‘lishi kerak bo‘lgan amaldorlarimiz — kim va qaysi lavozimda bo‘lishidan qat’i nazar — agar tanqidga toqatsiz, salga «sha’nlari, obro‘lari aziyat chekadigan» bo‘lsa — davlat ishini yig‘ishtirib qo‘yib boshqa ish bilan shug‘ullanishlari kerak, menimcha», — deydi u.
U, shuningdek, huquq-tartibot organlari faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tadi:
«Huquq-tartibot organlariga esa shundoq ham so‘z erkinligi chegaralari muttasil torayayotgan O‘zbekistonda so‘z aytishga jur’at qilganlar emas, haqiqiy jinoyatchilar, masalan, budjetni «tuya» qilayotganlar bilan shug‘ullanishni maslahat bergan bo‘lardim», — deya yozgan Jalilov.
«Ilova o‘shanda ishlamagani, hamon bir yildan buyon yangilanmayotgani — fakt-ku?»
Jurnalist Shuhrat Shokirjonov ijtimoiy tarmoqda energetika vaziri muammoni hal qilish o‘rniga uni tilga olganlarning ovozini o‘chirishga urinayotganini ta’kidlagan.
Uning yozishicha, Jo‘rabek Mirzamahmudovning qayta-qayta murojaatlari asosida ichki ishlar organlari har safar jinoyat yoki huquqbuzarlik alomatlari yo‘q deb, ish ochishni rad etgan. Biroq so‘nggi arizaga ko‘ra, prokuratura qarori bilan ish yana tiklangan. Bunga ekspertlar tomonidan «obro‘sizlantirish alomatlari bor» degan xulosa berilgani sabab bo‘lgan.
Endi Yashnobod tumani IIB ushbu xulosaga tayangan holda Otabek Bakirov ustidan ma’muriy ish qo‘zg‘ab, ishni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudiga oshirgan.
Qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi кодекснинг 202-2-moddasi «yolg‘on axborot tarqatish» deb ataladi. Unga ko‘ra, shaxsning qadr-qimmatini kamsitishga yoki uni obro‘sizlantirishga olib keladigan yolg‘on axborotni (jumladan OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki internetda) tarqatish uchun BHMning 50 baravari — 20 mln 600 ming so‘m miqdorida jarima nazarda tutilgan.
«O‘zi bu modda 2020 yildagi koronavirus pandemiyasi va karantin chog‘ida vahimali yolg‘on xabarlar urchigan paytda MJTKga tirkaluvdi. Qarang, endi bu maqsadlarda ham foydalanilmoqda ekan», — deya qo‘shimcha qilgan jurnalist.
Shokirjonovga ko‘ra, Bakirov tomonidan bildirilgan tanqidlar real holatlarga — gaz va elektr uzilishlari hamda Avto24 ilovasidagi kamchiliklarga asoslangan bo‘lib, bundan yolg‘on axborot sifatida xulosa qilish noto‘g‘ri.
«Modomiki J. Mirzamahmudov tanqidlardan o‘zini obro‘sizlantirilgan deb his qilgan taqdirda ham, O.Bakirov buni yolg‘on axborot tarqatish orqali amalga oshirgani yo‘q-ku? Ilova o‘shanda ishlamagani, hamon bir yildan buyon yangilanmasdan kelayotgani fakt-ku?»
Shuningdek, u davlat mablag‘i hisobidan yaratilgan ilovaning samaradorligi yuzasidan savol qo‘yadi:
«Davlatning puliga yaratilgan ilova nega risoladagidek ishlamayapti, xalqning og‘irini yengil qilmayapti — bu hech kimni qiziqtirmayaptimi? Masalan, energoarizani qoniqtirgan o‘sha prokuraturani?»
Shokirjonov keyingi postida MJtKning 36-moddasiga ko‘ra, ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, davom etayotgan huquqbuzarliklar uchun esa, huquqbuzarlik aniqlangan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qo‘llanilishi mumkinligina urg‘u bergan.
«Modomiki, huquqbuzarlik sodir etilgan deb topilgan taqdirda ham, Mirzamahmudovning arizasida obro‘sizlantirdi, deb topilgan postlarning so‘nggisi 2024 yilning 9-dekabrida yozilgan.
Demak, ma’muriy jazo qo‘llash mumkin bo‘lgan bir yillik muddat 2025 yilning 9-dekabrida o‘tib bo‘lgan. Sud ham ertaga buni inobatga olsa kerak», deb xulosalagan u.
Shuningdek, One Nexus Group asoschisi Nodir Ruzmatov esa davlat arbobining haqiqiy mahorati fuqarolar bilan bahslashishda emas, balki tizimdagi muammolarni hal qilishda namoyon bo‘lishini qayd etgan.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda mazkur vaziyat energetika tariflari oshirilishi mumkinligi fonida yuz berayotgani ham keng muhokama qilinmoqda. Ayrim foydalanuvchilar voqea ortidan tariflar oshirilishi ehtimoli borligini ham taxmin qilmoqda.
Avvalgi mojaro: «Sag‘bon» podstansiyasi atrofidagi bahslar
Bu Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning Otabek Bakirovga qarshi yozgan birinchi arizasi emas. Avvalroq ham vazir prokuratura va IIVga iqtisodchiga nisbatan shikoyat arizasi kiritganini Bakirovning o‘zi ma’lum qilgan.
Uning aytishicha, shikoyat berilishiga Toshkent shahrining Olmazor tumani va Toshkent viloyatining Toshkent tumaniga elektr energiyasi yetkazib beruvchi «Sag‘bon» podstansiyasi bilan bog‘liq maqola sabab bo‘lgan. Iqtisodchi ushbu nimstansiyadagi doimiy ta’mirlash ishlari va transformatorlar tez-tez almashtirilayotganiga bir necha bor e’tibor qaratgan. Jumladan, fevraldan may oyigacha Energetika vazirligi bu yerda yuzaga kelgan muammolar haqida 6-marta xabar bergan.
Bakirov «Sag‘bon» nimstansiyasini «Mirzamahmudovning energetiklari zeriksa, transformatorlarini almashtiradigan yoki ta’mirlaydigan stansiya» deya ta’riflagan. Shuningdek, u vazirdan «Kreml va «Gazprom»dagi og‘alarga oid vazifalardan bo‘shab», shaxsan ushbu podstansiyaga kelishni so‘ragan. «U yerda yo milliardlarni «yutayotgan» qora o‘pqon bor yo ikkita tumanning yuvilmas qarg‘ishi tekkan», deb yozgan edi u.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur post 2023-yil 5-iyunda e’lon qilingan bo‘lsa, shikoyat 2024-yil 10-oktabrda — deyarli bir yarim yil o‘tib berilgan. Shu bilan birga, ariza berishdan olti kun oldin Mirzamahmudov Bakirov ham boshlovchilardan biri bo‘lgan «Lolazor» podkasti mehmoni bo‘lgan.
«Vazir Mirzamahmudovga ko‘ra, post mazmunida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud va bu bo‘yicha menga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilishi lozim», — deyiladi xabarda.
Bakirovning ta’kidlashicha, «Lolazor» podkastining birinchi soni uchun energetiklarning taklifiga ko‘ra loyiha ishtirokchilari vazir tashrifi kutilayotgan «Sag‘bon» nimstansiyasida bo‘lib, kichik reportaj tayyorlashgan.
«Har qanday holatda ham, shundan keyin bizning Toshkent tumani «Sag‘bon»dan uzilgan va elektr energiyasini boshqa — tumanimizdagi podstansiyalardan olmoqdamiz», — deydi u. Iqtisodchi shikoyat «fuqaro Мирзaмaҳмuдов tomonidan emas, balki vazir Mirzamahmudov tomonidan berilgan»ini alohida ta’kidlaydi.
«Har qanday holatda ham, vazirning bu harakatini energosenzuraga urinish deb qabul qildim. Qisqacha aytganda, ahvoli tobora og‘irlashayotgan energetika sohasidagi muammolarni hal qilish o‘rniga, tanqidni to‘xtatishga va yopiq muhitni kuchaytirishga urinish deb baholayman», — degan edi u.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi esa energetika vazirining mazkur shikoyati asosida Bakirovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
«Boshqarma qaroriga, xususan, AOKA tomonidan o‘tkazilgan ekspertiza xulosasida vazir shikoyatida ko‘rsatilgan vajlar tasdiqlanmagani, shuningdek, shikoyatga sabab bo‘lgan post yozilganiga 1,5 yildan ortiq vaqt o‘tganligi asos qilib olingan. Ichki ishlar organlariga mazkur ish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv va harakatlar uchun fuqaroviy tashakkur bildiraman», — deb yozgan Otabek Bakirov.
Teglar






