Aprelda so‘m kursi qanday bo‘ldi?
Aprel oyi davomida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan 1,8 foizga mustahkamlandi. 1-may uchun belgilangan rasmiy kurs dollarni so‘nggi besh oydagi eng past darajaga tushirdi. Yaqin oylarda so‘mga kuchli bosim bo‘lishi kutilmayapti.

O‘zbekistonda aprel oyida dollarga nisbatan so‘m kursi mustahkamlandi. 1-aprelda 1 dollar 12 194,21 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 30-aprelda rasmiy kurs 11 974 so‘mgacha pasaydi.

Oy davomida so‘m kursi 22 ta savdo sessiyasida dollarga nisbatan 1,8 foizga mustahkamlanib, oy oxiriga kelib 12 000 so‘mdan ham pastga tushib ketdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning yozishicha, aprel oyida tanlab olingan 39 ta valutalarning faqatgina uchtasi dollarga nisbatan qadrsizlangan. Oy davomida dollarga nisbatan eng yuqori mustahkamlangan valuta rubl bo‘ldi.

Oy davomida rubl dollarga nisbatan 8,1 foizga mustahkamlandi (29-aprel holatiga). Shuningdek, aprelda tenge 5,1 foizga, yuan 1 foizga mustahkamlangan.Yirik valutalardan yevro 1,6 foizga, funt 2 foizga, frank 1,4 foizga hamda iyena 0,2 foizga o‘sishga erishgan.
So‘mning mustahkamlanishi aprel oyida chiqarilgan qimmatli qog‘ozlar (1 mlrd dollar ekv), asosiy mehnat bozorimizda valuta kursi yuqori mustahkamlanishining ta’siri, oltinsiz eksportdagi yuqori o‘sish (birinchi chorakda 25 foiz o‘sish kuzatilgan) kabi omillar bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga xorijdan kirib kelayotgan pul o‘tkazmalarining o‘sishi ham dollar kursiga o‘z ta’sirini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. I chorakda xorijiy pul o‘tkazmalari 13 foizdan ko‘proq oshib, 3,8 mlrd dollarni tashkil qilgandi.

Aprel oyida so‘mning kunlik tebranuvchanligi 0,24 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 33 foizga kengaygan. Lekin 2025-yil may—sentabr oylariga nisbatan sezilarli past shakllanishda davom etmoqda. Bu mavsumiy omillar bilan ham izohlanishi mumkin.
Kutilmalar qanday?
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni matbuot anjumanida Kelgusi oylarda so‘mning real almashuv kursiga nisbatan yuqori bosimlar bo‘lmasligi kutilayotganini ta’kidlagandi. Bu yaqin bir necha oy ichida so‘m kursi keskin qadrsizlanib, dollar sezilarli oshib ketmasligi kutilayotganini bildiradi.
Dollar may oyini ham pasayish bilan boshladi. 1-maydan boshlab 1 dollar rasman 11 937,6 so‘mdam hisoblanadi. Bu 2025 yil 3-dekabrdan beri, deyarli 5 oylik eng past ko‘rsatkichdir.
Ayrim banklar allaqachon dollarni 11 900 so‘mdan pastroq narxda sotib olishni boshlab yuborgan.





