O‘zbekistonda o‘rtacha maosh 7 mln so‘mga yaqinlashdi. Uning qo‘shnilarida vaziyat qanday?
VAQT.UZ Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi o‘rtacha oylik maosh qiymati va yuqori daromadli sohalarni o‘rgandi.

Yaqinda O‘zbekiston milliy statistika qo‘mitasi 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mamlakatdagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6,8 mln so‘mdan (taxminan 570 dollar) oshganini ma’lum qilgan edi.
Eng yuqori maosh Toshkent shahrida qayd etilgan (11,6 mln so‘m) bo‘lsa, eng kam maosh Qashqadaryo viloyatida (4,6 mln so‘m) bo‘ldi. Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori ish haqi bank va moliya sohasida saqlanib qolgan (18,5 mln so‘m) bo‘lsa, eng past maoshlar an’anaviy ravishda ijtimoiy sohalar – sog‘liqni saqlash va ta’limda.
VAQT.UZ shu ko‘rsatgichlar O‘zbekistonning qo‘shnilari bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlarida qanday ekani bilan qiziqdi.
Qozog‘iston – 1020 dollar
Qozog‘iston milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning to‘rtinchi choragida mamlakatda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 473 158 tengeni (taxminan 1020 dollar) tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich chorak davomida 10,2 foizga oshgan. Bunday o‘sish yil oxiridagi mukofot va bayram to‘lovlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Qozog‘istonda ishchilar soni 3,8 mln kishini tashkil etgan. Uch oy davomida ularga jami 5,4 trln tenge maosh to‘langan. 2025 yil yakuni bo‘yicha esa ishchilarga jami 20,2 trln tenge to‘langan. Yillik o‘rtacha oylik ish haqi 441 998 tengeni (taxminan 954 dollar) tashkil etib, 2024-yilga nisbatan 9,8 foizga o‘sgan. Qayd etilishicha, bu ko‘rsatkichlar tarixiy maksimal daraja hisoblanadi.

Hududlar kesimida eng yuqori maosh Ostona shahri (659 610 tenge, ya’ni taxminan 1423 dollar), Mangistov viloyati (658 762 tenge, ya’ni taxminan 1421 dollar), Ultav viloyati (648 620 tenge, ya’ni taxminan 1399 dollar), shuningdek, Olmaota (601 126 tenge, ya’ni taxminan 1297 dollar) va Shimkent (364 034 tenge, ya’ni taxminan 785 dollar) shaharlarida.
Eng past maoshlar esa Yattisuv (349 593 tenge, ya’ni taxminan 754 dollar), Jambil (335 794 tenge, ya’ni taxminan 724 dollar) va Turkiston viloyatlarida (324 229 tenge, ya’ni taxminan 699 dollar).

Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida ish haqlari orasida katta farq kuzatilgan. Eng yuqori maoshlar moliya va sug‘urta, konchilik sanoati va karerlarni ishlash, axborot va aloqa sohalarida. Eng past maosh esa qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida.
Qirg‘iziston – 523 dollar
Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi hisobotida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqi 45 ming 734 somni (taxminan 523 dollar) tashkil etishi keltirilgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan u 15,7 foizga oshgan. Qirg‘iziston Milliy banki kursi bo‘yicha bu taxminan 523 AQSH dollariga teng.
Xususiy sektordagi daromadlar (61 ming 123 som, ya’ni taxminan 700 dollar) budjet tashkilotlari xodimlari maoshidan (34 ming 344 som, ya’ni 390 dollar) 1,8 baravar yuqori.
May oyida vaziyat o‘zgarishi kutilmoqda: 1-apreldan boshlab tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar va boshqa budjet sohasi vakillari maoshi 100 foizga oshirildi. Biroq bu o‘zgarishlar statistikada bir necha oydan keyin aks etadi.
Eng yuqori maosh foydali qazilmalar qazib olish korxonalari xodimlarida kuzatilgan – 90 ming 219 som (taxminan 1033 dollar). Ikkinchi o‘rinda moliyaviy vositachilik va sug‘urta sohasi mutaxassislari (89 ming 176 som, ya’ni taxminan 1020 dollar). Uchinchi o‘rinni axborot va aloqa sohasi egallab, o‘rtacha ish haqi 79 ming 211 somni (taxminan 910 dollar) tashkil etgan.

Yil boshida qishloq xo‘jaligi sohasi sezilarli o‘sishni namoyon etdi – maoshlar 28,8 foizga oshib, 34 ming 732 somga (taxminan 400 dollar) yetdi. Shuningdek, ilmiy faoliyat (26,2 foiz) va elektr energiyasi hamda gaz ta’minoti sohalarida ham (26,1 foiz) yuqori o‘sish qayd etildi.
Hududlar kesimiga ko‘ra, Bishkek shahrida daromadlar bo‘yicha yetakchilik saqlanib qolmoqda – o‘rtacha maosh 58 ming 319 somga (taxminan 668 dollar) yetgan. Yuqori ko‘rsatkichlar Issiqko‘l viloyatida ham kuzatilgan (50 ming 667 som, ya’ni taxminan 580 dollar). Eng past maoshlar esa O‘sh viloyatida qayd etildi – bu yerda o‘rtacha daromad 28 ming 216 somni (taxminan 320 dollar) tashkil qiladi.
Ikki raqamli o‘sishga qaramay, inflatsiyani hisobga olganda real ish haqi faqat 5,6 foizga oshgan. Shu bilan birga, xodimlar oldidagi qarzdorlik ham o‘sgan – 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, korxonalar 75 million 100 ming som (taxminan 860 ming dollar) maosh qarzdorligiga ega. Qarzning asosiy qismi Chuy viloyati (52,9 foiz) va Jalolobod viloyati (33,8 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.
Maoshlar o‘sishi fonida mamlakatda ishsizlar soni kamaymoqda. 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, bandlik xizmatlarida 38 ming 300 nafar kishi ro‘yxatda turibdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 19,4 foizga kam. Respublika bo‘yicha rasman ro‘yxatga olingan ishsizlik darajasi 1,3 foizni tashkil etdi.
Tojikiston – 288 dollar
Tojikiston mehnat, migratsiya va aholi bandligi vazirligi ma’lum qilishicha, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra mamlakatda o‘rtacha ish haqi 2,7 ming somonidan (taxminan 288 dollar) oshgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 19,9 foizga yoki 452,9 somoniga ko‘p.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning tegishli farmoniga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab respublikada barcha iqtisodiy va ijtimoiy sohalar uchun minimal ish haqi 1,3 ming somoni (taxminan 138 dollar) miqdorida belgilanadi. Hujjatga ko‘ra, maktabgacha va o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining ish haqi 25 foizga oshiriladi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari, harbiylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va soliq inspektorlari maoshi 20 foizga ko‘tariladi.
Tojikistonda 2026-yilda eng talab yuqori va yaxshi haq to‘lanadigan kasblar asosan moliya sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Moliyaviy sektorda quyidagi mutaxassisliklar yetakchilik qilmoqda: bank xodimlari, menejerlar, moliyaviy tahlilchilar va maslahatchilar. Bu sohada o‘rtacha ish haqi 1670 somonini (taxminan 180 dollar) tashkil etadi. Shu sababli ko‘plab fuqarolar aynan shu yo‘nalishda ishlashga intiladi.
Ikkinchi o‘rinda ombor xo‘jaligi va aloqa bo‘limlari turibdi – bu yerda ish haqi o‘rtacha 1600 somoni (taxminan 170 dollar) atrofida.
Turizm rivojlanayotganiga qaramay, mehmonxona biznesi hali kuchli emas. Shu bois mehmonxona xodimlari maoshi 840 somonidan (taxminan 90 dollar) oshmaydi. Shu daraja restoran biznesi vakillari uchun ham xos. 2026-yilda mehmonxona va restoran sohasida ish haqlari 18 foizga oshirildi. Bu oshirish prezident farmoni bilan emas, balki iqtisodiy vaziyat ta’sirida amalga oshirilgan. Dollar kursining yuqori bo‘lishi natijasida ko‘plab sayyohlar boshqa davlatlar o‘rniga Tojikistonni tanlagani ushbu sohada talabni oshirgan va natijada maoshlar ham ko‘tarilgan.
2025-yil statistikasiga ko‘ra, kontrakt asosida ishlovchi shaxslarning o‘rtacha oylik ish haqi taxminan 160 AQSH dollarini tashkil etgan. Eng talab yuqori kasblardan biri – brokerlik. Bu yo‘nalishda o‘rtacha oylik maosh 1900 somoni (taxminan 200 dollar) bo‘lgan. Tojikistonda dasturchilarga ham talab yuqori. Mamlakat IT sohasida ko‘p hollarda xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi. Shuning uchun respublika hududida kontrakt asosida ishlayotgan chet el fuqarolari, odatda, shu mutaxassislikdagi mahalliy kadrlarga nisbatan ko‘proq maosh oladi.
Savdo sohasida esa daromad ancha past: bozor yoki do‘kon sotuvchilari oyiga 1000 somonidan (taxminan 106 dollar) ortiq olmaydi. Ko‘pchilik fikricha, bu ish katta malaka talab qilmagani uchun maosh ham yuqori emas.
Boshqa ayrim davlatlardan farqli ravishda, Tojikistonda davlat xizmatchilari va amaldorlar maoshi nisbatan past – taxminan 500 somoni (taxminan 53 dollar) atrofida. Kontrakt asosida harbiy xizmat o‘tayotganlar esa oyiga 1300–1500 somoni (taxminan 140-160 dollar) oladi.
Turkmaniston – 400-430 dollar
2025-yilda Turkmanistonda o‘rtacha ish haqi 1400–1500 manat (taxminan 400-430 dollar) atrofida bo‘lgan, amaldagi eng kam ish haqi esa 1280 manatni (taxminan 365 dollar) tashkil etgan. 2026-yilda esa eng kam ish haqi 10 manatgacha oshirilgani aytilgan, shu bilan birga o‘rtacha ish haqi 1410 manatga (taxminan 402 dollar) yetgani qayd etilgan.





