add

Osmonimiz nomusaffo: O‘zbekiston qanday qilib ekologik inqirozdan chiqmoqchi?

Kecha 16:125067 Daqiqa

So‘nggi kunlarda Toshkentni va boshqa shaharlarni chulg‘ab olgan qo‘ng‘ir tusli tutunsimon chang mamlakat miqyosida ekologik vaziyatning zaif nuqtalarini yana bir bor ochiq ko‘rsatib berdi.

Osmonimiz nomusaffo: O‘zbekiston qanday qilib ekologik inqirozdan chiqmoqchi?

Aynan shu holat yangidan tuzilgan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi rahbari Aziz Abduhakimovning ta’biri bilan aytganda, barchamiz uchun «juda jiddiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i» bo‘ldi.

Toshkent havosidagi inqirozga nisbatan davlatning javobi esa avvalgi yillarga nisbatan ancha qat’iy va keng qamrovli bo‘ldi. «Toza havo» milliy loyihasi doirasida energetika, transport, qurilish, issiqxonalar, o‘rmon xo‘jaligi, chiqindilar va infratuzilma sohalarida butunlay yangi yondashuvlar ishga tushirilmoqda.

 

Ekologik siyosatda yangi bosqich: tizimli tahlil va ochiq muloqot

Aziz Abduhakimov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashuvda mamlakatdagi ekologik inqiroz biror-bir muammo yoki fasl bilan bog‘liq emasligiga e’tibor qaratdi. Toshkentda yil davomida havo me’yordan iflos — faqat yozda chang oqimi, qishda esa isitish tizimi, issiqxonalar ta’siri kuchayadi.

Qo‘mita mutaxassislari o‘tgan kunlarda havo ifloslanishiga sabab bo‘lgan omillarni ochiq e’lon qildi: issiqxonalar, issiqlik markazlari, qurilish maydonlari, xususiy sektor isitish manbalari, avtotransport va tabiiy chang oqimlari.

abduhakimov_1

Davlat birinchi marta ekologik siyosatni ko‘p bosqichli, kompleks asosda qayta qurish rejasini e’lon qildi.

 

Shoshilinch choralar: suv manbalari, favvoralar va changni kamaytirish

Qo‘mitaning dastlabki rejasi Toshkentdagi mikroiqlimini yaxshilashdan boshlanadi. Yillar davomida qurib ketgan shahar ichki suv havzalari o‘rnini bosish uchun shaharning to‘rt tomonida 12 ta yangi sun’iy suv havzasi barpo etish ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek:

  • tarixiy ariqlar tizimi qisman tiklanadi;

  • ko‘p qavatli uylardan chiqadigan maishiy oqova suvlari tozalanib, yosh ko‘chatlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi. Bunday uskunalarni o‘rnatish uchun subsidiyalar joriy etish taklif qilindi.

21-noyabrdan boshlab shahar bo‘ylab mavjud 56 ta suv tashuvchi kunu-tun ishga tushirildi. Lekin bu chora yetarli emasligi ochiq aytildi — barcha tumanlarni qamrab olish uchun kamida yana 140 ta mashina zarur.

Shuningdek, mavsum yakunlanganiga qaramasdan, 43 ta shahar favvoralari ishga tushirildi — ularning 38 tasi tun-kun ishlamoqda. Ekologlarning ta’kidlashicha, favvoralar changni o‘tkazmaslik va mahalliy mikroiqlimni bir maromda saqlashda muhim ahamiyatga ega. Keyingi bosqichda favvoralar soni ikki baravar oshiriladi.

 

Qurilish va sanoat: chang, chiqindilar va filtrlar ustidan qat’iy nazorat

Komitet qurilish kompaniyalariga maxsus ogohlantirish yubordi: ekologik me’yorlarga amal qilmagan holda qurilishni davom ettirish mumkin emas. Changni bostirish uchun suv sepish, hududni yopish, chiqindilarni pastki qavatga tushirish qurilmalari kabi talablar bajarilmasa, ob’ektlar to‘xtatib qo‘yiladi.

Sanoat korxonalari uchun esa 1-dekabrga qadar havoga chiqariladigan zararli moddalarni ikki barobar qisqartirish majburiyati yuklandi.

 

Uzoq muddatli choralar: Toshkentda ulkan «yashil belbog‘» va dendroparklar

Shaharning uzoq muddatli ekologik xavfsizligi uchun eng yirik loyihalar ishga tushiriladi:

  • 590 gektar maydonda ikkita botanika bog‘i va ikkita dendropark barpo etiladi;

  • 33 km masofadagi Toshkent katta halqa avtomobil yo‘li «yashil koridor»ga aylantiriladi;

  • moliya yetishmasligi sabab o‘n yillar davomida to‘liq ishga tushmagan 1300 gektarlik yashil belbog‘ga 25 mln dollar ajratiladi.

Aziz Abduhakimov shaharlar o‘rtasidagi ekologik muvozanatni tiklashda ushbu loyihalar hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

 

Issiqxonalar va isitish tizimini gazga o‘tkazish: yangi qat’iy siyosat

Qishdagi smogning asosiy manbalaridan biri — issiqxonalardagi past sifatli ko‘mir ekanligi ochiq tan olindi. Prezidentning PP–181 qarori bilan issiqxonalarni gazga ulash qoidalari keskin qayta ko‘rib chiqildi.

Gazga ulanish huquqiga ega bo‘lish uchun xo‘jalik eksportga yo‘naltirilgan bo‘lishi, qarzi bo‘lmasligi, kamida 50 foiz oldindan to‘lov qilgan bo‘lishi lozim.

726 arizadan 633 tasi tasdiqlandi va gaz bilan 100 foiz ta’minlandi. Lekin davr kech bo‘lgani uchun ko‘pchiligi bu mavsumni ko‘mir bilan yakunlaydi.

Abduhakimovning asosiy talablariga ko‘ra, yo kerakli filtrlar o‘rnatiladi yoki barcha issiqxonalar to‘liq gazga o‘tadi.

Agar issiqxona gazga to‘liq o‘tgan bo‘lsa va undagi uzilishlar gaz ta’minoti korxonasi aybi bilan sodir bo‘lsa, yo‘qotilgan hosil 100 foiz kompensatsiya qilinadi.

Ekologlarning aytishiga ko‘ra, ayrim issiqxonalar shina va mazutni ko‘mir bilan aralashtirib yoqib, ifloslanishni yashirib kelgan. Joriy jazolar bunga to‘sqinlik qilmaydi — shuning uchun alohida qonuniy mexanizm va jiddiy sanksiyalar kiritiladi.

 

Energetika tizimining modernizatsiyasi: IES va IEMlarda yangi filtrlar

bugungi kunda Toshkent va viloyatda 5 ta yirik issiqlik elektr stansiyasi va 9 ta issiqlik elektr markazi faoliyat yuritadi. Ulardan ayrimlari normativdan yuqori ifloslanish manbai edi.

Yangi ma’lumotlarga ko‘ra:

  • Toshkent IEM (aeroport) 99,9 foizlik filtr samarasiga ega;

  • Qibray IESning bir bloki yangilandi, ikkinchisi yil oxirigacha modernizatsiya qilinadi;

  • Angren IES qishdan so‘ng to‘liq yopiladi va 140 mln dollarlik kogeneratsiya stansiyasi bilan almashtiriladi;

  • 9 ta IEMda filtrlar to‘liq almashtiriladi.

Modernizatsiya natijasida zararli moddalar hajmi 242 ming tonnagacha tushiriladi — bu 4,5 barobar kamayishdir.

 

Transport siyosati: ekologik stikerlar va 1000 ta yangi avtobus

2026 yil 1-apreldan avtomobillar uchun ekologik stikerlar joriy etiladi.

1-iyuldan esa davlat tomonidan trade-in dasturi ishga tushishi mumkin:

  • 2000 yilgacha ishlab chiqarilgan mashinalar davlat tomonidan sotib olinadi;

  • mashinalar egalari eskisi evaziga egasi Euro–5 standartidagi avtomobil xarid qilish uchun subsidiya oladi.

Bundan tashqari, 2026 yil oxirigacha Toshkent jamoat transporti parkiga 1000 ta ekologik avtobus olib kelinadi.

 

Qurilishda yangi talablar va onlayn nazorat

Qurilish maydonlari ifloslanishning 6 foziniini tashkil etar ekan, qo‘mita 500 metr kvadratdan ortiq qurilishlar uchun quyidagi talablarni joriy etmoqda:

  • hududning 25 foizi yashil maydonga ajratilishi;

  • suv purkash tizimlari;

  • mashinalar uchun yuvish vannalari;

  • brezentli yopiq maydonlar.

2026 yildan 2028 yilgacha bosqichma-bosqich barcha yirik ob’ektlarda onlayn kameralar va havo monitoringi fon stansiyalari o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

Shina, bitum, plyonka, rezina, sun’iy karton va sanoat chiqindilarini ochiq yoqish mutlaqo man etiladi.

 

Ekologik jarimalar yetarli emas — ular tubdan o‘zgartiradi

Ayni paytda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar uchun 39 ta modda joy olgan bo‘lsa-da, ularning aksariyati uchun jarimalar arzimas qilib belgilangan va samarasiz.

«Masalan, daraxtlarni kesish uchun moratoriy joriy qilingan bzlsa-da, u amalda ishlayotgani yo‘q. Chunki bunday qonunbuzarlik ro‘y bersa, odatga ko‘ra eng kichik darajadagi xodim — qorovul yoki bog‘bon javobgar qilinadi, buyruqni berganlar jazodan chetda qoladi. Jarimalar ham u qadar qo‘rqinchli emas. Bir daraxt kesganlik uchun o‘rtacha 300–800 ming so‘m atrofida. Bu qurilish kompaniyalari uchun sariq chaqa degani», — dedi uchrashuvda qatnashganlardan biri.

Endi yangi tizimga ko‘ra:

  • javobgarlik faqat quyi darajadagi xodimga emas, yuridik shaxsning o‘ziga yo‘naltiriladi;

  • jarimalar zarar hajmiga qarab 5–10 baravar oshiriladi;

  • ayrim hollarda milliardlab so‘mli sanksiyalar joriy etiladi.

Bundan ko‘zlangan maqsad jazolash emas, balki oldindan qo‘rqitish mexanizmini yaratish.

 

Ekopolitsiya: yangi tuzilma, keng vakolatlar

Oxirgi ikki yilda ekologik inspeksiya ko‘plab xatarlar bilan ishlagan — karyerlar, brakonyerlarga qarshi kurash, korxonalarning qarshiligi hatto zo‘ravonlik holatlariga ham olib kelgan.

Shu bois ekologik inspeksiya huquqbuzarlikka qarshi kuch ishlatish huquqiga ega tuzilma sifatida ekopolitsiyaga aylantirildi.

Maqsad — nazoratni kuchaytirish va korrupsiya xavflarini kamaytirgan holda tezkorlikni oshirish.

 

Chiqindilar ustidan nazorat: poligonlarni davlatga qaytarish va yangi zavodlar

220 ta poligonning ko‘pchiligi xavfli va normativlarga javob bermaydi. 2023 yildan inventarizatsiya boshlandi:

  • 30–35 foiz poligonlar yopildi;

  • noqonuniy chiqindixonalar sun’iy yo‘ldosh orqali aniqlandi;

  • xususiy operatorlar ayrim hududlarda chiqindilarni karyerlarga tashlagani ma’lum bo‘ldi.

Bu borada qo‘mita pozitsiyasi qat’iy: poligonlar to‘liq davlat nazoratiga qaytariladi.

Eng katta loyiha — 8 ta zamonaviy chiqindi yoqish zavodi. Ular 2026–2027 yillarda ishga tushsa, chiqindilarning 40–50 foizi qayta ishlanadi. Abduhakimovning ta’kidlashicha, bu yangi zavodlar mutlaqo zamonaviy va «mo‘risidan chiqadigan havo mutlaqo zararsiz» bo‘ladi.

Galofitlar orqali cho‘llanishga qarshi kurash

O‘zbekistonda degradatsiyalangan yerlar va cho‘llanishga qarshi innovatsion chora — galofit o‘simliklaridan foydalanish. Shu maqsadda Xitoy va BAA bilan hamkorlikda ilmiy institut ochildi.

Buxoro, Qoraqalpog‘iston, Navoiy, Qashqadaryo va Jizzaxda 10–15 gektarlik tajriba maydonlari barpo etildi.

Galofitlar:

  • suvsizlikka chidamli;

  • 3–5 yilda tuproqni tiklaydi;

  • tuproq sho‘rlanishni keskin kamaytiradi;

  • chang-to‘zonlarning oldini oladi.

Bu texnologiya millionlab gektar yerlarni iqtisodiyotga qayta qaytarishga imkon beradi.

 

Erta ogohlantirish tizimi: po‘latdek zarur mexanizm

Bo‘fon, chang to‘zoni yoki inversiya — O‘zbekistonda bunday holatlarda aholiga aniq va tez signal beruvchi tizim yo‘q.

Abduhakimov AQSH, BAA va Saudiyadagi kabi early warning system (erta ogohlantiruvchi tizim)ni joriy etishni taklif etdi:

  • SMS xabardorlik;

  • axborot platformalari orqali elanlar;

  • xavf darajasini aniq tushuntirish.

 

Markaziy Osiyo — iqlim o‘zgarishining asosiy qurbonlaridan biri

Orol dengizining qurishi, Tyanshan va Pomir tog‘laridagi muzliklarning tobora erib bitayotganiga, cho‘llanish — bularning barchasi mintaqaning kun tartibidagi eng katta xavflar.

Ammo mintaqaning iqlim haqidagi ovozi kam eshitiladi. Shu bois O‘zbekiston xalqaro institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.

 

Xo‘sh, Toshkent havosini sekin-asta tozalash mumkinmi?

Ekologik siyosatning yangi bosqichi — qat’iy, kafolatlangan va tizimli choralar bilan farqlanadi.

Biroq natija tez bo‘lmaydi. Barcha loyihalar, modernizatsiya, nazorat mexanizmlari va «yashil» infratuzilma 2026–2027 yillarda to‘liq samara berishi kutilayapti.

Aziz Abduhakimovning ta’kidlashicha, bu safar «investor zavod qurmoqchi bo‘lsa, avvalo uning ekologiyaga ta’siri haqida o‘ylanishi kerak».

O‘zbekiston avvalgi yillardagidan mutlaqo boshqa yo‘lni tanladi — toza havo endi «luks» emas, balki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi.

 

Teglar

Mavzuga oid

Osmonimiz nomusaffo: O‘zbekiston qanday qilib ekologik inqirozdan chiqmoqchi? | Vaqt.uz