Logo

O‘zbekistonda 50 trillion so‘mlik 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi

Bugun 20:082 daqiqa

Mamlakat mustaqilligining 35 yilligi arafasida respublika bo‘ylab umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti ishga tushirildi.

O‘zbekistonda 50 trillion so‘mlik 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi © Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda jami 163 ta obyekt foydalanishga topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda davlat rahbari hududlardagi studiyalarga yig‘ilgan keng jamoatchilik vakillarini, ular orqali butun xalqni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan tabrikladi.

Marosimda davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar natijasida iqtisodiyot, sanoat va ijtimoiy sohalarda katta o‘zgarishlar yuz berganini ta’kidladi.

«So‘nggi o‘n yil mamlakatimiz tarixida yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini qurish bosqichi sifatida abadiy muhrlandi», — dedi prezident.

Ta’kidlanishicha, bu davrda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan ziyod oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlariga 160 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, 76 milliard dollarlik 2 ming 163 ta yirik sanoat loyihasi amalga oshirilgan. Qariyb 6 million nafar aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Investitsiya va ish o‘rinlari

Bugungi marosim doirasida umumiy qiymati qariyb 50 trillion so‘m bo‘lgan 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti ishga tushirildi.

Yangi obyektlar hisobiga 15 mingta ish o‘rni yaratilishi, davlat budjetiga esa yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m tushum tushishi kutilmoqda.

«Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz», — dedi davlat rahbari.

Loyihalar energetika, qishloq xo‘jaligi, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon va to‘qimachilik sohalarini qamrab olgan.

Jumladan, Sirdaryoda 1 ming 573 megavattli elektr ishlab chiqarish quvvati, Qoraqalpog‘istonda 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi ishga tushirildi.

Ijtimoiy obyektlar

Yangi obyektlar orasida ta’lim va tibbiyot sohasiga oid inshootlar ham bor. Ular qatorida 36 ta bog‘cha, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi.

Yangi Toshkentda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti majmuasida 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratildi. Universitetda Garvard va Oksford bilan hamkorlikda qator ta’lim loyihalari amalga oshiriladi.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega yangi Milliy kutubxona ochildi. U bir vaqtning o‘zida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Davlat rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.

«Siz yaratayotgan har bir ish o‘rni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Teglar

Mavzuga oid