
O‘zbekistonda soliqlar: 2026 yilda nimalar o‘zgaradi?
2026 yilda O‘zbekistonda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoldirildi. Biroq, soliq siyosatida bir qancha boshqa o‘zgarishlar ko‘zda tutilgan. Masalan, aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilganlar va YTTlar endi aylanmadan 1 foiz soliq to‘laydi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2026 yil uchun O‘zbekistondagi soliq siyosati va stavkalari haqida ma’lumot berdi.
Asosiy soliq stavkalari o‘zgarmaydi
2026 yilda foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foiz, QQS 12 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (budjet tashkilotlari uchun 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliqning bazaviy stavkasi 4 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz miqdorida saqlab qolinmoqda.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan belgilangan 0,95 foiz soliq stavkasi o‘zgarmaydi.
Biznes uchun soliqlar
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan soliq stavkasi 1 foiz miqdorda belgilanmoqda. Bunda quyidagilar bekor qilinadi:
YTTlar uchun qat’iy belgilangan miqdorda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lash;
soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan daromadi 100 mln so‘mdan oshmagan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan ozod qilish.
Aylanmadan olinadigan soliqdan ilk marta QQS va foyda solig‘i to‘lashga o‘tgan soliq to‘lovchilar uchun:
bir yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilish;
6 oy davomida buxgalteriya xizmatlari xarajatlarining har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3,5 baravaridan oshmagan qismini to‘layotgan soliq to‘lovlari hisobidan chegirib tashlanadi.
Yuridik shaxslar tomonidan mol-mulk va yer solig‘i imtiyozlaridan foydalanishda maqsadli ko‘rsatkichlar asosida amalga oshirish tartibini joriy etish taklif etilmoqda. Bunda maqsadli ko‘rsatkich sifatida tovar aylanma va ishchilar soni inobatga olinadi.
Qishloq xo‘jaligi tovarlarini ishlab chiqaruvchilari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari realizatsiyasi uchun 2026 yil 1-yanvardan boshlab QQSning «nol» stavkasi joriy etilmoqda.
O‘z ehtiyoji uchun gips xomashyosini qazib chiqarib, undan tayyor qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga gips olish uchun yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Aksiz solig‘i soddalashtiriladi
Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish, shuningdek, JSTning mahalliy va import qilingan tamaki va alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalarini bosqichma-bosqich birlashtirish talablari paydo bo‘lgan.
Shu maqsadda aroq, konyak va boshqa alkogol mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkasini 2026 yil 1-fevraldan boshlab mahalliy mahsulotlarga 1 litr uchun 48 ming so‘m, import qilinadiganga 1 litr uchun 60 ming so‘m etib belgilash nazarda tutilmoqda. 2026 yil 1-iyuldan stavkalar tenglashtirilgan holda 1 litr uchun 48 ming so‘mdan bo‘ladi.
Shuningdek, 2026 yil 1-fevraldan boshlab mahalliy va import qilinadigan vino va pivo bo‘yicha quyidagi soliq stavkalarini belgilash taklif etilmoqda:
tabiiy vinoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 7 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 12 ming so‘m;
boshqa turdagi vinolarning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 9 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 15 ming so‘m;
pivoning 1 litri uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 3 ming so‘m va import qilinadigan mahsulotlarga 5 ming so‘m.
2026 yil 1-iyuldan boshlab aksiz solig‘i stavkalarini tenglashtirgan holda tabiiy vinoning 1 litri uchun 10 ming so‘m, boshqa turdagi vinoning 1 litri uchun 12 ming so‘m, shuningdek pivoning 1 litri uchun 4 ming so‘m miqdorida belgilash taklif etilmoqda.
2026 yil 1-yanvardan boshlab esa 1 litr iste’mol va texnik etil spirti uchun 15 ming so‘m aksiz solig‘i stavkasini saqlab qolgan holda, etil spirtining bosh fraksiyasiga aksiz solig‘ini 1 litr uchun amaldagi 15 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha pasaytiriladi.
Tamaki mahsulotlari
Tamaki mahsulotlari bo‘yicha soliq stavkalari 2026 yilda oshiriladi. 1-fevraldan sigara, chilim uchun tamaki, o‘rama tamaki, qizdiriladigan tamaki tayoqchasi va veyplar uchun, 1-iyuldan esa filtrli, filtrsiz sigaretlarga soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi.
Bu yerda ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar va import qilinadigan mahsulotlar uchun bir xil stavka qo‘llanadi.
Sigaretlarning ming donasi uchun soliq stavkasini 365 ming so‘m, sigaraning bir donasi uchun 21,5 ming so‘m, chilim uchun tamaki, chekiladigan o‘rama tamakining 1 kg uchun 642 ming so‘m, qizdiriladigan tamaki tayoqchasining 1 kg uchun 481,5 ming so‘m, veyplarning 1 ml uchun 2,14 ming so‘m etib belgilash taklif etilmoqda.
Shakarli va energetik ichimliklar
2026 yil 1-apreldan tarkibidagi shakarning miqdoriga qarab progressiv tartibda soliqqa tortiladi. Tarkibida shakar bo‘lgan 100 ml ichimliklardagi shakar miqdori:
5 grammgacha bo‘lganda 1 litri uchun 500 so‘m (amaldagi stavka);
5 grammdan 10 grammgacha bo‘lganda 1 litri uchun 515 so‘m;
10 grammdan yuqori bo‘lganda 1 litri uchun 535 so‘m;
tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarga 1 litri uchun 500 so‘m;
energetik ichimliklar uchun aksiz solig‘i stavkasi 1 litr uchun 2 150 so‘m.
Bunda, umumiy ovqatlanish sohasidagi korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tayyorlanib iste’molchilarga realizatsiya qilingan ichimliklarning aksiz solig‘iga tortilmasligi bo‘yicha aniqlashtiruvchi qoidalar kiritilmoqda.
Shuningdek, 2026y yil 1-apreldan boshlab iste’molga tayyor 1 kg kartoshka chipslari uchun 15 ming so‘m miqdorda aksiz solig‘ini joriy etish taklif etilmoqda.
Foyda solig‘i
2026 yil 1-yanvardan boshlab foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mgacha oshiriladi.
Tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) elektron savdosini amalga oshiruvchilar uchun foyda solig‘i 15 foiz (amalda 10 foiz) va aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz (amalda 3 foiz) stavkada belgilanmoqda.
Foyda solig‘i bo‘yicha soliq imtiyozlari O‘zbekiston prezidentining qarorlari bilan amortizatsiya qilinadigan asosiy vositalarni tezlashtirilgan amortizatsiya qilish huquqini berish tarzida uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga taqdim etish tartibi joriy etiladi.
Yuridik shaxs tomonidan norezidentga dividendlar to‘lashda foyda solig‘i summasini ilgari soliqqa tortilgan dividend bo‘yicha to‘langan foyda solig‘iga kamaytirish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalari doirasida soliq siyosati va ma’murchiligida 2026 yil 1-yanvardan bir nechta o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda.
Hisobot davrida bir nechta soliq turlari bo‘yicha soliq hisobotlari taqdim etilmagan holatda, barcha taqdim etilmagan hisobotlar bo‘yicha umumiy bitta jarima qo‘llanadi.
Tadbirkorlarga sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha hisoblangan moliyaviy sanksiyalarni 6 oy ichida teng ulushlarda to‘lash huquqi beriladi.
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliq hamda QQS bo‘yicha soliq hisobotlari soliq organlari tomonidan shakllantiriladi.
Teglar






