
O‘zbekistonliklarga AQSH kompaniyalariga erkin investitsiya kiritishga ruxsat berildi
Ilgari bunday operatsiyalar uchun, ayniqsa 10 ming dollardan oshgan investitsiya bitimlarida, hukumatning maxsus ruxsatini olish talab qilinar edi.

2026 yil 1-yanvardan O‘zbekiston fuqarolari va korxonalari uchun AQSHda ro‘yxatga olingan kompaniyalarga investitsiya kiritishda hukumat ruxsatini olish talabi bekor qilinadi. Markaziy bank 16-dekabr kuni kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibiga tegishli o‘zgartirishlar kiritdi.
Bu qaror AQSH bilan investitsiya va moliyaviy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mazkur o‘zgarish prezidentning 2025 yil 11-noyabrda qabul qilingan «Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmonida nazarda tutilgan. Hujjat doirasida ikki mamlakat o‘rtasida biznes aloqalarini rivojlantirish va sarmoyalar harakatini yengillashtirish maqsad qilingan.
Yangi tartibga muvofiq, 1-yanvardan boshlab O‘zbekiston rezidentlari AQSH kompaniyalariga hukumatning alohida ruxsatisiz investitsiya kirita oladi. Pul mablag‘lari O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlarda bo‘lgan taqdirda, investitsiya miqdori bo‘yicha cheklovlar qo‘yilmaydi.
Xususan, rezidentlar AQSHda kompaniya tashkil etish, ustav kapitalini shakllantirish, Amerika kompaniyalarida ulush yoki aksiyalar sotib olish uchun mablag‘ o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, AQSHdagi o‘z filiallari yoki shu’ba korxonalarining aylanma kapitalini to‘ldirish ham erkin amalga oshiriladi.
Ilgari bunday operatsiyalar, ayniqsa 10 ming dollardan ortiq bitimlar uchun, hukumat ruxsatini talab qilar edi. Endi esa AQSHga qaratilgan investitsiya faoliyatida bu cheklov bekor qilinmoqda. Shu bilan birga, boshqa davlatlarga investitsiya kiritish va kapital harakati bilan bog‘liq operatsiyalar uchun amaldagi tartib saqlanib qoladi.
Ekspertlar bu qarorni turlicha baholamoqda. Moliyachi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, yangi tartib moliyaviy oqimlarning qayta taqsimlanishiga olib kelishi mumkin. Uning fikricha, AQSHda ro‘yxatdan o‘tgan, ammo amalda O‘zbekistonda faoliyat yuritadigan kompaniyalar orqali moliyaviy harakatlar rasmiylashtirilishi kuchayadi. Ayniqsa, davlat buyurtmalari, budjet mablag‘larini o‘zlashtiruvchi tuzilmalar hamda o‘zaro affillangan sanoat-moliyaviy guruhlar uchun pul oqimlarini qayta kanallashtirish tendensiyasi kuzatilishi mumkin.
Bakirov cheklovlarning bekor qilinishiga ijobiy munosabat bildirib, ushbu o‘zgarishlar faqat ma’muriy qaror darajasida qolib ketmasligi, balki qonunchilik orqali mustahkamlanishi lozimligini qayd etdi. Uning fikricha, AQSHda siyosiy ma’muriyat almashgan taqdirda ham moliyaviy kanallar barqaror ishlashi uchun huquqiy kafolatlar muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodchi, Abu Dabidagi Nyu York universiteti professori Behzod Hoshimov esa cheklovlarning kamaytirilishini umumiy iqtisodiy mantiqiy qadam sifatida baholaydi.
Uning ta’kidlashicha, kapital harakatiga qo‘yilgan ortiqcha cheklovlar iqtisodiy samaradorlikni pasaytiradi. Ayrim shaxslar yoki tuzilmalar bu imkoniyatlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishi mumkinligini inkor etmagan holda, Hoshimov bunday xavflar ma’muriy taqiqlar bilan emas, balki huquqiy nazorat va jazo mexanizmlari orqali hal qilinishi kerakligini ta’kidlaydi.
Professorning fikricha, uzoq muddatli istiqbolda mazkur o‘zgarishlar O‘zbekiston uy xo‘jaliklari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi. Xususan, fuqarolar AQSH kompaniyalarida aksiya yoki ulush sotib olish, jamg‘armalarini xalqaro moliya bozori orqali diversifikatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu nafaqat sarmoya, balki jamg‘arish madaniyati uchun ham muhim qadam hisoblanadi.





