
Propan narxi: import, tanqislik va nazorat muammolari
O‘zbekistonda propan gazining narxi so‘nggi bir yilda qariyb 50 foizga oshdi, 2026 yil boshiga kelib bu ko‘rsatkich yanada tezlashdi. Vaqt.uz buning «aybdorlari», yechimi va oqibatlarini tahlil qildi.

O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida propan narxi kundan-kunga oshmoqda. Jumladan, 8-yanvar savdo yakunlari bo‘yicha suyultirilgan gazning narxi tonnasiga 9,27 mln so‘mni tashkil etdi. Bunda propan narxi 7,1 foizga ko‘tarildi. Yil boshidan buyon hisoblaganda esa propan qariyb 15 foizga, ya’ni taxminan 1,2 mln so‘mga qimmatladi.
Qizig‘i, narx oshib borayotganiga qaramay, savdolar hajmi 2 ming tonnadan oshmayapti. Ya’ni taklif hajmi o‘tgan yilga nisbatan keskin qisqargan. Masalan, payshanba kuni propan savdosi 1 991 tonnani tashkil etdi, bu 2025 yil 30-dekabrga nisbatan 16,7 foiz kam.
11-dekabrdan buyon propan narxi 28 foizdan ortiqqa oshdi. Natijada, shu muddat ichida bir tonna propan narxi 2 mln so‘mga qimmatlashdi.
Ma’lumot uchun, propan quyish shoxobchalardagi chakana narxlar yil boshidagi 6100–6200 so‘mdan 6800–7000 so‘mgacha oshgan.
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida propan 1,3 foizga qimmatlashgan. Yuqori narx chegarasi esa bir litri uchun 7 ming 600 so‘mni tashkil etgan. 2025 yil yakunlariga ko‘ra esa propan narxi 10,5 foizga arzonlashgan.
Biroq shu o‘rinda yana bir qiziq jihat bor: rasmiy statistika va tovar-xomashyo birjasidagi raqamlar o‘rtasida farq mavjud. Jumladan, 2024 yil 27-dekabr va 2025 yil 30-dekabr holatidagi propan narxlari taqqoslanganda, bir litr suyultirilgan gaz narxi 6 340 so‘mdan 8 087 so‘mgacha oshgan. Bu 27,6 foizlik o‘sishni anglatadi.
Propan qimmatlashuviga «aybdorlar» kim?
Uzoq tanqid va muhokamalardan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi propan narxining keskin oshishi bo‘yicha izoh berdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu bayonotdan quyidagi xulosalarni chiqarish mumkinligini yozmoqda.
Importga qaramlik. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil dekabrida import propanning 65 foizini, 2026 yil yanvar boshida esa 90 foizini tashkil etgan. Bu O‘zbekistonda propan bozorining deyarli to‘liq importga bog‘langanini ko‘rsatadi. Shu sababli narxlarni mahalliy ishlab chiqaruvchilar emas, import qiluvchi kompaniyalar belgilay boshlagan.
Antimonopol muammo. Qo‘mita amalda importchilarga nisbatan samarali choralarni qo‘llay olmayapti. Import bozori bir nechta bog‘langan kompaniyalar qo‘lida jamlangani sababli mahalliy va import propan narxlari o‘rtasida 40 foizgacha tafovut yuzaga kelgan. Mahalliy mahsulot narxi cheklangan, import esa deyarli nazoratsiz qolmoqda.
Mahalliy propan yetkazilishi. Bayonotga ko‘ra, mahalliy propan asosan aholi va ijtimoiy soha uchun yo‘naltirilgani sababli bozorda tanqislik yuzaga kelgan. Biroq aholining bir qismi hali ham gazlashmagan hududlarda o‘tin va g‘o‘zapoyadan foydalanib kelmoqda. Norasmiy manbalarga ko‘ra, gaz qazib olish hajmining kamayishi propan ishlab chiqarishning qisqarishiga yoki ayrim zavodlarning to‘xtashiga olib kelgan.
Axborot va «aybdorlar». Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida AYQSHlarda doimiy monitoring o‘rnatganini ma’lum qilgan. Biroq narx o‘sishi chakana savdodan emas, birja va importchilar faoliyatidan boshlanmoqda. «Baliq boshidan tozalanadi, dumidan emas». Agar nazorat shoxobchalardan boshlansa, bu propanning jismonan yo‘qolishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, axborot tarqatuvchilarni «aybdor» sifatida ko‘rsatish reputatsion va iqtisodiy jihatdan salbiy oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanmoqda.
«Fe’lan propan narxi tinmasdan oshib borayotgan bir paytda, bu haqda yozayotganlar «aybdor» qilib ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari narxlar haqida axborot tarqatmaslikka chaqirilmoqda. Bunday holat yangi O‘zbekiston tarixida avval kuzatilmagan», — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Propan narxining asossiz oshishiga qarshi «yechim»
Raqobat qo‘mitasi bayonot bilan cheklanib qolmadi. Qo‘mita metan gaziga vaqtinchalik cheklovlar fonida propan narxini sun’iy oshirgan bozor ishtirokchilariga nisbatan ishlar qo‘zg‘atganini va birjada narxlarni barqarorlashtirish choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.
Ya’ni bozor ishtirokchilariga birja savdolariga mahsulotlarni to‘liq hajmda va bir maromda chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar yuborilgan. Bu choralar bozorda sun’iy tanqislik va keskin narx o‘zgarishlarining oldini olishga qaratilgani aytilmoqda.
Biroq shunga o‘xshash faollik 2024 yil oktabr –noyabr oylarida ham kuzatilgan. O‘shanda ham profilaktik tadbirlar «zapravkalar»dan boshlanib, ayb asosan shu sohadagi tadbirkorlarga yuklangan edi.
Iqtisodchi Bakirovning fikricha, shoxobchalarga narxni oshirmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berish qisqa muddatli ta’sirga ega. Bu sifat pasayishi yoki «shrinkflyatsiya» — mahsulot hajmining qisqarishiga olib kelishi mumkin. Asosiy yechim esa taklifni oshirish, importga ma’muriy va infratuzilmaviy to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat.
Propan narxiga yuqori chegara qat’iylashtirildi
Spot’ning ma’lum qilishicha, Raqobat qo‘mitasining 2026 yil 9-yanvardagi tegishli ko‘rsatmasiga muvofiq, 12-yanvardan boshlab birja savdolarida suyultirilgan gaz narxini oshirish chegarasi 20 foizdan 10 foizga pasaytirildi.
Shuningdek, propan import qiluvchi korxonalar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun boshlang‘ich narx 1 tonna uchun 7,5 mln so‘mdan oshirilgan taqdirda, buyurtmalar qabul qilinmaydi. Shu tariqa birja narxining yuqori chegarasi 8,25 mln so‘m etib belgilandi.
Propan narxining o‘sishi tasodifiy yoki faqat chakana bozor bilan bog‘liq emas. Asosiy muammo importga yuqori darajada qaramlik, bozorning tor doirada jamlanishi va taklifning cheklanishida. Narxlarni ma’muriy usullar bilan ushlab turish qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo uzoq muddatda bu tanqislik va sifat muammolarini yanada kuchaytiradi. Agar raqobatni oshirish va bozorga kirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmasa, propan bozoridagi narx bosimi yaqin oylarda ham saqlanib qolishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, ya’ni 2024 yil 5-noyabrdan boshlab, propan narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20 foiz miqdorida cheklov joriy etilgan edi.
Teglar






