
Rossiya AQSH sudidagi «Chor Rossiyasi qarzi» da’vosini rad etdi
Moskva 1916 yilgi obligatsiyalar bo‘yicha 225 mlrd dollarlik da’voni qaytarib olishni talab qilmoqda.

Rossiya Federatsiyasi AQSH sudida ko‘rilayotgan «podshohlik qarzi» bo‘yicha da’voni mutlaqo asossiz deb hisoblab, uni ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni talab qildi. Gap amerikaning «Noble Capital» investfondi tomonidan Rossiya imperiyasi 1916 yilda chiqargan obligatsiyalar asosida qo‘zg‘atilgan 225 mlrd dollarlik da’vo haqida bormoqda. Bu haqda javobgar tomon manfaatlarini himoya qilayotgan «Marks & Sokolov» yuridik byurosi hamkori Sergey Sokolov ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, ushbu qarz 1918 yilda Sovet hukumati qarori bilan bekor qilingan. Na SSSR, na hozirgi Rossiya Federatsiyasi mazkur obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatni xalqaro huquq doirasida hech qachon tan olmagan. Sokolov bu qog‘ozlarni «tarix axlat qutisiga tashlab yuborilgan hujjatlar» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, imperiya davridagi qarzlar bo‘yicha huquqiy vorislik masalasi xalqaro amaliyotda ham e’tirof etilmagan.
Rossiya tomoni «Noble Capital»ga 30-yanvarga qadar da’voni qaytarib olish bo‘yicha rasmiy talab yuborgan. Agar belgilangan muddatga qadar bu amalga oshirilmasa, javobgarlar AQSH qonunchiligidagi «Xorijiy davlatlar immuniteti to‘g‘risida»gi qonunga tayanilgan holda ishni ko‘rib chiqmasdan qoldirish haqida sudga iltimosnoma kiritishni rejalashtirmoqda. Bu esa ish mazmunan muhokama qilinmasdanyoq yopilishiga olib kelishi mumkin.
Mazkur da’vo Rossiyaning G‘arb mamlakatlarida muzlatib qo‘yilgan suveren aktivlari atrofidagi muhokamalar fonida ko‘rib chiqilmoqda. Ayrim huquqshunoslar va moliyaviy tahlilchilar «Noble Capital»ning asosiy maqsadi qarzni undirish emas, balki AQSH va Yevropa davlatlarini muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanishning xususiy-huquqiy mexanizmiga yo‘naltirish ekanini ta’kidlamoqda. Bu haqda avvalroq RBK ham xabar bergan.
Mutaxassislar fikricha, da’voning huquqiy istiqboli juda past. Biroq u Rossiya aktivlari taqdiri bo‘yicha xalqaro bahslarga qo‘shimcha bosim va siyosiy fon yaratishi mumkin. Shu ma’noda, «Chor Rossiyasi qarzi» mavzusi tarixiy emas, balki hozirgi geosiyosiy qarama-qarshilikning bir qismiga aylanib bormoqda.





