
So‘nggi shohning o‘g‘li: Isyon ko‘targan eronliklar ismini baralla aytayotgan Rizo Pahlaviy kim o‘zi?
Butun Eron bo‘ylab davom etayotgan norozilik namoyishlarining ko‘plab ishtirokchilari mamlakatga Rizo Pahlaviyni — ayni paytda surgunda yashayotgan so‘nggi Eron shohining o‘g‘lini qaytarishga chaqirmoqda. Pahlaviyning o‘zi ham eronliklarni ko‘chalarga chiqib, oyatullohlar hokimiyatiga qarshi turishga undadi. Xo‘sh, sobiq taxt vorisi haqida nimalar ma’lum va u Eronda qanchalik mashhur?

Valiahd shahzoda Rizo Pahlaviy go‘dakligidanoq vaqti-soati kelib otasining taxtiga o‘tirish uchun tarbiyalangan. Biroq 1979 yilda mamlakatda Islom inqilobi yuz berdi. Bi-bi-si Fors xizmati e’lon qilgan maqolaga ko‘ra, ўша paytda 19 yoshni qarshilagan Rizo Pahlaviy AQSHda harbiy uchuvchilik yo‘nalishida tahsil olayotgan edi.
Valiahd shahzoda olis Amerikada turib, taxtdan ag‘darilgan otasi Muhammad Rizo Shoh Pahlaviyning mamlakatdan qochgani, xorijdan boshpana izlagani va ko‘p o‘tmay — 1980 yildayoq Misrda saraton xastaligidan vafot etganini kuzatishga majbur bo‘ldi. Oqibatda valiahd shahzoda va uning oila a’zolari bir zumda vatansiz qolib, surgun hayotini boshladi.
Keyingi bir necha o‘n yillik davomida shoh oilasida ikki bor mudhish fojia yuz berdi. Rizoning singlisi va ukasi o‘z joniga qasd qildi va u ko‘pchilik tarix sahifalaridan butkul o‘rin oldi deb hisoblagan sulolaning yagona ramziy rahbariga aylandi.
Ammo hozirda 65 yoshli Rizo Pahlaviyda o‘z mamlakati kelajagini shakllantirishda muayyan rol o‘ynash borasida yana umid uyg‘ondi.
U AQSHda, Vashington чеккаsidaги tinch hududlardan birida yashaydi. Tarafdorlarining so‘zlariga ko‘ra, Pahlaviy kamtarona, lekin juda ochiq hayot kechiradi: mahalliy kafelarga tez-tez chiqib turadi, odatda yonida rafiqasi hamrohlik qiladi va bu jarayonda hech qanday ko‘zga tashlanadigan qo‘riqchilar bo‘lmaydi.
2022 yilda, Erondagi avvalgi norozilik namoyishlari to‘lqini paytida undan o‘zini vatandagi isyonkor harakatlar yetakchisi sifatida ko‘rish-ko‘rmasligi haqida so‘rashganda u va rafiqasi Yasmin baravariga: «O‘zgarishlar ichkaridan boshlanishi kerak!» deya javob berishgan.
Biroq so‘nggi paytlarda uning bayonotlaridagi ohang yanada qat’iy tus oldi. Isroilning o‘tgan yili Eronga yo‘llagan zarbalaridan so‘ng, Rizo Pahlaviy Parijdagi matbuot anjumanida agar Islom Respublikasi qulaydigan bo‘lsa, o‘tish davri hukumatiga rahbarlik qilishga tayyor ekanini bildirdi. Shundan so‘ng u mazkur muvaqqat hukumatning dastlabki 100 kunlik ish rejasini bayon qildi.
Pahlaviyning tushuntirishicha, undagi bu ortib borayotgan o‘ziga bo‘lgan ishonch surgunlik hayoti davomida orttirgan saboqlari hamda otasining ishini davom ettirish istagiga tayanadi.
«Gap o‘tmishga qaytish haqida ketayotgani yo‘q. Asosiy maqsad barcha eronliklar uchun demokratik kelajakni ta’minlashdan iborat», - dedi u Parijda jurnalistlarga.
Shohlik davri bo‘yicha bahslar
Surgunlik yillarida Rizo Pahlaviy eronlik monarxiya tarafdorlari uchun muhim ramziy shaxs bo‘lib qoldi. Ko‘plab eronliklar uchun Pahlaviylar davri modernizatsiya va G‘arb bilan yaqin aloqalar o‘rnatilgan davr sanalsa, boshqalar uni senzura hamda shohning maxfiy politsiyasi — SAVAK tomonidan amalga oshirilgan qatag‘onlar zamoni sifatida eslaydi.
1980 yilda Rizo Pahlaviy Misrda o‘zining toj kiyish marosimini o‘tkazib, o‘zini shoh deb e’lon qildi. Ushbu marosim amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega bo‘lmasa-da, bugungi kunda Pahlaviyning muxoliflari aynan o‘sha voqea uning demokratik islohotlar haqidagi hozirgi bayonotlari samimiyligiga shubha uyg‘otishini ta’kidlamoqda.
Rizo Pahlaviy bir necha bor xorijdagi Eron muxolifati koalitsiyasini shakllantirishga uринган. Masalan, 2013 yilda u Eronda erkin saylovlar o‘tkazish bo‘yicha Milliy kengash tuzilganini e’lon qildi. Ammo bunday koalitsiyalar, odatda, ichki kelishmovchiliklar tufayli parchalanib ketar va Eronning o‘zida sezilarli ta’sirga ega bo‘lmas edi.
Shu bilan birga, surgundagi boshqa ba’zi Eron tashkilotlaridan farqli o‘laroq, Pahlaviy har doim qurolli harkatlarni rad etib kelgan. Pahlaviy bir necha bor hokimiyatning tinch yo‘l bilan almashishi hamda Eronning kelajakdagi siyosiy tuzilishi bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirgan.
So‘nggi yillarda Eronda Pahlaviylar sulolasi tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Xususan, 2017 yildagi norozilik namoyishlarida odamlar Rizo Pahlaviyning bobosi — Rizo shoh ismini baralla ayta boshladi.
2022 yil kuzida axloq politsiyasi tomonidan Mahsa Aminiyning o‘ldirilishi butun Eron bo‘ylab norozilik to‘lqinini keltirib chiqardi va Rizo Pahlaviy nomi yana yangiliklar sarlavhalariga qaytdi. U tarqoq Eron muxolifatini birlashtirishga urindi va bu bilan xorijiy hamjamiyat e’tiborini ma’lum ma’noda torta oldi, biroq yakunda ushbu fursatdan to‘laqonli foydalana olmadi.
Rizo Pahlaviyning muxoliflari uning qirq yillik surgun hayoti davomida na hayotiy quvvatga ega tashkilot, na mustaqil Eron ommaviy axborot vositasini yarata olganini ta’kidlashadi.
2023 yilda u Isroilga safar qilib, Xolokost qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda qatnashdi va bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan uchrashdi. Ushbu tashrif yana qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi: ayrim eronliklar buni isroilliklar bilan aloqalarni tiklash yo‘lidagi pragmatik urinish deb baholagan bo‘lsa, boshqalari bunday qadam arab va musulmon ittifoqchilarni uzoqlashtiradi deb hisobladi.
Isroilning Eronga yaqinda bergan zarbalaridan so‘ng, Rizo Pahlaviy qiyin savollarga javob berishiga to‘g‘ri keldi. Bi-bi-si jurnalisti Lora Kyunsberg undan Isroilning Eronga zarbalarini — hatto ular oqibatida tinch aholi zarar ko‘rishi mumkin bo‘lsa-da — qo‘llab-quvvatlash yoki qo‘llab-quvvatlamasligini so‘radi.
U tinch aholi nishonga olinmaganini va Erondagi hokimiyatni zaiflashtiradigan har qanday harakat ko‘pchilik, jumladan, Eron ichidagilar tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshilanishini bildirdi. Uning ushbu bayonoti atrofida yana qizg‘in bahs-munozaralar avj oldi.
Tarafdorlar va tanqidchilar
Rizo Pahlaviy tarafdorlari uni Eron muxolifati ichida dunyo miqyosida tanilgan va tinch yo‘l bilan o‘zgarishlar qilish tarafdori bo‘lgan yagona shaxs deb hisoblaydi. Tanqidchilar esa uning xorijga haddan tashqari bog‘lanib qolganini va Eron aholisi muhojirlikdan kelgan yetakchiga ishonishi amrimahol ekanini aytadi.
bugungi kunda Rizo Pahlaviyning mamlakatda aslida qanchalik mashhur ekanini aniqlashning imkoni yo‘q, chunki Eronda mustaqil ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilmaydi. Kimdir hali ham Pahlaviylar sulolasini hurmat bilan xotirlasa, boshqalarga hech kim tomonidan saylanmagan bir yo‘lboshchini, hatto u demokratik shiorlar ostida kelsa ham, boshqasiga almashtirish g‘oyasi ma’qul kelmaydi.





