add

Tarix takrorlanmoqda: AQSH qanday qilib o‘ziga maqbul bo‘lmagan rahbarlarni chetlatadi?

Kecha 11:152 daqiqa

Qo‘shma Shtatlarning Venesuelaga hujumi deyarli qirq yillik va besh yil avvalgi voqealarni yodga solmoqda.

Tarix takrorlanmoqda: AQSH qanday qilib o‘ziga maqbul bo‘lmagan rahbarlarni chetlatadi?

AQSHning Venesuelaga nisbatan bosimi va harbiy ssenariylar muhokamasi o‘tgan o‘n yilliklar davomida qo‘llangan usullarni eslatmoqda. Xususan, Vashington o‘z manfaatlariga mos kelmagan rahbarlarni chetlatishda harbiy kuch, huquqiy bosim va siyosiy izolyatsiyani bir vaqtning o‘zida qo‘llab kelgan.

1989 yilning dekabrida Panamaning o‘sha paytdagi rahbari Manuel Noriega Moreno AQSHning «Adolatli ish» (Just Cause) deb nomlangan harbiy operatsiyasi oqibatida ag‘darilgan edi. 1990 yil 4-yanvarda Noriega bir necha kun davomida AQSH Qurolli Kuchlari bo‘linmalari tomonidan qamal qilingan Vatikanning Panamandagi elchixonasidan chiqib, ixtiyoriy ravishda taslim bo‘ldi. 1992 yil 10-iyulda Amerika sudi Manuel Noriegani giyohvand moddalar savdosi va tovlamachilikda aybdor deb topib, 40 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Keyinchalik jazo muddati avval 30 yilga, so‘ngra 17 yilga qisqartirildi.

2007 yil avgust oyida Mayami Federal sudi Noriegani Fransiyaga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqardi. U yerda ham Noriegaga qarshi fransuz banklari orqali pul yuvish va narkotik kontrabandasi bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan edi. 2010 yilda Noriega Fransiyaga topshirildi va sud hukmi bilan bank hisob raqamlari musodara qilingan holda 7 yilga qamaldi. 2011 yilda Panamaning sobiq rahbari Fransiyadan o‘z vataniga ekstraditsiya qilindi. Panamada u hali 1990 yillarning o‘rtalaridayoq siyosiy qotilliklarda aybdor deb topilib, sirtdan 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. 2014 yil sentabridan boshlab u mahalliy axloq tuzatish muassasasida jazoni o‘tay boshladi. 2017 yil mart oyida Noriega miya o‘simtasini olib tashlash bo‘yicha operatsiyani boshdan kechirdi va o‘sha yilning 29-mayida 83 yoshida vafot etdi.

Sulaymoniy voqeasi

2020 yil 3-yanvarga o‘tar kechasi Bag‘dod xalqaro aeroporti yaqinida AQSH havo hujumi natijasida Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusining elita bo‘linmasi — «Quds» kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Ushbu zarba oqibatida Iroq shia militsiyasi rahbari o‘rinbosari Abu Mahdiy al-Muhandis ham halok bo‘lgan edi. Vashington ularni 2019 yil 31-dekabr kuni Bag‘doddagi AQSH elchixonasiga hujum uyushtirishga aloqador deb hisoblagan. Pentagon keyinchalik ushbu aviazarba Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan tayyorlangan rejali operatsiya bo‘lganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid