Tramp Eronga 48 soat berdi: Ko‘priklar va elektr stansiyalari nishonda

Bugun 09:103 daqiqa

Donald Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasa Eronni «jahannam» kutayotganini aytdi. IIMK esa «Google», «Apple» va «Microsoft» obyektlariga zarba berish bilan tahdid qilmoqda.

Tramp Eronga 48 soat berdi: Ko‘priklar va elektr stansiyalari nishonda

AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Eron rahbariyatiga oxirgi ogohlantirishni e’lon qildi. Trampning ta’kidlashicha, u avvalroq Eronga kelishuvga erishish yoki Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun 10 kun muhlat bergan edi va bu vaqt tugashiga atigi 48 soat qolgan.

«Vaqt tugamoqda – ularga haqiqiy do‘zax yog‘ilishiga 48 soat qoldi», deb yozdi Amerika yetakchisi.

U Eronning yangi rahbariyatini zudlik bilan harakat qilishga chaqirib, aks holda mamlakatdan «hech vaqo qolmasligini» qo‘shimcha qildi.

Trampning tahdidlari nafaqat ritorika, balki aniq harbiy nishonlarni ham o‘z ichiga oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH qurolli kuchlari Erondagi obyektlarni yo‘q qilishni hali boshlagani ham yo‘q. Nabatdagi nishonlar sifatida mamlakatdagi strategik ko‘priklar, elektr stansiyalari, neft obyektlari, Xark oroli va hatto suvni chuchuklashtiruvchi qurilmalar ko‘rsatilgan. Avvalroq AQSH harbiy havo kuchlari Tehron va Karajni bog‘lovchi «B1» ko‘prigiga zarba bergan edi, bu esa navbatdagi vayronagarchiliklar uchun «debocha» sifatida ko‘rilmoqda.

Bunga javoban Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) Yaqin Sharqdagi AQSH kompaniyalarining 18 ta obyektiga, jumladan, «Microsoft», «Apple», «Google» va «Nvidia» kabi IT-gigantlariga zarba berish bilan tahdid qildi. IIMK allaqachon Dubaydagi «Oracle» data-markazi va Bahrayndagi «Amazon» bulutli hisoblash markaziga hujum qilganini e’lon qildi.

Kiber-urush va texnologik front

Eron tomoni AQSHning texnologik kompaniyalarini harbiy nishon sifatida belgilashi mojaroning yangi bosqichiga o‘tganidan dalolat beradi. Tehronning fikricha, aynan IT-sektori AQSHning Eron ichkarisidagi nishonlarni aniqlash va yo‘q qilishdagi «ko‘zlari va quloqlari» bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu sababli, mintaqadagi AQSH biznes obyektlari, ayniqsa ma’lumotlar markazlari va texnologik xablar yuqori xavf ostida qolmoqda.

IIMKning Dubaydagi «Oracle» markaziga bergan zarbasi Eron rasmiylarining o‘ldirilishiga «to‘g‘ridan to‘g‘ri javob» sifatida talqin qilinmoqda. Bunday harakatlar nafaqat harbiy, balki global raqamli infratuzilmaga ham katta zarar yetkazishi mumkin. AQSH ma’muriyati esa bu hujumlarni javobsiz qoldirmasligini va Eronning iqtisodiy yuragi hisoblangan neft terminallarini nishonga olishini ochiq aytmoqda.

Tinchlik muzokaralari va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi

Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eronning «yangi prezidenti» Vashingtondan o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ragan, biroq AQSH bu so‘rovni faqat Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘liq ochilgan taqdirdagina ko‘rib chiqishini bildirgan. Tehron esa bunday murojaat bo‘lganini rad etmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon neft savdosining 20 foizi o‘tadigan arteriya bo‘lib, uning yopiq qolishi jahon iqtisodiyoti uchun kuniga milliardlab dollar zarar keltirmoqda.

Hozirda ikki tomon ham «chekinish — mag‘lubiyat» tamoyilida harakat qilmoqda. Tramp 6-aprel kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muzokaralar oldidan maksimal bosim o‘tkazishga urinmoqda. Agar 48 soat ichida diplomatik yechim topilmasa, mintaqada nafaqat harbiy obyektlar, balki fuqarolik infratuzilmasi va xalqaro texnologik korporatsiyalarni ham qamrab oluvchi keng ko‘lamli «vayronakor urush» boshlanishi xavfi juda yuqori.

Teglar

Mavzuga oid