add

Yevropa uzoq davom etgan tinchlikdan so‘ng urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda

Kecha 08:284602 daqiqa

Yevropa davlatlarida Rossiya tomonidan xavf kuchayayotgani haqida ochiq ogohlantirishlar yangramoqda. Bunaqasini bir necha yil avval tasavvur ham qilish qiyin edi.

Yevropa uzoq davom etgan tinchlikdan so‘ng urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirmoqda

Yevropada so‘nggi oylarda xavfsizlik masalalariga oid ritorika keskin o‘zgardi. The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, Yevropa yetakchilari va xavfsizlik idoralari aholini Rossiya tomonidan ehtimoliy harbiy tahdidga tayyor bo‘lishga chaqirmoqda. Bu kabi ogohlantirishlar o‘n yil avval deyarli tasavvur qilib bo‘lmas edi.

Bu o‘zgarish AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishish urinishlari fonida yuzaga kelmoqda. Yevropa poytaxtlarida esa ehtiyotkorlik ortib bormoqda: ayrim doiralar fikricha, ehtimoliy murosa Moskva pozitsiyalarini mustahkamlab, NATO va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirishi mumkin.

Germaniya kansleri Fridrix Mers Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi harakatlarini 1938 yildagi Hitler siyosati bilan taqqosladi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina qulashi Rossiya ekspansiyasini to‘xtatmaydi. NATO bosh kotibi Mark Ryutte esa «mojaro ostonada turibdi», deya ogohlantirib, Rossiya besh yil ichida NATOga qarshi kuch ishlatishga tayyor bo‘lishi mumkinligini bildirdi.

Xavotirlar AQSH pozitsiyasidagi noaniqlik bilan yanada kuchaygan. Vashingtonning yangi milliy xavfsizlik strategiyasida Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib sifatida tilga olinmagan. Bu Yevropa razvedka xizmatlari baholariga zid: Buyuk Britaniya MI6 rahbari Blez Metreveli Moskva Yevropa barqarorligini izdan chiqarish urinishlarini davom ettiradi, deya ta’kidladi.

Yevropa davlatlari javob choralarini kuchaytirmoqda. Fransiya va Germaniya majburiy harbiy xizmatni kengaytirishni muhokama qilyapti, NATOning Yevropa a’zolari esa 2035 yilga qadar mudofaa xarajatlarini YAIMning 3,5 foiziga yetkazishga kelishib oldi. Germaniya esa armiya va infratuzilmaga 1 trln dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush uchun javobgarlik Moskva emas, balki G‘arb davlatlari zimmasida ekanini ta’kidlagani haqida xabar bergan edik. 

Teglar

Mavzuga oid