add

Havo sifati inson salomatligi uchun xavfli darajaga chiqqanda nima qilish kerak: 10 ta muhim tavsiya

Kecha 16:254974 Daqiqa

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havo sifati tobora yomonlashib, inson salomatligi uchun o‘ta xavfli darajaga chiqdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday holat bir necha kun davom etishi mumkin.

Havo sifati inson salomatligi uchun xavfli darajaga chiqqanda nima qilish kerak: 10 ta muhim tavsiya

So‘nggi kunlarda Toshkent havosida zararli zarrachalar miqdori keskin ko‘paygan. Ayniqsa, PM2,5-mayda dispersli zarrachalar ruxsat etilgan me’yorlardan oshib ketgan. Bu degani — nafaqat ko‘chaga chiqish, balki uy ichidagi havo ham xavfsiz emas.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ayniqsa PM2.5 – havodagi juda mayda zarrachalar – eng katta xavf omillaridan biri hisoblanadi. Manbalarga ko‘ra, PM2.5 nafaqat nafas yo‘llarini, balki yurak-qon tomir tizimini ham zararlaydi, inson organizmida yallig‘lanish jarayonlarini kuchaytiradi.

Shuningdek, qisqa va uzoq muddatlarda qator kasalliklar:

  • insult va yurak xastaliklari;

  • astma va qon bosimi ko‘rsatkichlarining yomonlashishi;

  • bronx va o‘pka saratonlari;

  • nafas yo‘llari infeksiyalari;

  • alsgeymer, demensiya, II tur diabet kabilarga olib kelishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash tashkilotlari (WHO) havo ifloslanishi «tananing deyarli barcha organlariga ta’sir qilishi» va mavjud kasalliklarni og‘irlashtirishini tasdiqlagan. Xususan, bolalar va o‘smirlar organizmi rivojlanish bosqichida bo‘lgani uchun u eng zaif toifaga kiradi. Bolalar, keksalar, yurak-qon tomir yoki nafas yo‘llarida kasalliklari bor shaxslar havo ifloslanishidan tezroq zarar ko‘radi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (WHO) ma’lumotlariga ko‘ra, havo ifloslanishi ta’sirida har yili taxminan 7 million odam vafot etadi.

Shunday ekan, har bir inson «zaharli» havodan himoyalansin uchun ehtiyot choralarini ko‘rishi zarur. Quyida havoning ifloslanish darajasi ko‘tarilgan paytda bajarilishi kerak bo‘lgan eng muhim 10 tavsiyani taqdim etamiz:

1. Havo sifati yomon bo‘lgan kunlari ochiq havodagi faolliklardan voz keching: havo sifati indeksi (IQAir) bo‘yicha, 150−200 oralig‘i — sog‘lom odamlarga ham ochiq havoda uzoq yurish tavsiya etilmaydi. 200 dan yuqori ko‘rsatgich barcha uchun xavfli hisoblanib, iloji boricha tashqariga chiqmaslik kerak.

2. Ochiq havoga chiqqaningizda sifatli maska taqing: oddiy tibbiy niqob PM2.5ni to‘liq to‘smaydi. Shaxsga mos o‘lchamdagi N95 yoki KN95 filtrli maska havodagi mayda zarrachalarning katta qismini ushlab qoladi. Nafas siqilishi, yurak yoki bronx kasalliklari borlar uchun ayniqsa muhim.

3. Deraza va eshiklarni yoping: uyni shamollatish o‘rniga, deraza va eshiklarni yopiq saqlang. Agar konditsioneringiz bo‘lsa, uni «recirculate» (havoni aylantirish) rejimida yoqing.

4. Uy ichidagi havoni tozalang: iloji boricha uyda filtrli havo tozalagichlardan foydalaning: havo tozalagichlar PM2.5 zarrachalarining 99 foizgacha ushlab qolishi mumkin. Agar tozalagich bo‘lmasa, xonaga nam mato ilib qo‘yish mumkin.

5. Ko‘proq suv iching: tana zararli moddalardan tezroq tozalanishi uchun ko‘proq suv ichish muhim.

6. Dush qabul qiling: tashqaridan qaytgach, tanangizda to‘plangan chang va iflos zarralardan qutulish uchun dush qabul qiling.

7. Tozalashda ehtiyot bo‘ling: havo iflos bo‘lgan kunlarda sprey va o‘tkir hidli tozalash vositalaridan foydalanmang. Chunki bunday vositalar havo sifatini yanada yomonlashtirishi mumkin.

8. Jismoniy mashqlarni cheklang: havo sifati yomonlashganda tashqarida sport mashqlari bilan shug‘ullanmang, chunki nafas tezligi oshganda o‘pka chuqur nafas oladi va zararli zarrachalar ko‘proq kirib borishi mumkin.

9. Uyda energiya sarfini kamaytiring: elektr ishlab chiqarish ham havo ifloslanishi manbai. Kam energiya sarflash orqali atmosferaga chiqindilarni kamaytirishga hissa qo‘shish mumkin, shu bilan birga xarajat ham kamayadi.

10. Havo ifloslanganda iloji boricha antioksidant va yallig‘lanishni kamaytiruvchi moddalar mavjud mahsulotlarni iste’mol qiling: ifloslangan havo oksidativ stressni oshiradi. Ratsionga:

  • C vitamini (sitrus, qoraqat);

  • Ye vitamini (yog‘li yong‘oqlar, avokado);

  • Omega-3 (baliq, chiya);

  • Kurkuma, ko‘k choy va brokkoli kabi mahsulotlarni qo‘shish mumkin.

Havoni ifloslamaslik uchun nimalar qilmaslik kerak?

Havo sifati yomonlashishiga faqat sanoat va katta korxonalar yemas, balki kundalik odatlarimiz ham sabab bo‘lishi mumkin. Ekologlar fikriga ko‘ra, shaxsiy faoliyatni o‘zgartirish orqali shaharlardagi chiqindi gazlar, azot dioksidi va PM2.5 miqdorini sezilarli kamaytirish mumkin. Bu nafaqat atrof muhitga, balki o‘z salomatligimizga ham ijobiy ta’sir qiladi.

Birinchi navbatda avtomobildan foydalanishni qisqartirish muhim: mahalliy do‘konlarga piyoda yoki velosipedda borish, ishga jamoat transportida yurish, bir manzilga ketayotganlar bilan mashina bo‘lishish (carpooling) yonilg‘i sarfini va chiqindilarni kamaytiradi. Shu bilan birga, dizel kabi yonilg‘ilarda ishlaydigan transportni kamaytirish va gibrid yo elektr avtomobillarga o‘tish havodagi azot oksidi miqdorini pasaytiradi.

Uyda energiyani tejash ham muhim. Yoritish va maishiy uskunalardan oqilona foydalanish, energiya tejaydigan texnikaga o‘tish issiqlik va elektr ishlab chiqarishdagi chiqindilarni kamaytiradi. Yog‘och, ko‘mir, to‘kilgan barg va chiqindilarni yoqishdan voz kechish esa havodagi mayda zarrachalar chiqishini keskin kamaytiradi.

Oziq-ovqat tanlovlari ham havoga ta’sir ko‘rsatadi. Ilmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, chorvachilik ammiak va havo chiqindilarining katta manbalaridan biri. Shuning uchun go‘sht va sut mahsulotlari iste’molini qisqartirish, o‘simlikka asoslangan ratsionga o‘tish ekologik yukni kamaytiradi.

Shuningdek, ko‘proq daraxt ekish, yashil maydonlar yaratish, atrofni doimo toza saqlash ham havo sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Ruxsora Jovliyeva tayyorladi

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 2

Barchasi

Mavzuga oid