
1-yanvardan tadbirkor ayollar uchun yangi moliyaviy mexanizmlar joriy etiladi
2026 yil 1-yanvardan HAMROH dasturi doirasida tadbirkor ayollar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha kredit ajratiladi.

Qonunchilikka muvofiq, 2026 yil 1-yanvardan HAMROH tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning biznes tashabbuslarini moliyaviy rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar amalga kiritiladi. Yangi tartiblar kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining faolligini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishni maqsad qiladi.
Joriy etilayotgan mexanizmlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri kredit ajratish tartibidir. Unga ko‘ra, tijorat banklari ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan yoki rahbari ayol hisoblangan kichik va o‘rta biznes sub’ektlarining loyihalariga kredit ajratadi. Bu loyihalar kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutishi shart.
Kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori darajadan oshmasligi belgilangan. Kredit miqdori esa bazaviy hisoblash miqdorining 25 ming baravarigacha etib belgilanadi. Bu esa tadbirkor ayollarga ishlab chiqarish va xizmatlar hajmini kengaytirish uchun salmoqli moliyaviy resurs jalb etish imkonini beradi.
Shu bilan birga, kafillik berish mexanizmi ham nazarda tutilgan. «Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tomonidan tijorat banklari ajratadigan kreditlarning 70 foizigacha bo‘lgan qismiga kafolat taqdim etiladi. Mazkur instrument kredit xatarlarini kamaytirish va banklar tomonidan moliyalashtirishni faollashtirishga qaratilgan.
Mutasaddilarga ko‘ra, ushbu mexanizmlar tadbirkor ayollarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va ayollar bandligini oshirishga xizmat qiladi.





