Qo‘li qichigan deputatlar va ilk musulmon senator — Dunyoda nima gap?
Millionlab dollarlik uyushtirilgan kampaniyalarni yengib chiqqan va moliyaviy yordamlarni rad etgan musulmon nomzod senator bo‘ldi, ichida milliarder bo‘lgan samolyot yerga qulab tushdi. Moskvada terakt uyushtirmoqchi bo‘lgan yigit, Qozog‘istonda davlat to‘ntarishi qilmoqchi bo‘lganlar ushlandi.
20 yoshli qiz boshqaruvidagi samolyot qulab tushdi, hech kim tirik qolmadi. O‘yin vaqtida futbolchining yuragi to‘xtab qoldi va vafot etdi, sababchi — darvozabon, u «shok» holatida. Bir qator prezidentlar so‘z erkinligi va matbuotga dushman deb topildi. Tramp jihodchi deb atagan musulmon senator bo‘lishi mumkin. Uni Obama ham qo‘llab-quvvatladi. Deputatlar o‘rtasidagi dahanaki jang va boshqa voqealar haqida shu videoda gaplashamiz.
Okean ortidagi aviahalokat
Trampning qarorgohi yaqinida katta tezlikdagi shaxsiy samolyot avtomobil yo‘liga qulab tushdi. To‘qqiz kishi, jumladan, biznesmen va uning oilasi halok bo‘ldi. Gap Palm-Bich okrugida 1-noyabr kuni Biznes-jet deb ataladigan Learjet 60 rusumli xususiy samolyot haqida ketyapti. Halokat Amerika prezidenti Donald Trampning Mar-a-Lago qarorgohidan 10 kilometrdan biroz ko‘proq masofada sodir bo‘lgan. Hech kim omon qolmadi, bolalar ham bo‘lgan. Hodisa oqibatida avtomobil haydovchisi ham jarohat olgan. Bir necha yuz kishi evakuatsiya qilingan. Xo‘sh, aviahalokat qanday ro‘y berdi?
Samolyot Bagama orollari tomon uchib ketayotgandi. Bortda IT tadbirkori va milliarder Adam Robinson bilan uning rafiqasi, to‘rt va ikki yoshli bolalari bor edi, enaga va oilaning do‘stlari ham ular bilan birga uchgan. Samolyotni ikki uchuvchi boshqargan. Ulardan biri — katta tajribaga ega 55 yoshli kapitan Jeff Gregoriy, ikkinchisi esa 20 yoshli Nataliya Figeyras bo‘lgan. Ayrim nashrlarda uning yoshi 21 deb ko‘rsatilgan. Dispetcherlar bilan aloqani aynan Figeyras olib borgan. O‘zi bu 20 yoshli qiz boshqarish huquqiga bormidi? Aytilishicha, u 17 yoshida samolyot boshqarish litsenziyasini olgan. Uchuvchi qiz mahalliy telekanallardan biriga o‘limidan ancha oldinroq bergan intervyusida sinfdoshlari mustaqil ravishda mashina haydashni «zo‘r» deb hisoblagan bir paytda, o‘zi uchun samolyot boshqarish ancha maroqli ekanini aytgan. Aviahalokatga qadar Figeyrasning samolyot boshqarish bo‘yicha tajribasi taxminan 1300 soatni tashkil etgan.
Parvoz davomida ob-havo sharoiti ancha og‘ir bo‘lgan. Samolyotdagi suhbatlarning audioyozuvidan ma’lum bo‘lishicha, ekipaj dispetcherlarga samolyotning fyuzelyajida, ya’ni asosiy korpusida muz qatlami paydo bo‘layotganini aytgan. Bu paytda havo harorati minus 47 daraja bo‘lgan. Shuningdek, samolyot kuchli turbulentlikka duch kelgan. Uchuvchilar balandroqqa ko‘tarilish uchun ruxsat so‘ragan.
Dispetcher ularga balandlikni oshirishga ruxsat bergan. Biroq taxminan 30 soniya o‘tib, ekipaj favqulodda vaziyat yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Samolyot keskin va nazoratdan tashqari tarzda pasayishni boshlagan. Uchuvchilar halokatdan oldingi so‘nggi gapida «Biz yerga urilamiz» deya baqirgan. Figeyras esa «Tashqariga qara!» deb qichqirgan.
Audioyozuvda halokatdan bir necha soniya oldin erkak kishining duo o‘qiyotgani ham eshitiladi. Bu kapitan Jeff Gregoriy bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Learjet 60 samolyotini Ostin shahrida joylashgan «Upper Jets» kompaniyasi boshqargan. Kompaniya xususiy biznes-samolyotlarni charter, ya’ni buyurtma asosida ijaraga berish bilan shug‘ullanadi. «Upper Jets» halokat sabablarini o‘rganayotgan aviatsiya organlari bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. Ushbu samolyot modelini ishlab chiqaruvchi Bombardier kompaniyasi ham tergov jarayonida ishtirok etayotganini bildirgan, biroq qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortgan.
Taxminlarga ko‘ra, samolyotga tushgan haddan tashqari kuchli yuklama sabab uning asosiy korpusi hali havoda bo‘lgan paytidayoq parchalana boshlagan bo‘lishi mumkin. Tergovning dastlabki bosqichida samolyot bo‘laklarini yig‘ish va ularni o‘rganish talab etiladi. Chunki parchalar katta hududga sochilib ketgan.
Sohaga ixtisoslashgan nashrlar Learjet 60 rusumli samolyotlarda kabinadagi suhbatlarni yozib boruvchi maxsus qurilma — ovozli «qora quti» bo‘lishi shartligini ta’kidlamoqda. Biroq video efirga tayyorlanayotgan vaqtda ushbu qurilma topilgan-topilmagani noma’lum edi. Samolyotning parvoz davomidagi tezligi, balandligi va boshqa texnik ko‘rsatkichlarini qayd etadigan parametrik «qora quti» esa Learjet 60 samolyotida bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Qonunchilikka ko‘ra, 10 nafargacha yo‘lovchi tashiydigan samolyotlarga bunday qurilmani o‘rnatish majburiy emas. Siz samolyotda o‘zingizni qanday his qilasiz, albatta yozib keting.
Joni uzilgan futbolchi, darvozabon «shok»da
Ispaniyada «Tenerife» futbol klubining 30 yoshli hujumchisi Xesus de Migel «Andorra» klubiga qarshi o‘yin vaqtida, raqib darvozaboni Xesus Ovono bilan ro‘y bergan to‘qnashuvdan keyin vafot etdi. Hodisa Ispaniya chempionatining ikkinchi divizioni doirasida «Eliodoro Rodriges Lopes» stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ro‘y berdi. Ovono raqib hujumini to‘xtatish uchun jarima maydonidan chiqib keldi va maydon markaziga yaqin bo‘lgan hududda tizzasi bilan de Migelning ko‘krak qismiga zarba berdi.
Hujumchi esa to‘qnashuvdan o‘zini olib qocha olmagan va hushini yo‘qotib, gazonga quladi. Holat jiddiyligini darhol payqagan ikki jamoa futbolchilari ham tibbiyot xodimlarini chaqirishni boshladi, ulardan ayrimlari yig‘lab yubordi.
Shifokorlar maydonga yugurib chiqdi va jabrlanuvchiga uzoq vaqt davomida yordam ko‘rsatdi – uning yuragi to‘xtab qolgandi. Yakunda yurak faoliyati tiklangan va de Migel shifoxonaga olib ketilgan. O‘yin davom ettirilmadi. 2-noyabr kuni kechqurun futbolchining holati og‘irligi, lekin barqarorligi aytildi. Ammo tunda vaziyat yomonlashgan. Mahalliy vaqt bilan 3-noyabr kuni ertalab soat 8 da esa futbolchining joni uzilgan.
«Andorra» darvozaboni Xesus Ovonoga to‘qnashuvdan keyinoq qizil kartochka ko‘rsatilgan. U uzoq muddatga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin, jinoyat ishi ochilishi ham istisno etilmayapti. Ispaniyada ehtiyotsizlik ortidan odam o‘ldirganlik uchun to‘rt yilgacha qamoq jazosi ko‘zda tutilgan, biroq sud futbolchining xatti-harakatlari yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xavf doirasidan qanchalik chiqqanini baholashi lozim.
Ovono de Migelning o‘limi yuzasidan omma oldida munosabat bildirmadi. Ammo u ro‘y bergan voqeadan qattiq afsusdaligi, «shok» holatdaligi aytilmoqda.
Qo‘li qichigan deputatlar
Deputatlar sizningcha qanday bo‘lishi kerak? Mushtlashgan deputatlarni ko‘rganmisiz? Bu aksar mamlakatlar parlamentida odatiy holga aylanib ulgurgan. Masalan, navbatdagi ana shunday mushtlashuv Armanistonda hukmron va muxolifat partiya deputatlari o‘rtasida yuz berdi.
Mushtlashuv 29-oktabr kuni hukmron «Fuqarolik shartnomasi» hamda muxolifatdagi «Kuchli Armaniston» partiyalari deputatlari o‘rtasida ro‘y berdi. Ziddiyat deputat Taron Chaxoyanning chiqishi vaqtida yuzaga kelgan dahanaki jangdan boshlangan.
To‘qnashuv vaqtida parlament vitse-spikeri Vaagn Aleksandan muxolifatchilar tomonga stul uloqtirgan. Deputatlardan birining burni qonagan, boshqasining kiyimi yirtilib ketgan. Majlis to‘xtab qolgan, ammo majlis translyatsiyasi to‘xtatilmadi.
Xavfsizlik xizmati xodimlari aralashuviga qaramay, janjal parlament binosi koridorida ham davom etdi. Bu Armaniston parlamentida deputatlar o‘rtasida sodir bo‘lgan birinchi ommaviy mushtlashuv emas. Oktyabr oyining boshida ham parlament binosida muxolifat va hukmron partiya vakillari o‘rtasida mushtlashuv bo‘lgandi.
Oldi olingan terakt
31-oktabr kuni AQSHning Rossiyadagi elchixonasi «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasi hududida terakt sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Germaniyaning Moskvadagi elchixonasi ham o‘z fuqarolariga shunday ogohlantirish berdi. O‘sha kuni muzey-qo‘riqxona «texnik sabablarga ko‘ra» yopildi. Ertasi kuni esa hudud yana tashrif buyuruvchilar uchun ochildi. Sal vaqt o‘tib, Moskvada terakt tayyorlanayotgani haqidagi xabarni o‘smir yigit TikTok’da tarqatgani aniqlandi. O‘smir qo‘lga olingan, uning shaxsi oshkor qilinmagan. Videoda o‘smirning harbiy uslubdagi kiyim, yuzni berkituvchi niqob, kepka, ko‘zoynak va quloqchin taqib, avtomatga o‘xshash buyum bilan tushgan suratlari bo‘lgan. Shuningdek, unda Moskvadagi «Saritsino» muzey-qo‘riqxonasidan olingan fotosuratlar va ingliz tilida «Men joy topdim» degan yozuv keltirilgan. O‘smir Telegram’dagi «neonatsistik kanal»ga obuna bo‘lgan va ommaviy qotilliklar haqida ma’lumot izlagan. Gap aynan qaysi kanal haqida ketayotgani noma’lum.
Qozog‘istonda davlat to‘ntarishiga urinishda gumonlanib 10 kishi ushlandi
Qozog‘istonning Atirau shahrida ekstremistik guruh tuzish va mamlakatda davlat to‘ntarishi rejalashtirishda gumon qilingan 10 kishi qo‘lga olindi. Guruh a’zolari mamlakatning g‘arbiy hududida konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishni rejalashtirgan. Qo‘lga olish amaliyoti 30-oktabr kuni prokuratura organlari nazorati ostida, sudgacha bo‘lgan tergov doirasida o‘tkazilgan. Gumonlanuvchilar ekstremistik guruh tuzish va unga rahbarlik qilish, uning faoliyatida qatnashish, terrorizmni targ‘ib qilish hamda diniy adovatni qo‘zg‘atishda ayblanmoqda.
Qo‘lga olinganlarning uylarida o‘tkazilgan tintuv chog‘ida o‘qotar qurollar, giyohvand moddalar, diniy buyumlar va adabiyotlar olib qo‘yilgan. Shuningdek, bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan uchta yashirin ta’lim markazi faoliyati tugatildi. Ushlanganlarning ba’zilari ilgari terrorizm va boshqa jinoyatlar uchun sudlangan. Tergov manfaatlari nuqtai nazaridan boshqa ma’lumotlar oshkor etilmadi.
Matbuot «dushmanlari»
Tramp, Putin, Erdog‘an va To‘qayev matbuot erkinligining «dushmanlari» ro‘yxatiga kiritildi. «Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti 2026-yilda matbuot erkinligiga eng katta tahdid solayotgan 33 nafar shaxs va tashkilotdan iborat ro‘yxatni e’lon qildi.
2-noyabr — Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni munosabati bilan e’lon qilingan ro‘yxatga AQSH prezidenti Donald Tramp ham kiritildi. Trampning ikkinchi prezidentlik davrida jurnalistlarga bosim kuchaygan, OAVga nisbatan hujumlar siyosiy bayonotlardan amaliy cheklovlarga o‘ta boshlagan. AQSH 2026-yilgi matbuot erkinligi indeksida 64-o‘rinda qayd etilgan.
Ro‘yxatga kiritilganlar orasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an, Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon hamda amerikalik tadbirkor Ilon Mask kirdi.
Shuningdek, ro‘yxatdan Xitoy Kommunistik partiyasi, Isroil armiyasi, Rossiyaning Roskomnadzor idorasi, Meta va Alphabet korporatsiyalari ham o‘rin olgan.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari orasida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ro‘yxatga kiritilgan. U jurnalistlar va OAVga nisbatan asossiz sud ishlarini qo‘zg‘atish orqali bosim o‘tkazish bilan bog‘liq «Huquq» toifasiga joylashtirgan.
Tashkilot matbuot erkinligiga tahdidlarni besh yo‘nalishga ajratgan: siyosiy bosim, kuch ishlatish, huquqiy ta’qib, iqtisodiy ta’sir va jamiyatda jurnalistlarga nisbatan nafrat uyg‘otish. Aytilishicha, matbuot erkinligiga qarshi harakatlar ortida aniq shaxslar va tashkilotlar turadi. Ularning kimligini va jurnalistlarga bosim o‘tkazish usullarini oshkor qilish ushbu ro‘yxatning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Tashkilot mazkur ro‘yxat rasmiy jinoiy ayblov yoki sud hukmi emas, balki jurnalistikaga qarshi harakatlarni ko‘rsatuvchi tanqidiy antireyting ekanini qayd etgan.
Amerikada musulmon senator bo‘lishiga qarshi chiqishdi, lekin u uddaladi
Michigan Senat nazoratini belgilaydigan shtatlardan biri bo‘lgani uchun Abdul Al-Said respublikachilarning asosiy nishoniga aylandi. Hujumlar ikki yo‘nalishda kechmoqda. Birinchisi — uning qarashlari, ayniqsa Isroil masalasidagi pozitsiyasi. Al-Said Isroilga harbiy yordamni to‘xtatishni yoqlaydi, G‘azodagi urushni esa «genotsid» deb atagan. Bu va boshqa progressiv qarashlari sabab respublikachilar uni «radikal» deb tasvirlaydi. Bu mavzu orqali ular demokratiklarning an’anaviy tarafdorlari — yahudiy saylovchilarni ham og‘dirishga urindi.
Ikkinchi va eng ko‘p bahs uyg‘otgan yo‘nalish – uning e’tiqodi. Tramp so‘nggi haftalarda Al-Saidning musulmonligini bir necha bor nishonga olgan, jumladan, uni ikkinchi ismi bilan «Muhammad» deb atagan. Oktyabr boshida Truth Social’da u Al-Saidni «radikal ekstremist, terrorchilarga xayrixoh» deb yozgandi.
25-oktabrda Michigandagi mitingda Tramp yanada keskin gapirib, «Men bu yerga jihodchi, “Musulmon birodarlar” a’zosining AQSH senatori bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun keldim», dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Al-Said «Senatga kiritilishidan oldin metall detektordan o‘tishga majbur bo‘ladigan yagona senator bo‘ladi».
Saylov kampaniyasi davomida unga qarshi respublikachilar va turli siyosiy lobbi guruhlari tomonidan millionlab dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Uning nomzodini qoralash, siyosiy obro‘siga putur yetkazish va reklama kampaniyalari orqali yo‘lini to‘sish uchun juda katta mablag‘ sarflangan.
Abdul Al-Said yirik korporatsiyalar va siyosiy harakat qo‘mitalarining (PAC) katta miqdordagi moliyaviy yordamlaridan rasman voz kechgan. U o‘z kampaniyasini oddiy xalqning kichik xayriyalari hisobidan moliyalashtirib, yirik moliyaviy tizimlar ta’siriga tushmasligini isbotlagan.
Al-Saidning g‘alabasi avvalo tarixiy voqea bo‘ldi: Vakillar palatasida musulmon a’zolar bor, biroq Senatga shu paytgacha birorta musulmon saylanmagan.
Siyosiy jihatdan bu o‘rin demokratiklarning Senatni qo‘lga olish rejasi uchun hal qiluvchi. Demokratlar Trampning qolgan ikki yilida uning qonun tashabbuslarini to‘xtatishi va tayinlovlarini tasdiqlamasligi mumkin. Al-Said siyosatda korporativ pullarni taqiqlash, davlat hisobidan hamma uchun tibbiy sug‘urta, milliarderlar boyligiga soliq va arzon uy-joyni va’da qilmoqda.





