Maishiy gaz ballonlarini «zapravka»larda to‘ldirganlik uchun jarima joriy etildi
O‘zbekistonda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida maishiy gaz ballonlarini to‘ldirganlik hamda savdo markazlari egalari tomonidan yong‘indan majburiy sug‘urtani rasmiylashtirmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilandi.
© yadex mapsMa’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun yangi jarimalar kiritildi. Tegishli o‘zgarishlar 2026-yil 2-noyabrdagi 1186-son qonun bilan belgilangan. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Yangi qonunga muvofiq, avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida iste’molchilarga suyultirilgan gazni maishiy gaz ballonlariga quyib berish uchun jarima joriy etildi. Bu qoidabuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 baravaridan 5 baravarigacha, ya’ni 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha jarima solinadi.
Shuningdek, bozorlar, savdo majmualari va savdo-ko‘ngilochar markazlar egalari yong‘in tufayli uchinchi shaxslar hayoti va sog‘lig‘iga yetkaziladigan zarar uchun fuqarolik javobgarligini hamda obyektni yong‘indan majburiy sug‘urta qilmagan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga BHMning 50 baravaridan 75 baravarigacha (22 mln so‘mdan 33 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Mansabdorlarning noqonuniy aralashuvi va yong‘in auditi
Qonunga ko‘ra, mansabdor shaxs yer ajratish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish yoki qurilgan obyektni foydalanishga qabul qilish jarayonlarida vakolatli organ va xulosa beruvchilarning ishiga o‘z vakolatidan foydalanib noqonuniy aralashsa, unga BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (44 mln so‘mdan 66 million so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, yong‘in auditini o‘tkazish talablari buzilgan bo‘lsa, fuqarolar BHMning 15 baravari (6,6 mln so‘m), mansabdor shaxslar esa 30 baravari (13,2 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab O‘zbekistonda bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 15-noyabrdan aholi uchun suyultirilgan gazning chakana narxi oshiriladi.





