Logo

O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda

Bugun 10:312 daqiqa

Mamlakat bank tizimida jami 659 trln so‘mlik kredit portfeli va 501 trln so‘mlik depozit mablag‘lari shakllangan. Poytaxt depozitlar hajmi kreditlar hajmidan yuqori bo‘lgan yagona hudud hisoblanadi.

O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida bank kreditlari hajmi 297,5 trln so‘mni (jami hajmning 45,1 foizi), depozitlar hajmi esa 383 trln so‘mni (mamlakat banklaridagi barcha mablag‘larning 76,4 foizi) tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda yuridik shaxslarning depozitlari 275,8 trln so‘mga yetgan. Bu mamlakat bo‘yicha korxona va tashkilotlar banklarda saqlayotgan jami mablag‘larning 89,1 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, Toshkentda yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar 224,3 trln so‘mga, aholiga berilgan kreditlar esa 73,2 trln so‘mga yetgan.

Toshkent mamlakatda depozitlar hajmi kreditlardan yuqori bo‘lgan yagona hudud bo‘lib qolmoqda. Poytaxtda kreditlar va depozitlar nisbati 0,78 ni tashkil etadi.

Hududlardagi holat: kreditlar depozitlardan uch barobar ko‘p

Qolgan 13 ta hududda esa vaziyat butunlay aksincha. Ularda jami kreditlar 361,6 trln so‘mni, depozitlar esa 118,1 trln so‘mni tashkil etgan. Ya’ni, berilgan kredit mablag‘lari jalb qilingan depozitlardan uch barobar ko‘pdir.

Eng katta tafovut Sirdaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, bu hududda kreditlar depozitlardan 9,1 barobar ko‘pni tashkil qilmoqda. Jizzax (5,4 barobar) va Namangan (4,8 barobar) viloyatlarida ham bu borada yuqori tafovut saqlanib qolgan.

Kredit va depozitlar bo‘yicha hududiy ko‘rsatkichlar

Hududlar orasida kreditlar hajmi bo‘yicha Farg‘ona viloyati 38,7 trln so‘m bilan yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Samarqand (34,5 trln), Toshkent viloyati (31,4 trln), Andijon (31,2 trln) va Qashqadaryo (31 trln so‘m) viloyatlari band etgan. Kreditlashning eng past ko‘rsatkichlari esa Jizzax (21,2 trln), Sirdaryo (21,3 trln) va Navoiy (21,6 trln so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.

Depozitlar hajmi bo‘yicha Samarqand viloyati birinchi o‘rinda (14,7 trln so‘m) bormoqda. Keyingi o‘rinlarda Buxoro (13,9 trln) va Xorazm (13 trln so‘m) viloyatlari joylashgan. Eng kam depozit mablag‘lari Sirdaryo (2,3 trln), Jizzax (3,9 trln) va Namangan (5,2 trln so‘m) viloyatlari banklariga jalb qilingan.

Aholi va kompaniyalarning ulushi

Oltita hududda aholi tomonidan olingan kreditlar hajmi kompaniyalar olgan kreditlardan ko‘proqni tashkil qilgan.

Bular — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridir.

Eng katta farq Navoiy viloyatida kuzatilgan: bu yerda jismoniy shaxslarga 13,2 trln so‘m, yuridik shaxslarga esa 8,4 trln so‘m kredit berilgan.

14 ta hududdan 12 tasida (Toshkent shahri va Andijon viloyatidan tashqari barchasida) aholining banklardagi omonatlari kompaniyalar depozitlaridan yuqori. Xususan, Buxoro viloyatida jismoniy shaxslar banklarga 11,6 trln so‘m, Xorazm viloyatida esa 11,4 trln so‘m mablag‘ joylashtirgan.

photo_2026-11-05_10-34-03


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank ayrim mikromoliya tashkilotlarida kreditlarning 69 foizi muammoli ekanligini ma’lum qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid