Logo

O‘zbekistonga qirg‘iz kartoshkasi va loviyasi QQSsiz kirib kelishi mumkin

Bugun 18:452 daqiqa

Sadir Japarov dehqonlar murojaatidan so‘ng O‘zbekistonga kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda QQSni bekor qilish bo‘yicha hukumatga topshiriq berdi.

O‘zbekistonga qirg‘iz kartoshkasi va loviyasi QQSsiz kirib kelishi mumkin © Ijtimoiy tarmoqlar

Qirg‘iziston O‘zbekistonga kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Talas viloyati Aytmatov va Manas tumanlari aholisi bilan o‘tkazgan uchrashuvida so‘z ochildi.

Uchrashuv davomida kartoshka va loviya yetishtiruvchi qirg‘iz dehqonlari nomidan Melis ismli fuqaro davlat rahbariga murojaat qilib, aynan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda QQS undirish tartibini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida qirg‘izistonlik ishlab chiqaruvchilarga kartoshkani yettita chegara o‘tkazish punkti orqali eksport qilish imkoniyati yaratilgan edi.

O‘sha vaqtda kartoshka va loviyani O‘zbekistonga eksport qilishda QQS olinmagan. Biroq joriy yilda ushbu soliqning qayta joriy etilishi fermerlarning xarajatlarini oshirib yuborgan.

Ushbu murojaat yuzasidan Qishloq xo‘jaligi va Iqtisodiyot vazirliklari vakillari tushuntirish berib, bunga qadar QQSni bekor qilish ma’lum bir muddatga qabul qilingan va faqatgina bir martalik chora bo‘lganini bildirishgan.

Biroq, Sadir Japarov kartoshka eksportidan olinadigan QQS budjetga qancha miqdorda daromad keltirishini so‘rab, agar eksportga chiqarish uchun mahsulot hajmi yetarli bo‘lsa, soliqni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi.

«Kartoshkaga bo‘lgan qo‘shimcha soliqni olib tashlanglar. Dehqonlar uchun, sabzavot va mevalarga nisbatan bu soliqni bekor qilinglar», — dedi Japarov.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari ushbu masalani hukumat bilan birgalikda ko‘rib chiqib, Qirg‘iziston tomonidan eksport qilinadigan, xususan, O‘zbekiston bozoriga yo‘naltiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQSni bekor qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilishni topshirdi.

Teglar

Mavzuga oid