Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paymoqda: mintaqaning aviatsiya bozoridagi ko‘rsatkichlari qanday?
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yo‘lovchi tashish bo‘yicha ikkinchi yirik aviatsiya bozoriga ega. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning aviatsiya bozorlari nisbatan kichik. Yo‘lovchi tashish bo‘yicha Qozog‘iston yetakchi. Yoqilg‘i narxining qimmatlashishi aviakompaniyalarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. 2026-yilda jahon aviatsiya sanoatining sof foyda marjasi atigi 2 foizni tashkil etadi.
© Foto: jetphotos.comMarkaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasida yo‘lovchi va yuk tashish aviaqatnovlari kengaymoqda. Hozirda Qozog‘iston va Xitoyni haftasiga 117 ta muntazam aviaqatnov bog‘lab turibdi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 52 foizga ko‘p.
2025-yilda Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo aylanmasi 106,3 milliard dollarga yetdi. Bu avvalgi yilga nisbatan 12 foizga ko‘pdir. Aviatsiya sohasining kengayishi sayyohlar oqimi ortishi va mintaqada xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlar bosqichma-bosqich yumshatilishi bilan bir vaqtda kechmoqda. Qozog‘iston 2019-yilda yirik aeroportlarida «ochiq osmon» siyosatini joriy etib, xorijiy aviakompaniyalar uchun cheklovlarni yengillashtirgan. O‘zbekiston ham o‘z aviatsiya bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirgan.
Aviatsiya sohasidagi o‘n yillik o‘sish
Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeTB)ning 13-oktabr kuni e’lon qilingan tadqiqotiga ko‘ra, Markaziy Osiyo aviakompaniyalari 2025-yilda 31,7 million yo‘lovchini tashigan. Bu 2019-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki baravar ko‘p. 2015–2025-yillar davomida mintaqada aviakompaniyalar taklif qilayotgan yo‘lovchi o‘rinlari soni yiliga o‘rtacha 7,7 foizga o‘sgan. Bu jahon bo‘yicha qayd etilgan o‘sish sur’atidan qariyb uch baravar yuqori.
2025-yilda arzon aviachiptalar taklif qiluvchi loukoster aviakompaniyalar mintaqadagi barcha yo‘lovchi o‘rinlarining 21 foizini tashkil etgan. Bu yo‘nalishda Qozog‘istonning «FlyArystan» aviakompaniyasi yetakchilik qilmoqda.
Mintaqa aviakompaniyalari tashigan yuklar hajmi ham 2023–2025-yillarda to‘rt baravardan ko‘proqqa oshib, 335,7 ming tonnaga yetdi. Ushbu ko‘rsatkichning qariyb 67 foizi O‘zbekiston aviakompaniyalari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yo‘lovchi tashish bo‘yicha Qozog‘iston yetakchi
Yevroosiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyodagi jami aviayo‘lovchilarning 48,7 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
2026-yilning oktabr oyi oxiriga kelib, Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida 21 ta aviayo‘nalish bo‘yicha parvozlar amalga oshirilgan. Yil boshidan buyon ikki mamlakat o‘rtasida bir milliondan ortiq yo‘lovchi tashilgan.
Iyul oyida ikki mamlakat aviatsiya idoralari haftalik ruxsat etilgan parvozlar sonini 124 tadan 152 taga oshirishga kelishib olgandi. Xitoyda aviaqatnovlar amalga oshirish mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxati ham kengaytirilib, unga Chunsin shahrini ham qo‘shgan holda 11 ta shahar kiritildi. Muzokaralarda qo‘shimcha parvozlarni amalga oshirish uchun ikki davlat chegarasi orqali uchinchi havo yo‘lagini ochish imkoniyati ham muhokama qilindi.
Bu yil yangi aviaqatnovlar ham yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, «FlyArystan» iyun oyida Olmaotadan Sianga, sentabrda esa Chunsin shahriga parvozlarni boshladi. «Air Astana» ham iyun oyida Ostona va Guanchjou o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ydi.
30-oktabr kuni «Air Astana» va «China Southern Airlines» strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Uning maqsadi ikki aviakompaniya tarmoqlari orqali amalga oshiriladigan bog‘lanma reyslardan foydalanishni osonlashtirishdir. Bu hamkorlik aviakompaniyalarning avvaldan mavjud bo‘lgan kodshering kelishuvlariga asoslanadi. Bunday kelishuvlar aviakompaniyalarga bir-birining reyslariga chipta sotish imkonini beradi.
O‘zbekiston yo‘lovchi va yuk tashish aviaqatnovlarini ko‘paytirmoqda
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yo‘lovchi tashish bo‘yicha ikkinchi yirik aviatsiya bozoriga ega. «Uzbekistan Airports» ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aeroportlari 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 12,66 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga ko‘p.
O‘zbekiston Transport vazirligi 2025-yilning avgust oyida mamlakat va Xitoy o‘rtasida haftasiga 61 ta yo‘lovchi reysi, shuningdek, 120 tadan ortiq yuk va tranzit reyslari amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan. Aviaqatnovlar sonining ortishi ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar natijasida yuz berdi. Ushbu kelishuvlar parvozlarni amalga oshirishga ruxsat berilgan aviakompaniyalar sonini ko‘paytirdi va tashuvchilarga uchinchi davlatlar orqali yuk tashish bo‘yicha kengroq huquqlar berdi.
«China Eastern Airlines» 2026-yilning mart oyida Shanxay — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshladi. Dastlab ushbu yo‘nalishda haftasiga to‘rt marta borish-kelish reyslari amalga oshirildi. «Loong Air» aviakompaniyasi ham Sian — Toshkent, Sian — Samarqand va Chendu — Toshkent yo‘nalishlarida parvoz qiladi.
Turizm qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda 278,9 mingdan ortiq Xitoy fuqarosi O‘zbekistonga tashrif buyurgan. 2026-yilning dastlabki olti oyida esa mamlakatga 223,5 ming nafar xitoylik kelgan.
Yangi aviaqatnovlar kichik bozorlarga ham yetib bormoqda
Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning aviatsiya bozorlari nisbatan kichik. Shunga qaramay, ushbu mamlakatlar bilan Xitoy o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar ham kengaymoqda.
«China Southern Airlines» 2026-yilning mart oyida Guanchjou — Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshladi. Yozgi mavsumda aviakompaniya Xitoy va Qirg‘iziston o‘rtasida to‘rtta yo‘nalishda parvozlarni amalga oshirdi. Ular qatoriga Urumchi — O‘sh reyslari ham kiradi. Ushbu yo‘nalishlarda haftasiga jami 11-marta borish-kelish reysi bajarilgan.
2025-yilning iyun oyida «China Southern Airlines» Dushanbe — Pekin yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi. Dastlab reyslar haftasiga ikki marta amalga oshirilgan.
«Turkmenistan Airlines» aviakompaniyasi esa o‘zining so‘nggi parvozlar jadvaliga ko‘ra, Ashxobod — Pekin yo‘nalishida haftasiga ikki marta reys bajaradi. «China Southern Airlines» ham Ashxobod va Urumchi shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlarni amalga oshiradi.
Aviatsiya sohasining yanada rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolar
Samolyotlar va ularning dvigatellarini yetkazib berishdagi kechikishlar dunyo bo‘ylab aviakompaniyalarning texnik xizmat ko‘rsatish va samolyotlarni ijaraga olish xarajatlarini oshirmoqda.
2026-yilning iyun oyida Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining (IATA) yillik yig‘ilishida tashkilot bosh direktori Villi Uolsh samolyotlarga berilgan, ammo hali bajarilmagan buyurtmalar soni 18 mingtadan oshganini ma’lum qildi. Shuningdek, dunyodagi aviakompaniyalar foydalanayotgan samolyotlarning o‘rtacha yoshi 15,2 yilga yetgan.
Yoqilg‘i narxining qimmatlashishi ham aviakompaniyalarga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda. IATA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026-yilda jahon aviatsiya sanoatining sof foyda marjasi atigi 2 foizni tashkil etadi.
Yevroosiyo taraqqiyot banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda aeroportlarni modernizatsiya qilish ishlari yo‘lovchilar oqimi o‘sishiga mos ravishda olib borilmayapti. 2035-yilgacha mintaqada 12 ta yirik aeroportni rivojlantirish loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan yoki ularning qurilishi boshlangan. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 5,1 milliard dollarni tashkil etadi.
Bankning ta’kidlashicha, ikki tomonlama aviatsiya kelishuvlari ayrim mamlakatlar bozoriga kirishni hali ham cheklab turibdi. Bu esa yangi aviayo‘nalishlarni ochish imkoniyatlarini kamaytiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda samolyot bortidagi qoidalarni buzganlarga jarima oshirilishi mumkin. Dunyoda aviachiptalar 2027-yilda 20 foizgacha qimmatlashi mumkin.





