Logo

Ichida milliarder bo‘lgan samolyot qulab tushdi. Bu qanday ro‘y berdi?

Amerikada qulab tushgan xususiy samolyotning narxi taxminan 2 mln dollar atrofida baholangan. Uning ichida bo‘lganlarning barchasi halok bo‘ldi. Uchuvchi 20 yoshli qiz edi.

Ichida milliarder bo‘lgan samolyot qulab tushdi. Bu qanday ro‘y berdi? © Videodan kadr

AQSHning Florida shtatidagi Palm-Bich okrugida 1-noyabr kuni Learjet 60 rusumli xususiy samolyot halokatga uchradi. Biznes-jet avtomobil yo‘liga qulab tushgan. Hodisa AQSH prezidenti Donald Trampning Mar-a-Lago qarorgohidan 10 kilometrdan sal uzoqroq masofada sodir bo‘lgan. Samolyot bortida bo‘lgan to‘qqiz kishining barchasi, jumladan, ikki bola halok bo‘lgan.

Samolyot qulab tushgan joy yaqinida bo‘lgan avtomobil haydovchisi ham jarohat olgan. Halokat joyiga yaqin Green Acres treylerlar shaharchasidan bir necha yuz kishi evakuatsiya qilingan. Samolyot Texas shtatining Ostin shahridan Bagama orollariga qarab uchayotgan edi. Uning bortida IT-tadbirkor va milliarder Adam Robinson, uning rafiqasi Helen Sharp hamda ikki farzandi — to‘rt yoshli Emma va ikki yoshli Charli bo‘lgan.

Shuningdek, ular bilan birga enaga Anita Mariya Setina va oilaning do‘stlari Reychel Rid hamda Charmi Fer ham uchgan. Samolyot ekipaji ikki uchuvchidan iborat bo‘lgan. Ular 55 yoshli, Pensilvaniya shtatidan bo‘lgan tajribali kapitan Jeff Gregoriy va ikkinchi uchuvchi, 20 yoshli (ayrim OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 21 yoshli) Nataliya Figeyras edi. Dispetcherlar bilan aloqani aynan Figeyras olib borgan.

Figeyras samolyot boshqarish uchun litsenziyani 17 yoshida olgan. Floridada yashagan ushbu qiz mahalliy telekanallardan biriga bergan intervyusida sinfdoshlari avtomobil haydashni «zo‘r» deb hisoblagan bir paytda, o‘zi samolyot boshqarish bundan ham «zo‘r» deb o‘ylaganini aytgan. 2026-yil 1-noyabr holatiga ko‘ra, uning samolyotda uchish tajribasi qariyb 1300 soatni tashkil etgan.

Ma’lum qilinishicha, parvoz murakkab ob-havo sharoitida amalga oshirilgan. Uchuvchilar va dispetcherlar o‘rtasidagi suhbat yozuvidan ma’lum bo‘lishicha, parvoz vaqtida ekipaj samolyot fyuzelyaji (asosiy korpusi) muzlayotgani va havo kuchli tebranayotganini bildirgan. Bu vaqtda tashqi havo harorati minus 47 daraja Selsiyni tashkil etgan. Uchuvchilar balandlikka ko‘tarilishga ruxsat so‘ragan.

Dispetcher ularga balandlikni oshirishga ruxsat bergan. Biroq oradan taxminan yarim daqiqa o‘tib, ekipaj favqulodda vaziyat yuzaga kelganini bildirgan. Samolyot keskin ravishda pastga tusha boshlagan va uchuvchilar uni boshqara olmay qolgan. Samolyot uchuvchilari so‘nggi so‘zlari orasida «Biz yerga urilamiz» degan. Figeyras esa «Tashqariga qara!» deb baqirgan.

«New York Post» nashrining yozishicha, audioyozuvda samolyot qulashidan bir necha soniya oldin erkak kishining duo o‘qiyotgani ham eshitiladi. Nashr ibodatni kapitan Gregoriy o‘qigan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Learjet 60 samolyotidan Ostin shahrida joylashgan, biznes-jetlarni ijaraga berishga ixtisoslashgan «Upper Jets» kompaniyasi foydalangan. Learjet 60 rusumli xususiy samolyotning narxi taxminan 2 million dollar atrofida baholangan.

Kompaniya halokat sabablarini o‘rganayotgan aviatsiya idoralari bilan hamkorlik qilayotganini bildirgan. Ushbu rusumdagi samolyotlarni ishlab chiqaruvchi «Bombardier» kompaniyasi ham tergovda ishtirok etayotganini ma’lum qilgan. Biroq boshqa tafsilotlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Taxminlarga ko‘ra, samolyot havoda bo‘lgan paytdayoq haddan tashqari kuchli bosim va yuklama ta’sirida uning korpusi parchalana boshlagan. Tergovning dastlabki bosqichida katta hududga sochilib ketgan samolyot qoldiqlarini yig‘ish va o‘rganish rejalashtirilgan.

Soha nashrlarining qayd etishicha, Learjet 60 rusumidagi samolyotlarga parvoz davomida uchuvchilar suhbatini yozib boruvchi maxsus qurilma — ovoz yozish moslamasi o‘rnatilishi shart. Biroq ushbu «qora quti» topilgan-topilmagani hali noma’lum. Samolyotning parvoz balandligi, tezligi va boshqa texnik ko‘rsatkichlarini qayd etuvchi ikkinchi qurilma esa Learjet 60 rusumida bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Chunki qonunchilikka ko‘ra, 10 tagacha yo‘lovchi o‘rindig‘iga ega samolyotlarga bunday qurilmani o‘rnatish majburiy emas.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda samolyot bortidagi qoidalarni buzganlarga jarima oshirilishi mumkinligi haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Ichida milliarder bo‘lgan samolyot qulab tushdi. Bu qanday ro‘y berdi? | Vaqt.uz