Logo

Dastlabki 10 mln tonna ma’dan qayta ishlandi

Bugun 10:552 daqiqa

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 3-Mis boyitish fabrikasi jamoasi 10 mln tonna ma’danni qayta ishlash bo‘yicha yuqori mehnat marrasini zabt etdi.

Dastlabki 10 mln tonna ma’dan qayta ishlandi

2026-yil 16-martdan 4-noyabrga qadar fabrikada 10 million tonna ma’dan qayta ishlandi. Shu davr mobaynida Mis eritish zavodiga 160 ming tonnadan ortiq mis konsentrati yetkazib berildi.

Рисунок1

Bugun onlayn muloqotda 3-Mis boyitish fabrikasi rahbariyati kombinat boshqaruv raisi Abdulla Xursanovga fabrikada qayta ishlangan ma’dan hajmi 10 million tonnaga yetgani haqida axborot berdi. Ushbu marra korxonani ishga tushirishda o‘z hissasini qo‘shgan har bir ishchi-xodim mehnatiga hurmat ifodasi, shuningdek, ishlab chiqarish sari ishonchli harakatning ramzi bo‘ldi. Jamoa uchun bu nafaqat bosib o‘tilgan yo‘l sarhisobi, balki loyihaviy ko‘rsatkichlarga erishish yo‘lidagi muhim mas’uliyat hamdir.

10 million tonna ko‘rsatkich 3-MBFning shakllanishidagi ilk yirik bosqich bo‘lib, kombinatning ortib borayotgan ishlab chiqarish salohiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.

Рисунок2

2026-yil 16-mart fabrika tarixida unutilmas sana sifatida qoldi. Shu kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosish orqali yangi korxona faoliyatiga start berdi va «Yoshlik I» konini o‘zlashtirish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirishda muhim bosqich boshlandi.

Рисунок3

Davlat rahbarining tashabbusi va doimiy e’tibori bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha mamlakat sanoat salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Aynan shu yuksak e’tibor va qo‘llab-quvvatlash keng ko‘lamli ishlarning jadal sur’atda amalga oshirilishiga zamin yaratdi.

Рисунок4


3-MBF ushbu loyihaning asosiy obyektlaridan biri hisoblanadi. Fabrikaning loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlashga mo‘ljallangan. To‘liq quvvatda ishlaganida esa yiliga qariyb 900 ming tonna mis konsentrati ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Fabrikada ma’dan qayta ishlash hajmining o‘sish dinamikasi ishlab chiqarish quvvatlari qay darajada o‘zlashtirilayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Xususan, mart oyida 661,5 ming tonna ma’dan qayta ishlangan bo‘lsa, iyun oyiga kelib bu ko‘rsatkich 1 million 161 ming 805 tonnani tashkil etdi. Oktyabr oyida esa 1,6 million tonnadan oshdi. Demak, oktabr oyidagi natija mart oyidagi ko‘rsatkichdan qariyb 2,5 barobar yuqori bo‘ldi.

Рисунок5

Ayni paytda fabrikadagi 12 ta tegirmondan 10 tasi foydalanishga topshirilgan. Qolganlarida esa sozlash va sinov ishlari olib borilmoqda. Yaqin vaqtlarda ularni ham ishlab chiqarish jarayoniga jalb etish rejalashtirilgan.

Рисунок6

10 million tonna — bu salmoqli natija, ammo yakuniy marra emas. Oldinda fabrikani bosqichma-bosqich loyihaviy quvvatga olib chiqish, texnologik jarayonlarni barqarorlashtirish, mis konsentrati sifatini yuqori darajada saqlash kabi muhim vazifalar turibdi.

Reklama

Teglar

Mavzuga oid