Logo

Atrof-muhitni ifloslantirgan va daraxtlarni noqonuniy kesgan qurilish kompaniyasi 5,5 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lashi belgilandi

Bugun 11:353 daqiqa

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ekologik qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygan qurilish kompaniyasiga chiqindilarni noqonuniy joylashtirgani uchun 5,2 mlrd so‘m kompensatsiya, 51 tup daraxtni noqonuniy kesgani uchun esa 396 mln so‘m zarar hisoblandi.

Atrof-muhitni ifloslantirgan va daraxtlarni noqonuniy kesgan qurilish kompaniyasi 5,5 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lashi belgilandi © Ekologiya qo'mitasi

Toshkentda atrof-muhitni ifloslantirgan va 51 tup daraxtni noqonuniy kesgan qurilish kompaniyasi javobgarlikka tortildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mitaning Ekopolitsiyasi tomonidan Yashnobod tumani Jarqo‘rg‘on ko‘chasida ko‘p qavatli uy-joy majmuasi qurilishini olib borayotgan «B.D.» MCHJ faoliyati tekshirilgan. Tekshiruv tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabardor qilingan holda o‘tkazilgan bo‘lib, unda qator qo‘pol ekologik qonunbuzarliklar aniqlangan.

Natijada, chiqindilarni noqonuniy joylashtirgani uchun korxonaga 5 mlrd 183 mln 364 ming 476 so‘m miqdorida kompensatsiya, yo‘q qilingan daraxtlar uchun esa o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 396 mln so‘mlik zarar hisoblangan.

Shuningdek, kompaniya rahbariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 85−1-moddasi 1-qismi (Qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik) bilan 4 million 400 ming so‘m jarima solingan.

Chang, loy va yuz minglab tonna hisobsiz chiqindilar

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, qurilish majmuasining har bir bosqichi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingan bo‘lsa-da, unda belgilangan talablarning aksariyati bajarilmagan.

Xususan, qurilish maydoniga kirish-chiqish yo‘llarida yuk mashinalarining g‘ildiraklarini yuvish uchun maxsus blokpostlar tashkil etilmagan. Oqibatda loy va tuproq Jarqo‘rg‘on ko‘chasi bo‘ylab 2−2,5 kilometr masofagacha tarqalib ketgan. Transport vositalarining harakati natijasida qurigan loy maydalanib, havoga kuchli chang ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, eski binolarni buzishdan hosil bo‘lgan 126 188,9 tonna chiqindi va kotlovan qazish ishlaridan chiqqan 368 432 tonna tuproq qayerga olib ketilganini tasdiqlovchi birorta hujjat taqdim etilmagan.

Qurilish hududining o‘zida esa 12 036 tonna qattiq maishiy va qurilish chiqindisi ruxsat etilmagan joyda to‘plab qo‘yilgan. Korxona chiqindilarni olib chiqish va oqova suvlarni tashish bo‘yicha shartnomalarni ham tuzmagan.

Ushbu holatlar «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida», «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida» va «Chiqindilar to‘g‘risida»gi qonunlar talablariga zid ekani bildirildi.

Rad etilgan ariza va kesilgan 51 tup daraxt

Tekshiruv davomida hududda 51 tup daraxt ruxsatsiz va noqonuniy yo‘q qilingani ma’lum bo‘ldi. Korxona bunga qadar 50 tup archa va bir tup chinorni kesish uchun ariza bilan murojaat qilgan, biroq Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan bunga ruxsat berilmagan. Rad javobiga qaramay, daraxtlar baribir kesib tashlangan.

Korxona «Yashil makon» dasturi doirasida hududning kamida 25 foizini ko‘kalamzorlashtirish va uglerod neytralligi rejasini ishlab chiqish kabi majburiyatlarni ham inkor qilgan.

Qo‘shimcha majburiyatlar

Qurilish kompaniyasiga moliyaviy jarimalardan tashqari, kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 tupdan, jami 5100 tup kamida uch yillik ko‘chat ekish va ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati yuklatildi.

Qo‘mita tomonidan korxonaga chang ko‘tarilishining oldini olish, chiqindilarni o‘lchash, olib chiqish va qayta ishlashga topshirish, shuningdek, 10-dekabrga qadar «Ekologik oqibatlar to‘g‘risidagi bayonot» loyihasini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berilgan.



Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda qurilish sabab qabriston devori qulagani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid