«TBC Uzbekistan»ning moliyaviy natijalari: biznes mijozlar sonining o‘sishi ekotizimning rivojlanishini kuchaytirmoqda
London fond birjasida ro‘yxatga olingan «TBC Bank Group» tarkibiga kiruvchi, Markaziy Osiyodagi yetakchi raqamli moliyaviy ekotizim bo‘lgan «TBC Uzbekistan» 2026-yilning uchinchi choragi uchun MHXS bo‘yicha konsolidatsiyalashgan natijalarini e’lon qildi.

Mamlakatdagi eng yirik raqamli banklardan biri «TBC Bank», ommabop to‘lov xizmati payme, xaridlarni bo‘lib to‘lash xizmati «TBC Nasiya», jadal rivojlanayotgan raqamli sug‘urta xizmati «TBC Sug‘urta», chakana savdoni boshqarish uchun SaaS platformasi BILLZ hamda onlayn e’lonlar platformasi OLX Uzbekistan’ni birlashtirgan ekotizim biznes mijozlar sonini oshirib va jismoniy shaxslar uchun xizmatlar ko‘lamini kengaytirib, barqaror o‘sishni namoyon etdi.
Asosiy yo‘nalishlarda ishonchli o‘sish kuzatilmoqda
«TBC Uzbekistan» auditoriyasini kengaytirishda davom etdi. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarning umumiy soni 25,5 mlnga, oylik faol auditoriya (MAU) esa 6,1 mlnga yetdi. «TBC Uzbekistan»ning mijozlar bazasi butun mamlakat bo‘ylab o‘sishda davom etdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari poytaxtdan tashqaridagi hududlarda qayd etildi: yillik hisobda chakana mijozlar soni Samarqand viloyatida 28 foizga, Namangan viloyatida 27 foizga, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida esa 26 foizga oshdi. Beshta hudud — Toshkent, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida qamrov darajasi poytaxtdagidan yuqori.
Raqamli to‘lovlar, bank mahsulotlari va xizmatlariga talab yuqoriligicha qoldi. To‘lovlarning umumiy hajmi yillik hisobda 46,5 foizga oshib, 43,9 trln so‘mni tashkil etdi, tranzaksiyalar soni esa 39 foizga oshib, 198 mlnni tashkil etdi. Chiqarilgan «TBC Salom» debet kartalari soni yillik nisbatda 106 foizga oshib, 1,5 mlnga yetdi, «TBC Osmon» kredit kartalarining soni 241 mingtadan oshdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 176 foizga ko‘pdir.
«TBC Bank» UZCARD to‘lov tizimidagi «TBC Salom» kartalarini muomalaga chiqardi. Endilikda karta ikkala milliy to‘lov tizimida, Humo va UZCARD, shuningdek, xalqaro Visa tizimida ham mavjud. 2026-yil 30-sentabr holatiga ko‘ra, 6,7 trln so‘mga yetgan umumiy depozit portfelining 5,8 foizi «TBC Salom» kartalari hisobvaraqlariga to‘g‘ri keldi.
Kredit portfelini diversifikatsiya qilish davom etmoqda
2026-yilning 3-choragida biznesni kreditlash, kredit kartalari, POS-kreditlar va muddatli to‘lov xizmatining yanada kengaytirilishi hisobiga kredit portfeli hajmi 10,7 trln so‘mni tashkil etdi. Kredit portfeli diversifikatsiya qilinishda davom etdi va uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, umumiy kredit portfelining 20 foizi biznes kreditlariga, 13 foizi kredit kartalariga, 14 foizi esa POS-kreditlar va muddatli to‘lovlarga to‘g‘ri keldi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning fevral oyida o‘zining faol operatsion faoliyatini boshlagan ekotizimning mikromoliya tashkiloti — «TBC Credit» aktivlari hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi 142 ta mikromoliya tashkiloti orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Xizmatlarga talabning ortishi va «TBC Uzbekistan» ekotizimining rivojlanishi
2026-yilning 3-choragida obuna xizmatlariga bo‘lgan talab yuqoriligicha qoldi: obunalarning umumiy soni yillik hisobda 120 foizga oshib, 1,2 mlntaga yetdi. Ushbu o‘sish fonida «TBC Uzbekistan» avval alohida bo‘lgan TBC plus va payme plus obunalarini ekotizimning yagona obunasiga birlashtirdi.
2026-yilning may oyida ishga tushirilgan «TBC Avto» mijozlarga to‘liq raqamli xizmat ko‘rsatish jarayonini shaxsiy konserj hamrohligi bilan uyg‘unlashtirib, O‘zbekistonda avtomobil xarid qilishning an’anaviy jarayonini soddalashtiradi. Ishga tushirilganidan buyon «TBC Avto» doirasida 340 ta kredit ajratildi, uchinchi chorak yakuniga ko‘ra esa umumiy portfel 75,4 mlrd so‘mni tashkil etdi.
payme travel orqali aviachiptalar savdosi o‘sishda davom etdi: aylanma mablag‘ 2026-yilning 2-choragiga nisbatan 96 foizga oshib, 5,6 mlrd so‘mga yetdi. 2026-yilning 3-choragida aviachiptalarning 20 foizi muddatli to‘lov yoki keyinroq to‘lash usuli orqali xarid qilindi — ushbu yo‘nalish foydalanuvchilarni ekotizimning turli xizmatlariga tobora faolroq jalb etmoqda. payme travel shunchaki aviachiptalarni band qilish xizmatidan sayohatlarni rejalashtirish bo‘yicha to‘laqonli platformaga aylanib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro turlar hamda xalqaro eSIM xizmatlari ham yo‘lga qo‘yildi.
2026-yilning oktabr oyida «TBC Uzbekistan» ekotizimning sodiqlik dasturi — «Novvot»ni ishga tushirdi. Uning doirasida foydalanuvchilar novvotlarni jamg‘arishi va sarflashi mumkin. Novvotlar kundalik xaridlar hamda ilovalardagi topshiriqlarni bajarganlik uchun taqdim etiladi. Ularni har ikkala ilovada tovar va xizmatlar uchun to‘lov qilishga ishlatish yoki «Novvot Shop»da hamkorlarning sertifikatlari va takliflariga almashtirish mumkin.
Ayrim hamkorlarda xarid qilinganda ko‘proq novvotlar taqdim etiladi, ekotizimning yagona obunasi foydalanuvchilari esa novvotlarni oshirilgan stavkada oladi. Dastur birinchi bosqichda «TBC Bank» va payme’ni qamrab oladi, keyinchalik esa «TBC Biznes» va BILLZ kabi ekotizimning barcha mahsulotlariga tatbiq etiladi. Ushbu dastur mijozlarni ekotizimning ko‘proq mahsulotlaridan foydalanganlik uchun mukofotlash va kundalik tranzaksion faollikni rag‘batlantirishga, shu orqali mijozlarning jalb etilganlik darajasini hamda «TBC Uzbekistan» orqali amalga oshiriladigan kundalik moliyaviy operatsiyalari ulushini oshirishga qaratilgan.
2026-yilning iyul oyida xarid bitimi yakunlangach, mamlakatdagi onlayn e’lonlar platformasi bo‘lgan OLX Uzbekistan «TBC Uzbekistan» ekotizimiga integratsiya jarayonini boshladi. 3-chorakda Dmitriy Puchkov platforma yangi bosh direktori (CEO) etib tayinlandi. So‘nggi o‘n yil davomida OLX Uzbekistan’ga rahbarlik qilgan Doniyor To‘rg‘unov kompaniya boshqaruvida muhim o‘rinni saqlab qolmoqda. Yirik marketpleyslarni kengaytirish tajribasi va mahalliy bozorni chuqur tushunish uyg‘unligi platformani transformatsiya qilish dasturining asosini tashkil etadi. Ushbu dasturdan ko‘zlangan maqsad — moliyaviy va to‘lov xizmatlarini bevosita klassifayddagi foydalanuvchi yo‘liga integratsiya qilishdan iborat bo‘lib, bunda OLX o‘z brendi ostida mustaqil va ochiq e’lonlar platformasi sifatida faoliyat yuritishda davom etadi.
Ekotizim biznes segmentini kengaytirish
«TBC Uzbekistan»ning biznes yo‘nalishi butun chorak davomida o‘sishda davom etdi. Ekotizimdagi faol merchantlarning umumiy soni yillik hisobda 48 foizga oshib, 23 400 taga yetdi. BILLZ platformasi orqali 7,8 trln so‘mdan ortiq qiymatdagi tranzaksiyalar amalga oshirildi, platformadan foydalanuvchi brendlar soni esa 4 800 tadan oshdi — bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 53 foizga ko‘pdir.
Ekotizimda ro‘yxatdan o‘tgan biznes-mijozlar soni yillik hisobda besh baravarga oshdi, bunda ularning 84 foizi Toshkentdan tashqarida faoliyat yuritadi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo hamda Andijon viloyatlarida qayd etildi. Tarmoqlar kesimida biznes-mijozlarning yarmidan ko‘prog‘i ulgurji va chakana savdo hissasiga to‘g‘ri kelsa, keyingi o‘rinlarni ishlab chiqarish, AKT, qishloq xo‘jaligi hamda ta’lim sohalari egalladi. Chorakning eng jadal rivojlanayotgan segmentlari esa professional xizmatlar, AKT va transport bo‘ldi.
Biznes-mijozlar uchun yangi imkoniyatlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, oziq-ovqat do‘konlari BILLZ platformasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi, shuningdek, sotuvchilarga alohida POS-terminalsiz, smartfon yordamida bank kartalari orqali to‘lov qabul qilish imkonini beruvchi SoftPOS xizmati taqdim etildi.
payme loyalty BILLZ orqali sodiqlik dasturlarini yuritayotgan merchantlar uchun ham mavjud bo‘ldi: bunda mijozlar bonus va keshbekni kuzatib borishi hamda xaridlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lashi mumkin. Ushbu xizmat ishga tushirilishi natijasida foydalanuvchilar turli do‘konlarning sodiqlik kartalarini bir joyda saqlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Iyul oyida «TBC Biznes» tomonidan ishga tushirilgan to‘liq raqamli ish haqi loyihasi ekotizimning biznes yo‘nalishini uning chakana auditoriyasi bilan bog‘lashda davom etdi. Ish haqi loyihasiga ulangan kompaniyalarning xodimlari «TBC Salom» kartalariga ega bo‘ldi. Bu esa bankning flagman chakana mahsuloti uchun mijozlarni jalb qilishning qo‘shimcha kanalidir. «TBC Uzbekistan» yangi kompaniyalarni ulashda va mahsulot imkoniyatlarini kengaytirishda davom etmoqda. Yaqin oylarda «TBC Biznes» mijozlari uchun biznes kartalari ham ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
«TBC Uzbekistan yana bir muvaffaqiyatli chorakni yakunladi. Biz auditoriyamizni hamda biznes va xususiy mijozlar uchun mahsulotlar qatorini kengaytirishda va eng yuqori darajadagi yagona mijoz tajribasini yaratish orqali ekotizimimizni chuqurroq integratsiya qilishda davom etdik. Kundalik bank amaliyotlari uchun asosiy mahsulotlarimiz va ekotizimimizga kirishning bosh nuqtalari bo‘lgan “TBC Salom” hamda “TBC Osmon” kartalari uch xonali o‘sish sur’atini saqlab qoldi. Shu bilan birga, ularning umumiy omonatlar va kredit portfelidagi ulushi ortib bormoqda. To‘lovlarning umumiy hajmi esa yillik hisobda 46,5 foizga oshib, ushbu segmentdagi yetakchiligimizni yanada mustahkamladi. Biznes yo‘nalishi ishonchli o‘smoqda va ekotizimning tobora muhim qismiga aylanmoqda: faol merchantlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 48 foizga oshdi, biznes-kreditlar esa umumiy kredit portfelining 20 foizini tashkil etdi. Yangi mahsulotlar chakana va biznes mijozlar uchun imkoniyatlarni kengaytirdi, “Novvot” sodiqlik dasturi esa foydalanuvchilarning ekotizimga jalb etilganligini yanada oshirishga xizmat qiladi», — deydi «TBC Uzbekistan» CEO’si Nika Kurdiani.





