Logo

To‘qqiz oyda 67 mingdan ortiq fuqaro ipoteka kreditlaridan foydalandi

Bugun 13:052 daqiqa

2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda ipoteka dasturi doirasida jami 20,9 trln so‘mlik kreditlar ajratildi.

To‘qqiz oyda 67 mingdan ortiq fuqaro ipoteka kreditlaridan foydalandi © istock

2026-yil yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda ipoteka dasturi doirasida jami 20,9 trln so‘mlik kreditlar ajratildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 trln so‘mga yoki 39 foizga ko‘p. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Hisobot davrida ipoteka kreditlaridan 67 598 nafar fuqaro foydalangan. Ajratilgan mablag‘lar hajmi 2026 yil uchun belgilangan yillik rejaning 91 foiziga yetgan.

Ma’lumot uchun, 2026-yilda ipoteka dasturi doirasida jami 23 trln so‘mlik kredit ajratish rejalashtirilgan.

Kreditlarning moliyaviy manbalari

Ipoteka dasturi uchta moliyalashtirish manbasi hisobidan amalga oshirilmoqda.

Shundan 12,2 trln so‘m davlat budjeti, 7,8 trln so‘m tijorat banklarining o‘z mablag‘lari va 3 trln so‘m «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ mablag‘lari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Amalda esa yanvar–sentabr oylarida ajratilgan kreditlarning 12,8 trln so‘mi yoki 61 foizi davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilgan.

Tijorat banklari mablag‘lari hissasiga 6,1 trln so‘m yoki umumiy kreditlarning 29 foizi to‘g‘ri kelgan. Qolgan 2 trln so‘m, ya’ni 10 foiz esa kompaniya mablag‘lari hisobidan ajratilgan.

Birlamchi bozor faollashdi

To‘qqiz oy davomida birlamchi uy-joy bozoriga 15,5 trln so‘mlik ipoteka kreditlari yo‘naltirilgan. Bu umumiy ajratilgan kreditlarning katta qismini tashkil etadi.

Birlamchi bozorda ipoteka kreditlari olganlar soni ham sezilarli ko‘paygan. Xususan, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida 37 mingta kredit ajratilgan bo‘lsa, 2026 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 49,8 mingtaga yetgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida esa ipoteka kreditlari hajmi 5,2 trln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28 foizga ko‘p.

Subsidiyalar hajmi

2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, ipoteka kreditlari bo‘yicha jami 1 208,1 mlrd so‘m subsidiya to‘lab berilgan.

Ushbu mablag‘ning 800,3 mlrd so‘mi yoki 66 foizi ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz to‘lovlarini qoplashga sarflangan. Qolgan 407,8 mlrd so‘m esa uy-joy xarid qilish uchun boshlang‘ich badal sifatida ajratilgan. Boshlang‘ich badal subsidiyasidan jami 13 722 nafar fuqaro foydalangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi bank kreditlarining 45 foizi va depozitlarining 76 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotgani haqida ma’lumot berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid