O‘zbekistonda mukofot jamg‘armasi 5 mln dollarlik xalqaro startaplar tanlovi o‘tkaziladi
2027-yil aprelidan boshlab mamlakatda har yili beshta yo‘nalish bo‘yicha «Startaplar makoni» xalqaro tanlovi tashkil etiladi.
© Sun'iy intelektO‘zbekistonda umumiy mukofot jamg‘armasi 5 mln dollar bo‘lgan «Startaplar makoni» xalqaro tanlovi tashkil etiladi. Tanlov 2027-yil aprelidan boshlab har yili o‘tkaziladi. Unda g‘olib deb topilgan 25 ta jamoaning har biriga 200 ming dollargacha investisiya ajratilishi belgilangan. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qarori bilan «Startaplar makoni» (Land of Startups) xalqaro tanlovini o‘tkazish tartibi joriy etildi.
Hujjatga muvofiq, tanlov beshta yo‘nalishni qamrab oladi. G‘oliblar investisiya mablag‘larini «chuqur o‘rganish» — duye diligencye jarayonidan o‘tgandan so‘ng oladi.
Har bir jamoaga ajratiladigan investisiya miqdori 200 ming dollargacha etib belgilangan.
Qaror prezidentning 2026-yil 11-fevraldagi «Startaplarni qo‘llab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Tanlovning asosiy yo‘nalishlari
«Startaplar makoni» tanlovi 2027 yil aprelidan boshlab har yili quyidagi beshta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi:
— sun’iy intellekt texnologiyalari;
— ijtimoiy yo‘nalishdagi raqamli texnologiyalar, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xizmatlari;
— moliyaviy texnologiyalar;
— kreativ industriya hamda komputer va mobil o‘yin dasturlari;
— biznesdan biznesga (B2B) va sanoat yo‘nalishidagi yechimlar.
Qarorda tanlovni joriy etishdan ko‘zlangan maqsad xorijiy startap loyihalari va ularning ta’sischilarini O‘zbekistonga keng jalb qilish, texnologiyalar transferini faollashtirish hamda mamlakatni mintaqaviy startaplar xabiga aylantirish ekani qayd etilgan.
Hujjat bilan «IT Park» faoliyatini tartibga soluvchi nizomga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.
Xususan, park rezidentlari tomonidan avtomatlashtirish yo‘nalishida ishlab chiqilgan hisobga olish o‘lchov vositalarini soliq organlari tizimlariga majburiy integratsiya qilish talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, «IT Park» rezidentlari direksiyaga soliq va statistik hisobotlar, shuningdek, IT kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatidan ozod qilinadi.
Rezidentlar faoliyati kengayadi
Qarorga muvofiq, «IT Park» rezidentlari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga yangi yo‘nalishlar ham kiritiladi.
Ular qatoriga internet buyumlari (IoT) va sun’iy intellekt qurilmalari, mikro va nanoyelektronika, intellektual robotlarni ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish kiradi.
Bundan tashqari, biznes-farishtalar klublari faoliyati ham rezidentlar uchun ruxsat etilgan yo‘nalishlar qatoriga qo‘shiladi.
Mazkur qaror bilan startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovasion loyihalarni rivojlantirish va xorijiy texnologik kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilishga qaratilgan choralar belgilangan.





