Logo

«Qumtor ssenariysi» takrorlanishi mumkin: Japarov «Gazprom»ni ogohlantirganini aytdi

Bugun 16:303 daqiqa

O‘z vaqtida Qirg‘iziston hukumati butun boshli gaz tizimini 2039 yilgacha egalik qilish va boshqarish sharti bilan «Gazprom»ga atigi 1 dollar evaziga sotib yuborgan edi.

«Qumtor ssenariysi» takrorlanishi mumkin: Japarov «Gazprom»ni ogohlantirganini aytdi © Qirg'iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, agar Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi mamlakatni to‘liq gazlashtirish bo‘yicha olgan majburiyatini bajarmasa, Qirg‘iziston hukumati gaz tizimini davlat tasarrufiga qaytarib olishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda Talas viloyatining Aytmatov va Manas tumanlari aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.

«Biz o‘z gaz tizimimizga o‘zimiz xo‘jayin emasmiz»

Uchrashuvda mahalliy aholi vakili Qurmonbek Dakeyevning gaz masalasidagi savoliga javob berarkan, Prezident Japarov hozirgi vaqtda Qirg‘iziston gaz tizimini mustaqil boshqara olmasligini, barcha ishlar «Gazprom» bilan kelishilgan holda amalga oshirilishini ta’kidladi.

«Biz o‘z gaz tizimimizga o‘zimiz xo‘jayin emasmiz. «Gazprom» xo‘jayin. Buni 2039 yilgacha deb, bir dollarga sotib yuborganmiz. 2013 yilda «bizga «Qirg‘izgaz» kerak emas, bizga gaz kerak» deb sotganmiz. Shuning uchun biz gazni o‘zimiz bilganimizcha kirita olmaymiz. Qirg‘izistonda gazga bog‘liq ishlarni faqat «Gazprom» bilan kelishib qilamiz», — dedi prezident.

Uning qayd etishicha, «Qirg‘izgaz»ni sotish shartnomasida butun respublikani gazlashtirish uchun mablag‘ ajratish majburiyati ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu haligacha to‘liq bajarilmayapti.

«Uch yildan beri «Gazprom» oldiga shu masalani qo‘yib kelyapman: «Agar shartlarni bajarmasanglar, xuddi Qumtor oltin konini davlatga qaytarib olganimizdek, gaz tizimini ham tortib olib, bu ishni o‘zimiz qilamiz». Shu bois, toki gaz tizimi to‘liq o‘zimizning ixtiyorimizga o‘tmas ekan, gazlashtirish bo‘yicha sizlarga aniq va’da bera olmayman», — deya qo‘shimcha qildi Sadir Japarov.

«Gazprom Qirg‘iziston» 12 yil ichida nimalar qildi?

2014 yilda Qirg‘iziston hukumati va «Gazprom» o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan «Qirg‘izgaz» korxonasining 100 foiz aksiyasi Rossiya kompaniyasiga bir dollarga berilgan. 25 yilga mo‘ljallangan ushbu kelishimga ko‘ra, «Gazprom» gaz tarmog‘ini ta’mirlash va rivojlantirish uchun kamida 20 milliard rubl sarmoya kiritish hamda «Qirg‘izgaz»ning 40 million dollardan ortiq qarzini to‘lashni o‘z zimmasiga olgan edi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan beri Qirg‘izistonda gaz tarmog‘ini rivojlantirishga 34 milliard som sarflangan. Bu mablag‘ hisobidan yangi gaz quvurlari qurilgan, eskilari yangilangan hamda Bishkek shahri, Chuy va O‘sh viloyatlaridagi yangi aholi punktlari gazga ulangan.
Mamlakatning gazlashtirish darajasi 2014 yildagi 22 foizdan 2026 yilga kelib 44 foizga o‘sgan bo‘lib, hozirda Qirg‘izistonda 450 mingga yaqin gaz abonenti mavjud. Bundan tashqari, kompaniya ijtimoiy loyihalarni ham amalga oshirib kelmoqda.

Gazlashtirishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

«Gazprom Qirg‘iziston» kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Arzimat Aldayarovning so‘zlariga ko‘ra, gazlashtirish ishlariga iqtisodiy va infratuzilmaviy cheklovlar ta’sir ko‘rsatmoqda. Uning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonda gazga bo‘lgan talab o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, gazni tashib kelish imkoniyati hozircha cheklangan.

Qirg‘izistonda gaz iste’moli 2014 yilda 210 million kub metrni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich 540 million kub metrga yetgan. Yangi aholi punktlarini ommaviy gazlashtirish ishlari 2028 yildan oldin yakunlanmasligi mumkin, chunki amaldagi gaz infratuzilmasi quvvati yangi iste’molchilarni qo‘shish uchun yetarli emas.

«Qumtor» koni

«Qumtor» — Qirg‘izistondagi eng yirik va Markaziy Osiyodagi asosiy oltin konlaridan biri hisoblanadi. Uzoq yillar davomida ushbu ulkan kon Kanadaning «Centerra Gold» investor kompaniyasi tomonidan boshqarib kelingan. Biroq 2021 yilda Sadir Japarov hokimiyatga kelgach, ekologik va iqtisodiy qoidabuzarliklarni vaj qilib, kon faoliyatini davlat nazoratiga oldi.

Uzoq davom etgan xalqaro sudlashuvlar va murakkab muzokaralardan so‘ng, 2022 yilda Qirg‘iziston hukumati konni to‘liq milliylashtirishga erishdi va u yuz foiz davlat mulkiga aylandi.

Teglar

Mavzuga oid