Logo

Xorijda ishlash xarajatlari uchun 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi

Bugun 12:052 daqiqa

Ajratilgan mablag‘lar xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarning viza, yo‘l chiptasi, imtihon va sug‘urta xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilmoqda.

Xorijda ishlash xarajatlari uchun 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonliklarga xorijda ishlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Mablag‘lar xorijga tashkillashtirilgan tartibda ishga ketayotgan fuqarolarning ishchi vizasi, yo‘l chiptasi, til yoki kasb imtihonlari hamda hayot va sog‘liq sug‘urtasi xarajatlarining bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan.

Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hisobot davrida ishchi vizasini rasmiylashtirish bilan bog‘liq 4 103 ta holat uchun 7 mlrd 715 mln so‘m kompensatsiya to‘langan.

Shuningdek, xorijga ishlash uchun ketayotgan 3 981 nafar fuqaroning yo‘l chiptasi xarajatlarini qoplashga 3 mlrd 264 mln so‘m ajratilgan.

Til yoki kasb imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq 30 ta holat uchun 34,9 mln so‘m, 4 523 nafar fuqaroning hayot va sog‘liq sug‘urtasi xarajatlarini qoplash uchun esa 1 mlrd 244 mln so‘m yo‘naltirilgan.

Kompensatsiya olish tartibi

Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan va mehnat migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarga subsidiya, kompensatsiya hamda kreditlar ajratish tartibi hukumatning 2025-yil 22-apreldagi qarori bilan belgilangan.

Unga ko‘ra, fuqarolar kompensatsiya yoki subsidiya olish uchun «Xorijda ish» dasturiy majmuasi orqali elektron shaklda yoxud bevosita Migratsiya agentligiga murojaat qilishi mumkin.

Bunda arizaga tegishli tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinishi kerak.

Kelib tushgan ariza agentlik tomonidan uch ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Qabul qilingan qaror haqida ariza beruvchiga «Xorijda ish» dasturiy majmuasidagi shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuboriladi.

Ariza ma’qullangan taqdirda kompensatsiya Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Pul fuqaro xorijda ishga joylashganidan keyin bir oydan kechiktirmay, arizada ko‘rsatilgan bank plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Bu haqda ham fuqaroga dasturiy majmua orqali xabar beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq fuqarolarni chet elga ishga yuborish to‘liq xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

Xorijda ishlash xarajatlari uchun 12,3 mlrd so‘m kompensatsiya ajratildi | Vaqt.uz