Logo

Ayrim mikromoliya tashkilotlarida kreditlarning 69 foizi muammoli — Markaziy bank

Bugun 19:503 daqiqa

O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlarining jami kredit qoldig‘i bir oyda 18,64 trln so‘mdan 20,1 trln so‘mga yetdi. Shu davrda muammoli kreditlar ulushi 2,7 foizga oshgan. Ammo ayrim tashkilotlarda bu ko‘rsatkich 69 foizgacha yetgan.

Ayrim mikromoliya tashkilotlarida kreditlarning 69 foizi muammoli — Markaziy bank © Foto: Sputnik

Joriy yilning 1-oktabr holatiga O‘zbekistonda 142 ta mikromoliya tashkilotlarining jami aktivlari 21,75 trln so‘mga yetgan. 2025-yilning mos davrida ko‘rsatkich 9,9 trln so‘m bo‘lgan, ya’ni aktivlar 119,7 foizga oshgan. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Aktivlarning asosiy qismi, ya’ni 90 foizi kreditlar va mikrolizing hissasiga to‘g‘ri keladi. Ularning sof hajmi 19,47 trln so‘m bo‘lib, jami aktivlarning 89,5 foizini tashkil qilgan. Bir yil avval bu ulush 90,4 foiz edi.

Aktivlarning asosiy qismi yirik MMTlar hissasiga to‘g‘ri keladi

2026-yil 1-oktabr holatiga aktivlari 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan 86 ta tashkilotning jami aktivlari 21,54 trln so‘mga yetgan. Bu barcha MMTlar aktivlarining qariyb 99 foiziga teng. Qolgan 56 ta tashkilotning jami aktivlari esa 216,1 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

1

Aktivlar hajmi bo‘yicha birinchi o‘rinda TEZCOIN turibdi. Uning jami aktivlari 8,05 trln so‘m. Bu mikromoliya tashkilotlari umumiy aktivlarining qariyb 37 foiziga teng. Quyida aktivlari hajmi bo‘yicha eng yirik MMT keltirilgan:

2

Ro‘yxatdagi tashkilotlar orasida eng yirik aktivga ega TEZCOIN aktivlari ikkinchi o‘rindagi SHAFFOF-MOLIYA qiymatidan qariyb 4,8 barobar yuqori. Qolganlarida esa aktivlar hajmi 346,8 mlrd so‘mdan 1,5 trln so‘mgacha bo‘lgan.

MMTlar majburiyatlari 17,3 trln so‘mga yetdi

Mikromoliya tashkilotlarining jami majburiyatlari 2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra 17,27 trln so‘mga yetgan. Bir yil avval qiymat 6,93 trln so‘m edi, ya’ni majburiyatlar qariyb 2,5 barobar oshgan. Aktivlar esa shu davrda 2,2 barobar o‘sgan.

Majburiyatlarning asosiy qismi kreditlar, qarzlar va lizing bo‘yicha to‘lovlarga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishdagi majburiyatlar 13,72 trln so‘m bo‘lib, jami majburiyatlarning 79,5 foizini tashkil etgan. Bir yil avval ular 5,84 trln so‘mga teng edi.

Boshqa majburiyatlar 2,94 trln so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan 3,3 barobar ko‘paygan. Hisoblangan foiz to‘lovlari bo‘yicha majburiyatlar esa 556,2 mlrd so‘m bo‘lgan.

Tashkilotlar kapitalida foyda ulushi ortmoqda

Mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali 4,49 trln so‘mga yetgan. Bir yil avval u 2,97 trln so‘m edi, ya’ni kapital qariyb 1,5 barobar o‘sgan.

Kapital tarkibida ustav kapitali hamon eng katta ulushga ega. Uning hajmi 2,18 trln so‘m bo‘lib, jami kapitalning 48,6 foizidir. Biroq bir yil avval bu ulush 57 foiz atrofida edi. Buning o‘rniga foyda hisobidan shakllangan mablag‘lar ulushi ortgan.

Joriy yil foydasi 1,13 trln so‘mga, taqsimlanmagan foyda esa 1,02 trln so‘mga yetgan. Ikkalasi birgalikda jami kapitalning 47,8 foizini tashkil etadi. O‘tgan yilga nisbatan ularning har biri qariyb 1,9 barobar ko‘paygan.

Kapital hajmi bo‘yicha tashkilotlar o‘rtasida tafovut katta. 142 ta MMTning 49 tasida kapital 10 mlrd so‘mdan oshgan va bu tashkilotlar jami kapitalning 92,1 foizini jamlagan.

MMTlarda muammoli kreditlar ulushi 2,7 foiz

2026-yil 1-oktabr holatiga jami kredit portfeli 20,1 trln so‘mni tashkil etgan. Shundan 533,7 mlrd so‘mi yoki 2,7 foizi muammoli kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Bir oy avval, ya’ni 2026-yil 1-sentabr holatiga mikromoliya tashkilotlarining jami kredit portfeli 18,64 trln so‘mni, muammoli kreditlar esa 455,8 mlrd so‘m edi. O‘tgan bir oy ichida kredit portfeli 1,46 trln so‘mga, muammoli kreditlar hajmi esa 77,9 mlrd so‘mga oshgan. Natijada muammoli kreditlar ulushi 2,4 foizdan 2,7 foizga ko‘tarilgan.

Ayrim tashkilotlarda esa bu ulush 50 foizdan ham yuqori. Xususan, SILVER FINANCE’da 69,1 foiz, YANGI FINANCE’da 62,9 foiz, NAYUTA’da 58,9 foizni tashkil qilgan.

Jadvaldagi tashkilotlar orasida muammoli kreditlar summasi eng yuqori bo‘lgani YANGI FINANCE hisoblanadi. Uning 56,6 mlrd so‘mlik kredit portfelidan 35,6 mlrd so‘mi muammoli kreditlar. Boshqa tashkilotlarda esa muammoli kreditlar ulushi yuqori bo‘lsa-da, ularning summasi 1 mlrd so‘mga ham yetmaydi.

Yirik tashkilotlarda bu ulush nisbatan pastroq. Jumladan, KORONA’da 5,7 foiz, OLTIN YULDUZ PLUS’da 5,6 foiz, SHAFFOF-MOLIYA’da 4,1 foiz, TEZCOIN’da 1,6 foiz va TBC CREDIT’da 0,8 foizni tashkil etgan.

3

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mikromoliya tashkilotlarining aktivlari 20,8 trln so‘m, kredit portfeli esa 18,64 trln so‘mga yetgani haqida yozgan edik. O‘shanda muammoli kreditlar ulushi 2,4 foizni tashkil etgandi.

Teglar

Mavzuga oid