O‘zbekistonda dronlar uchun yagona raqamli tizim joriy etilishi mumkin
Yangi tizim uchuvchisiz apparatlarni ro‘yxatga olish, parvozlarni muvofiqlashtirish va xavfsizlikni nazorat qilishni qamrab oladi. Soha uchun kadrlar ham tayyorlanadi.
© Ijtimoiy tarmoqlarShavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish va sohani tartibga solish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Taqdimotda dronlarni hisobga olish, ularning parvozlarini muvofiqlashtirish va foydalanish qoidalarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbariga uchuvchisiz uchish apparatlari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradigan yagona raqamli axborot tizimini yaratish taklif qilindi. Ushbu tizim orqali dronlarni ro‘yxatga olish va ularning harakatini nazorat qilish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, dronlar uchun maxsus parvoz hududlarini belgilash, ulardan foydalanish tartibini joriy etish, sug‘urtalash va yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi qoidalar parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlashga ham qaratilgan.
Dronlar bozori o‘smoqda
Taqdimotda uchuvchisiz aviatsiyaning iqtisodiyot uchun imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligida dronlardan ekin maydonlarini kuzatish va ularga ishlov berishda foydalanish mumkin.
Sanoat korxonalarida ular ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilmani nazorat qilishga xizmat qiladi. Shaharlarda esa monitoring o‘tkazish va yo‘l harakatini tashkil etishda qo‘llanishi mumkin.
Baholashlarga ko‘ra, jahon dron bozori yiliga 10–15 foizga o‘smoqda. Taqdimotda qayd etilishicha, bu texnologiyalarni joriy etish iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirish va malakali mutaxassislarga talabni oshirish imkonini beradi.
Mutaxassislar tayyorlanadi
Uchuvchisiz aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash ham rejalashtirilmoqda. Xususan, 2027–2028-o‘quv yilidan Toshkent davlat transport universitetida dronlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash boshlanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, dron operatorlarini o‘qitish bo‘yicha innovatsion ekotizimni rivojlantirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan bog‘lash va yangi aviatsiya texnologiyalariga qiziqishni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Mirziyoyev uchuvchisiz aviatsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqishni topshirdi. Ular iqtisodiyotda dronlardan foydalanishni kengaytirish, xususiy biznes va investitsiyalar uchun sharoit yaratish hamda mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning 15-oktabridan kelgusi yilning 15-martiga qadar Toshkent va unga tutash hududlardagi issiqxonalar faoliyati dronlar hamda zamonaviy kuzatuv vositalari yordamida uzluksiz ekologik monitoring qilinishi haqida xabar berilgandi.





