Logo

Davlat xaridlarida 10,2 trln so‘mlik qonunbuzarlik aniqlandi: Hisob palatasi hisobot e’lon qildi

Bugun 21:412 daqiqa

Qoidabuzarliklarning eng katta ulushi davlat korxonalari hamda transport sektori hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlat xaridlarida 10,2 trln so‘mlik qonunbuzarlik aniqlandi: Hisob palatasi hisobot e’lon qildi

2026 yilning yanvar—sentabr oylarida O‘zbekistonda davlat xaridlari sohasida qonunchilik talablari buzilishi bilan bog‘liq 18 788 ta holat aniqlandi. Hisob palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur noqonuniy xaridlarning umumiy qiymati 10,2 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, qoidabuzarliklarning eng katta ulushi davlat korxonalari hamda transport sektori hissasiga to‘g‘ri keladi.

Aniqlangan qonunbuzilishlarning eng ko‘p qismi bevosita davlat korxonalari faoliyatida qayd etilgan. Ushbu tashkilotlarda jami 3 913,6 milliard so‘mlik (umumiy miqdorning 38,5 foizi) xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Keyingi o‘rinlardagi asosiy soha va organlar ko‘rsatkichlari quyidagicha:

— Transport va avtomobil yo‘llari sohasi — 2 958,2 mlrd so‘m (29,1%). Shundan 1 823,2 mlrd so‘mi (18%) bevosita avtomobil yo‘llari tizimiga tegishli.
— Mahalliy davlat hokimiyati organlari — 699,7 mlrd so‘m (6,9%).
— Energetika sohasi — 540,9 mlrd so‘m.
— Ta’lim va ilm-fan — 384,3 mlrd so‘m.
— Ekologiya — 299,9 mlrd so‘m.
— Suv xo‘jaligi — 286,4 mlrd so‘m.

Shuningdek, qurilish (285,3 mlrd so‘m), tog‘-kon sanoati va geologiya (249,1 mlrd so‘m), sud organlari (247,6 mlrd so‘m) hamda sog‘liqni saqlash (191 mlrd so‘m) tizimlarida ham yirik miqdordagi qonunbuzilishlar aniqlangan. Eng kam miqdordagi qoidabuzarliklar sport (34,1 mlrd so‘m) va madaniyat (16,4 mlrd so‘m) sohalariga to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilgan holatlarga huquqiy baho berish maqsadida jami 4,8 trillion so‘mlik xaridlarga oid hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

Xususan, davlat korxonalari bo‘yicha 3 913,6 mlrd so‘mlik, ta’lim va ilm-fan sohasi bo‘yicha 384,3 mlrd so‘mlik materiallar tergov organlariga yuborilgan. Shuningdek, huquq-tartibot idoralariga berilgan materiallar orasida Navoiy viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi (156,5 mlrd so‘m), Andijon viloyatining xuddi shu xizmati (125,9 mlrd so‘m), sud organlari (16,5 mlrd so‘m) hamda Farg‘ona viloyati hokimligiga (9,98 mlrd so‘m) oid hujjatlar ham mavjud.

Bundan tashqari, Hisob palatasi bayonotida ta’kidlanishicha, transport, suv xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida aniqlangan qonunbuzilish holatlari ortidan bir qator mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llanilgan (222,3 mlrd so‘mlik holatlar bo‘yicha).

Teglar

Mavzuga oid