add

2024 yil — Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng ko‘p urush qayd etilgan yil

12.06.2025 | 20:4039565

2024 yilda dunyo bo‘ylab 61 ta qurolli to‘qnashuv ro‘y berdi va bu Ikkinchi jahon urushidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Asosiy qurbonlar tinch aholi bo‘ldi.

2024 yil — Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng ko‘p urush qayd etilgan yil
Norvegiyaning Oslo Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2024 yil dunyo bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar soni bo‘yicha eng yuqori darajaga yetgan yil sifatida tarixda qoldi. Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yili 36 davlatda jami 61 ta qurolli mojaro qayd etilgan. Bu mojarolardan 11 tasi to‘liq urushga aylangan va har birida kamida ming kishi halok bo‘lgan. PRIO ma’lumotlariga ko‘ra, ikki asosiy urush — Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro hamda Isroilning G‘azoga qarshi harakatlari — global zo‘ravonlikda yetakchi rol o‘ynadi. Rossiya-Ukraina urushida taxminan 76 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, G‘azodagi janglarda tinch aholiga mansub 26 ming qurbon qayd etilgan, ularning ko‘pchiligi ayollar va bolalardan iborat. 2023 va 2024 yillarda qurolli to‘qnashuvlar natijasida 129 ming kishi halok bo‘lgani qayd etilgan. Bu so‘nggi 30 yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori hisoblanadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlardan eng ko‘p jabr ko‘rgan hudud — Afrika. 2024 yilda qit’aning 28 ta davlatida ichki qurolli mojarolar kuzatilgan va bu o‘n yil oldingi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. Afrikadan so‘nggi o‘rinda 17 mojaro bilan Osiyo, 10 mojaro bilan Yaqin Sharq, 3 mojaro bilan Yevropa va 2 mojaro bilan Amerika qit’asi qayd etilgan. Shu bilan birga, turli mahalliy guruhlar va to‘dalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar soni 2023 yildagi 80 tadan 2024 yilda 74 taga kamaygan. PRIO direktori Siri Aas Rustadning ta’kidlashicha, bugungi dunyo o‘n yil avvalga nisbatan ancha zo‘ravon va noaniq. U izolyatsiya siyosatini davom ettirish insoniyat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkinligi haqida xavotirlar kuchaymoqda. AQSH prezidentining so‘zlaridan so‘ng Pentagon Yaqin Sharqdagi ba’zi hududlardan diplomatik missiyalarni evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.

Teglar

Mavzuga oid