add

2026 yilda Markaziy Osiyo davlatlari suvni qanday taqsimlab oladi?

Kecha 11:555042 daqiqa

Markaziy Osiyo davlatlari kelasi yilda suv resurslaridan foydalanish tartibini kelishib, mintaqadagi suv tanqisligi sharoitida adolatli taqsimotni ta’minlashga kelishib oldi.

2026 yilda Markaziy Osiyo davlatlari suvni qanday taqsimlab oladi?

Ashxobodda o‘tgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 91-yig‘ilishida Markaziy Osiyo davlatlarining suv xo‘jaligi vazirlari bilan birgalikda Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha 2025–2026 yilgi vegetatsiyalar orasidagi davr uchun suv olish limitlari belgilandi.

Amudaryoda 2025 yil oktabrdan 2026 yil oktabrgacha umumiy limit 55,4 mlrd kub metr etib belgilanib, shundan 15,9 mlrd kub metri sovuq mavsumga to‘g‘ri keladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, Tojikistonga 9,8 mlrd kub metr, Turkmaniston va O‘zbekistonga esa 22 mlrd kub metrdan suv ajratiladi. Shuningdek, 44 mlrd kub metr suv Turkmanistondagi Kerki gidroposti orqali dehqonchilik uchun zarur bo‘lgan quyi oqimni ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Orol dengizi va Amudaryo deltasi uchun alohida 4,2 mlrd kub metr suv ajratilgan bo‘lib, uning yarmi qish va erta bahorda yetkazib beriladi. Doshhovuz, Xorazm va Qoraqalpog‘iston irrigatsiya tizimlari uchun sanitariya-ekologiya maqsadlarida yana 800 mln kub metr suv ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu qaror Orolbo‘yi aholisi va ekotizimini saqlashda muhim ahamiyatga ega.

Sirdaryo bo‘yicha vegetatsiya davrida umumiy limit 4,219 mlrd kub metrni tashkil etadi. Qozog‘iston “Do‘stlik” kanali orqali 460 mln kub metr, Qirg‘iziston 47 mln, Tojikiston 365 mln kub metr suv oladi. Asosiy ulush O‘zbekistonga tegishli bo‘lib, mamlakat 3,347 mlrd kub metr suv olishi belgilab qo‘yildi. Bu ko‘rsatkichlar suv omborlaridagi zaxiralar, kutilgan oqim va daryoda ekologik minimalni saqlash zaruratidan kelib chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aynan shu yig‘ilishda O‘zbekiston qishda Qirg‘izistonga elektr yetkazib berishni boshlashi haqida xabar berilgan edi. To‘xtag‘ul suv omborida suv to‘plash uchun Qirg‘iziston qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytiradi. O‘zbekiston va Qozog‘iston esa kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib beradi.

Teglar

Mavzuga oid