add

2026 yildan har yili «yashil maydon»lar barpo etish uchun 150 mlrd so‘m ajratiladi

02.12.2025 | 14:551791 daqiqa

Prezident Mirziyoyev huzuridagi yig‘ilishda havo sifati, chiqindilarni qayta ishlash va poligonlarni ekologik xavfsiz hududga aylantirish bo‘yicha yangi talab va moliyaviy choralar belgilandi.

2026 yildan har yili «yashil maydon»lar barpo etish uchun 150 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ekologik barqarorlik, ayniqsa, chiqindilarni qayta ishlash, havoni ifloslanishdan himoya qilish hamda qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. 2026 yildan boshlab ushbu yo‘nalishlarga respublika byudjeti hisobidan har yili kamida 150 milliard so‘m ajratib borilishini belgilandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oxirgi yillarda 47 ta poligon yopilib rekultivatsiya qilingan va 243 gektar yer tabiatga qaytarilgan. Biroq ishlab turgan 132 ta poligonning aksariyatida himoya devorlari, «yashil belbog‘» va ekologik xavfsizlik infratuzilmasi yo‘qligi jiddiy muammo sifatida ta’kidlandi. 2030 yilgacha maishiy chiqindi poligonlarini 50 foizga qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

«Bu atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti va aholi e’tirozlariga sabab bo‘lyapti. Shu bois, maishiy chiqindi poligonlarini ekologik xavfsiz hududga aylantirish zarur. Birinchi navbatda, odamlarning sohadan roziligiga erishishimiz kerak. Bu masalaga faqat chiqindini boshqarish emas, balki sanoat, energetika, ekologik madaniyat bilan uzviy bog‘liq yo‘nalish sifatida yondashish lozim», – deydi Mirziyoyev.

Shu bilan birga, yig‘ilishda rekultivatsiya qilingan maydonlarda «yashil maydon»lar barpo etish va yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish vazifasi qo‘yildi. Mavjud poligonlar atrofida daraxt ekish ishlari yarmi bahorda, yarmi kuzda yakunlanishi kerakligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun OIIB'dan 500 mln dollar qarz olishi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid