
2026 yildan muddati o‘tgan tovarlarni sotish taqiqlanadi
08.10.2025 | 17:5036013
«Asl Belgisi» tizimi orqali muddati tugagan mahsulotlar avtomatik ravishda sotuvdan chiqariladi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi huzuridagi huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab mamlakatda sotilayotgan tovarlarning yaroqlilik muddati raqamli markerovka orqali qat’iy nazoratga olinadi. Agar mahsulotning muddati tugagan bo‘lsa, uning sotilishi «Asl Belgisi» axborot tizimi tomonidan avtomatik ravishda cheklanadi.
Shuningdek, cavdo nuqtalarda tovar shtrix-kodi skaner qilinganda, agar mahsulotning muddati o‘tgan bo‘lsa, kassa apparati chek chiqarmaydi va sotuv amalga oshmaydi. Bu orqali bozorda sifatsiz yoki xavfli mahsulotlarning tarqalishi oldi olinishi kutilmoqda.
2025 yil 15 oktyabrdan 2027 yil 1 yanvarigacha nodavlat notijorat tashkilotlarni iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jarayonlariga jalb etish bo‘yicha tajriba sinovi o‘tkaziladi. Ularga nazorat xaridlari amalga oshirish va do‘konlarga «maxfiy xaridor» yuborish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, iste’molchilarning murojaatlarini samarali ko‘rib chiqish maqsadida «iste’molchi — tadbirkor — nodavlat notijorat tashkiloti — davlat organlari» zanjiri asosida yangi tizim yaratiladi. Ushbu tizimni joriy etish 2024 yil 1 dekabrdan boshlanishi rejalashtirilgan.
Mazkur choralar mamlakatda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, fuqarolarning xavfsiz mahsulot iste’mol qilish huquqini ta’minlash va bozorda shaffoflikni oshirishga xizmat qiladi.





