add

2027 yildan uy-joy oldi-sotdisi onlayn tarzda tasdiqlanadi

11.09.2025 | 20:2243573

O‘zbekistonda notarius sohasi bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, videoaloqa orqali 10 dan ortiq turdagi hujjatlarni notarial tasdiqlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

2027 yildan uy-joy oldi-sotdisi onlayn tarzda tasdiqlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 9 sentyabrdagi qaroriga ko‘ra, 2027 yil mart oyidan boshlab uy-joyni sotib olish yoki hadya qilish shartnomalari, shuningdek, ayrim boshqa huquqiy bitimlar videoaloqa orqali notarius tomonidan rasmiylashtiriladi. Qarorga asosan, 2026 yildan pasport yoki ID-karta o‘rniga shaxsni Face-ID yoki barmoq izi orqali tasdiqlash tizimi joriy etiladi. Dekabr oyidan esa ishonchnomalarni onlayn bekor qilish hamda ijro hujjatlarini elektron tarzda rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi. 2026 yil iyundan nikoh shartnomasi va transport arendasi shartnomasi onlayn tasdiqlansa, dekabrdan meros va ipoteka shartnomalarini rasmiylashtirish imkoniyati ochiladi. 2027 yil sentyabridan esa ko‘chmas mulk almashinuvi, ijara shartnomalari va aliment to‘lovlari bo‘yicha kelishuvlar onlayn tasdiqlanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, 2026 yil mart oyida «E-Notarius» mobil ilovasi ishga tushirilishi, notariuslar tomonidan tuzilgan ijro hujjatlari elektron hujjat aylanmasiga avtomatik integratsiya qilinishi ko‘zda tutilgan. 2026 yil oxirigacha barcha notarial idoralar optovolokon internet bilan ta’minlanadi. Mahalliy kommunal xizmatlar bazalari bilan ham integratsiya yo‘lga qo‘yilib, uy-joy oldi-sotdisi shartnomasi tasdiqlanishi bilan mulkdor haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanishi belgilangan. Avvalroq 2026 yil 1 apreldan notarius lavozimida 70 yoshgacha ishlash mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

2027 yildan uy-joy oldi-sotdisi onlayn tarzda tasdiqlanadi | Vaqt.uz